www.ziyouz.com kutubxonasi
146
gaz plitasiga ham diqqat bilan qarab uchchala buragichning ochiq turganini ko‘rdi.
Samandar Omonulloning nazarini uqib, tezlik bilan izoh berdi:
— Men yuqoridan burab berkitdim. O‘zimning odatim shu: uydan chiqadigan bo‘lsam
albatta yuqorisini burab o‘chiraman, shunisi ishonchliroq bo‘ladi. Nafisaxonga
gapiraverib hech o‘rgatolmadim...
Chindan ham plita ulangan quvur belidagi buragich gaz yo‘lini to‘sgan edi. Bu
Omonullo uchun katta jumboq bo‘ldi: «Nafisa Boltaeva ochsa bitta buragich buralardi.
Bunda esa uchchalasi ochiq... Demak... to‘rtinchi odammi? Bu olim piqillab yig‘layotgani
bilan o‘z ishiga puxta bo‘lsa-chi? Aybsizligini isbotlovchi dalillarni pishitib qo‘ygandir
balki?..»
Shu jumboq to‘riga o‘ralayotgan damda Mels Xo‘jaev kirib keldi. Omonullo uni
Samandarga tanishtirdi. Samandar beixtiyor tarzda «tanishganimdan xursandman», deb
lutf qilib, qo‘l uzatdi. Faqat Mels Xo‘jaev emas, hatto Omonullo ham bunday tanishuvga
endi duch kelishi edi. Jinoyatga aloqadorlikka gumon qilina-yotgan odamning prokuror
bilan tanishgandan xursand-ligi bu soha odamlari uchun g‘alati tuyuluvchi hol edi.
Yolg‘on manziratdan uzoq bo‘lgan Samandar «tanishganidan xursandligini» chin dildan
aytgan edi. Zero, u prokuratura vakili bilan jinoyatga oid qidiruv inspektorining
vazifalarini aniq farqlay olmasdi. U olamga tatigulik olim martabasiga yetgani bilan
huquq sohasida deyarli hech narsa bilmasdi. Hozir maxsus vakil emas, prokuratura
bog‘boni yoki farroshi kelib siquvga olsa ham «menga savol berishga haqqingiz bormi?»
deb o‘tirmay javob qaytaraverishi mumkin edi.
Samandarni oshxonada qoldirib, Omonullo Mels Xo‘jaevni mehmonxonaga boshlab
o‘tdi-da, savol-javobning bayoni bilan tanishtirdi.
— Qo‘rqoqligi ayon, lekin qo‘rqoqning ham nayrangi bo‘ladi. Bu uyga begona
odamning yashirincha kirishi mumkinmi? Harbiy sir hisoblangan ish bilan mash-g‘ul
odamni narigi idora nega qo‘riqlamas ekan? Bir surishtirib ko‘rolmaysizmi?
— So‘rab-surishtirdim, — dedi Mels Xo‘jaev mag‘rur ohangda. — Faqat uning o‘zini
poylasharkan.
— Tushunmadim?
— Agar uyda bo‘lsa, uy atrofida bo‘lisharkan. Uyda yo‘qligida kuzatishmas ekan.
Tog‘da bo‘lgani uchun o‘sha kunlari qarashmabdi.
— Nima qildik? Hibsga olsak, jinoiy ish ochsak...
— Hozircha boshqarmadagi vaqtincha hibsxonaga tashlang. Boshqa idora aralashsa,
o‘zlari bilishadi. Bosh-qacha ehtiyot chorasini qo‘llash mumkin emas.
Samandarning gaplarini eshita turib «shahardan chiqmaslik haqida tilxat olib, uyida
qoldiraveraylik» degan fikr kelgan, ammo bu fikr zaif tuyulib, qaror darajasiga yetmagan
edi. Mels Xo‘jaevning gapidan so‘ng, «ma’qul» deb bosh irg‘adi.
Mels Xo‘jaev prokuraturada kutishayotganini aytib, iziga qaytgach, Omonullo deraza
yoniga borib ko‘chaga qaradi. Uning o‘yga tolganini ko‘rib, Samandar «mening ishim
bitdi shekilli, bu jinoyatga aloqam yo‘qligiga ishondi», degan xulosaga kelib:
— Endi ketaveraymi? — deb so‘radi.
Bu savoldan Omonullo ajablandi. «Esi joyidami bu odamning?» deb o‘ylab unga tikilib
qoldi.
— Qayoqqa ketmoqchisiz?
— Toqqa... u yerda kutishyapti.
— Kutishyapti?.. Kuta turishadi.
— Bu nima deganingiz? — ko‘ngli yomonlikni sezgan Samandarning ovozi titradi.
— Siz... masala oydinlashgunicha bizning... — Omonullo «hibsxonada o‘tira turasiz»,
demoqchi bo‘ldi-yu, fikridan qaytib yumshoqroq ohangga ko‘chdi: — mehmonimizsiz...
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |