Kalsit – CaCO3. Tarkibida CaO – 56 %, CO2 – 44 %. Aralashma holda Mg, Fe, Mn – 8 %gacha, kamroq – Zn – 2% gacha, Sr va boshqalar bo‘ladi. Kalsit – trigonal singoniyali, qattiqligi – 3, solishtirma og‘irligi – 2,8, ulanish tekisligi mukammal, ancha mo‘rt mineral. Uning yaxshi kristallari mavjud, kalsitning shakli o‘ziga xos belgi bo‘lib, hosil bo‘lish sharoitiga bog‘liq (33-rasm).
33-rasm. Kalsit.
Toza, shaffof kalsit «island shpati» deyiladi. U rangsiz nurni ikkilantirib sindirish ko‘rsatkichi nihoyatda yuqori. Tabiatda magmatik kalsit karbonatitlarda dayka va kichik shtoklar hosil qiladi. Magmatik kalsit ishqorli magmatik jinslarda va ularning turlarida ko‘proq uchraydi. Kalsit gidrotermal sharoitda ham paydo bo‘ladi va benihoya yirik kristallar hosil qiladi. Kalsitning qalin qatlamlari va yirik uyumlari biogen va xemogen usulda yuzaga keladi. Ular ohaktosh, mergel, bo‘r jinslari bilan birga bo‘ladi. Uning minerallari sement hamda optik (island shpati) asboblar tayyorlashda asosiy manba hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |