Sof holda uchraydigan minerallar
Mis – Cu. U kimyoviy jihatdan sof holda bo‘ladi, ba’zan tarkibida aralashma holda – Ag, Au va Fe uchraydi. Mis – tog‘ jinslarining darzlik va yoriqlarida ko‘pincha noto‘g‘ri shaklda dendritlar ba’zan plastinkachalar holida bo‘ladi. Ba’zi konlarda yirik, og‘irligi bir necha tonnaga teng bo‘lgan uyumlari (Amerikaning «Yuqori ko‘l» viloyatida) topilgan. Sof holdagi misning og‘irligi 1000 tonna atrofidagi bo‘lagi Rossiyaning Ekaterinburg viloyatidagi Gumejevskiy konida topilgan.
23-rasm. Misning kristall strukturalari
Misning rangi – qizil. Metall kabi yaltiroq, qattiqligi 2,5–3; yaxshi egiluvchanlik xususiyatiga ega. Sinishi ilgakli, ulanish tekisligi yo‘q. Solishtirma og‘irligi 8,5–8,9. U elektr tokini yaxshi o‘tkazadi. Ushbu xususiyatlari bilan boshqa minerallardan farqlanadi. Mis HNO3 kislotada oson eriydi, HCl da qiyinlik bilan erib, mis xlorni yuzaga keltiradi. Sof mis turli geologik jarayonlarda yuzaga keladi, ammo ko‘p miqdorda gidrotermal va ekzogen sharoitda paydo bo‘ladi.
Oltin – Au. Tabiatda oltin toza holda uchraydi – 98–99 %, ba’zan aralashmada 65–75 % atrofida. Oltin tarkibida kumush 30 %, mis esa 9,2 %; ba’zan 20 % bo‘lsa – «kuproaurit» deyiladi.
Oltinning kub singoniyadagi xili tabiatda kam tarqalgan. Ba’zan oktaedr, rombododekaedr qiyofasida uchraydi. Rangi – tilla sariq (kumushga boyi och sariq). Oltin odatda yaltiroq metall, qattiqligi 2,5–3. Oltin egiluvchan va cho‘ziluvchan bo‘ladi. U osonlik bilan pachoqlanib yupqa varaqchalarga aylanadi.
Tabiatda oltin mayda – dispers holda bo‘ladi. Oltinning bir oz qismi sulfid minerallarida pirit, xalkopirit va arsenopiritlarda joylashadi. Oltinning yirik kristallari mavjud, ammo kam uchraydi. Chilida sochma cho‘kindi jinslar oralarida 153 kg sof oltin topilgan. Avstraliyada (Uelsda) 93,5 kg, Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida (Mias) 36,0 kg og‘irlikdagi oltin topilgan. Oltin kislotalarda erimaydi (faqat KCN da eriydi).
O‘ta asos magmatik tog‘ jinslarida oltinning miqdori boshqa magmatik jinslarga nisbatan 10 barobar ko‘p (3 · 10–6 %) bo‘ladi, ammo oltinning aksariyat konlari nordon magmaning gidrotermal mahsulidan paydo bo‘ladi. Masalan, Zarmiton (Shimoliy Nurota) va Muruntov (Qizilqum) oltin konlari shu holda yuzaga kelgan. Oltin kvars tomirlarida va ba’zan shtokverk shakllarida sulfid minerallari, telluridlar, sheelitlar bilan birga uchraydi (24-rasm).
24-rasm. Sof oltin
Oltin konlari oltin – sulfid minerallarida o‘simta ravishda va kvars tomirlarida yuzaga keladi.
Gidrotermal jarayonlarda yuzaga kelgan sulfid-oltinli konlarning oksidlanish zonasida limonit, azurit, qo‘rg‘oshin, vismut, surma oxralari bilan birga assotsiatsiyada qayta yuzaga kelgan mahsulot sifatida uchraydi. Oltin asosan pul va valyuta sifatida hamda bezak ishlarida, zebi-ziynat buyumlarini tayyorlashda, meditsinada, fizik va kimyoviy asboblar tayyorlashda va boshqa ko‘plab maqsadlarda qo‘llaniladi.
Platina – Pt guruhi minerallari. Sof tug‘ma platina guruhiga mansub minerallar xilma-xil bo‘lib, ular platina, iridiy, osmiy, palladiy, rodiy va boshqalardir. Platina guruhi minerallari orasida poliksen va palladiyli platinalar yer po‘stida keng tarqalgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |