358-§. Minerallarni tekshirish usullari
Tabiiy kimyoviy birikmalar bo‘lmish minerallar tarkibini to‘liq va batafsil aniqlash kerak bo‘lgan holatda ko‘pincha quyidagi: rentgenometrik, termik, spektral, kimyoviy tahlil, luminessent taxlil, shlix taxlili, elektron mikroskopda tekshirish, eksperimental tadqiqotlar usullari qo‘llaniladi.
Rentgenometrik tahlil. 1895-yili nemis fizigi Rentgen ichiga ikkita elektrod kavsharlangan shisha naychadan havoni 10–5 mm simob ustuni bosimigacha haydab chiqarib, undan elektr toki o‘tkazilganda, elektrodlarda o‘ziga xos ko‘zga ko‘rinmaydigan nurlar chiqishini aniqlaydi. Bu nurlar keyinchalik «rentgen nurlari» deb ataldi. To‘lqin uzunligi 10–2–102 Ǻ bo‘lgan elektromagnit to‘lqinlar rentgen nurlari deyiladi. Rentgen nurlari turli asboblarda olinadi. Lekin ularning hammasida nur olish bir xil prinsipga, ya’ni qatorga yuqori kuchlanish berilganda o‘zidan elektronlar chiqarishi va bu elektronlar harakati yo‘nalishida joylashgan, qarama-qarshi qutblangan elektrodga urilishi natijasida antiqatordan juda katta tezlikda zarrachalar otilib chiqishiga asoslangan.
Tekshirilayotgan moddalarning kristall yoki amorf holatdaligini va ularning tuzilishini rentgen nurlari minerallarning kristall panjarasiga tushirilganda struktura elementlari bilan ta’sirlanishi natijasida hosil bo‘ladigan difraktsion manzara yordamida aniqlash mumkin.
Kristall holatdagi har qanday modda aynan shu modda uchun mos bo‘lgan strukturaga ega bo‘lib, undagi ionlar (atomlar) o‘ziga xos tartibda joylashadi. Ma’lumki, ba’zi minerallarning kimyoviy tarkibi bir xil bo‘ladi. Masalan, rutil-brukit-anataz, kvars-tridimit-kristabolit yoki kalsit-aragonit minerallarning kimyoviy tarkibi o‘xshash, lekin ular strukturasini tashkil qilgan zarrachalarning bir-biriga nisbatan turlicha joylashganligi bu moddalar strukturasidagi va boshqa xossalaridagi farqni keltirib chiqaradi. Ikkinchi tomondan, kimyoviy tarkibi bir-biridan boshqacha bo‘lgan bir qancha minerallar, masalan, flyuorit, uraninit, tserianit, tarianit va boshqalarga kation va anionlarning joylashishi o‘xshash bo‘ladi. Bu moddalarning strukturaviy parametrlari kimyoviy tarkibiga bog‘liq ravishda bir-biridan farq qiladi. Kristall panjara tekisliklari orasidagi masofaning qiymati minerallar strukturasi haqida ancha aniq ma’lumot beradi. Chunki u ion va atomlar joylashishi davriyligi bilan bog‘liq. Atomlar tekisliklari esa atomlarning fazoviy panjarada koordinata o‘qlariga nisbatan joylashishiga bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |