www.ziyouz.com kutubxonasi
85
bormoqda edi. Ona idishlarni yuvar ekan, Lafarj o‘g‘li tomon engashdi-da, asta so‘radi:
— Hozir yoshing nechada, o‘g‘lim?
— Nahotki bilmasangiz, dada? O’n to‘rtdaman-da, albatta.
— Xo‘sh, o‘zing aslida kimsan? Sen Tom bo‘lishing mumkin emas, ammo kimdir bo‘lishing shart!
Kimsan?
— Keragi yo‘q. — Bolakay kayfi uchgancha qo‘llari bilan yuzini yashirdi.
— Sen mendan yashirma, — nasihatomuz dedi chol. — Men buni tushunaman. Sen marsliksan,
hoynahoy? Men bu yerda marsliklar haqida turli xil masallarni eshitganman, to‘g‘ri, gap nimada
ekanini hech kim bilmaydi. Ulardan juda kam odam qolgan bo‘lsa kerak, lekin ular oramizda paydo
bo‘lib qolsalar, yerliklar qiyofasida paydo bo‘ladilar. Mana sen, agar bundoq qarasa, go‘yo Tomsan,
lekin Tom emassan ham...
— Bu nega kerak, axir?! Men sizlarga nima yomonlik qildim? — qichqirdi bolakay yuzini kaftlari
bilan yashirgancha. — Iltimos, iltimos, mendan shubha qilmanglar!
U sakrab o‘rnidan turdi-da, stoldan uzoqlashdi.
— Tom, qayt!
Biroq bola kanal yoqalab shahar tomon chopib borardi.
— Qayoqqa ketdi u? — so‘radi Enn; u qolgan likopchalarni yig‘ishtirib olgani kelgan edi.
U erining yuziga qaradi.
— Bir narsa deb qo‘rqitib yubordingmi uni?
— Enn, — dedi chol xotinining qo‘lidan tutib, — Enn, Grin-Lon-Park esingdadir, yarmarkani va
Tomning o‘pkasi shamollab og‘rib qolganini eslarsan?
— Nega bunday deyapsan? — ayol kuldi.
— Shundoq o‘zim, — sekin javob berdi chol.
Uzoqda kanal yoqalab chopib borayotgan Tomning oyoqlari ostidan ko‘tarilgan chang asta
cho‘kmoqda edi.
Kechqurun soat beshda kun botishda Tom qaytib keldi. U xavotir bilan otasiga qarab qo‘ydi.
— Tag‘in meni so‘roq qila boshladingizmi?
— Hech qanday savol yo‘q, — dedi Lafarj.
Bola oppoq tishlarini charaqlatib iljaydi.
— Mana bu boshqa gap.
— Qaerda eding?
— Shahar yonida. Bir qolib ketmoqchi ham bo‘ldim. Sal bo‘lmasa meni... — u kerakli so‘zni
topolmay chaynaldi. — Men sal bo‘lmasa tuzoqqa tushib qolayozdim.
— “Tuzoqqa” deganing nimasi?
— Anovi kanalning yoqasida kichikkina temir uy bor, shuning yonidan o‘tayotsam, meni sal
bo‘lmasa tutib qolishayozdi... shundan keyin men bu yerga, sizlarning oldingizga umuman
qaytolmasligim mumkin edi. Sizlarga qanday tushuntirishni ham bilmayman, so‘z topolmayapman,
qanday aytib berishni ham bilmayapman, nima bo‘lganini o‘zim tushunmayman, bu shunday qiziqki,
sizlarga gapirib bersam, deyman.
— Gapirib bermay qo‘yaqol. Yaxshisi, borib yuvin. Ovqat mahali bo‘ldi.
Bola yuvingani chopib ketdi.
O’n daqiqalardan keyin kanalning tinch sathida daroz va ozg‘in, sochlari qop-qora odam
eshayotgan eshkak zarblaridan ravon suzib kelayotgan bir qayiq ko‘rindi.
— Salom, Lafarj og‘ayni, — dedi u qayiqni to‘xtata turib.
— Salom, Saul, nima gaplar?
— Gapdan ko‘pi yo‘q. Nomlendni bilarsan — kanaldagi Jez saroychada yashaydi-ku, o‘sha.
Lafarj tosh qotib qoldi.
— Bilaman, nima edi?
— Uning qanaqa yaramas ekanligini ham bilarsan?
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |