Dekabr 2001
YaShIL TONG
Quyosh botganda u so‘qmoq yonida o‘tirdi-da, g‘aribgina ovqat tayyorladi; so‘ng paydar-pay
og‘ziga luqmalardan solgancha va o‘ychan kavshagancha olovning charsillashiga quloq soldi. Boshqa
o‘ttiz kunga o‘xshagan yana bir kun o‘tdi; erta tongdan ko‘plab shinam qazish, so‘ng ularga urug‘
qadash, tip-tiniq kanallardan suv tashib keltirish kerak. Hozir, charchoqdan o‘zini qo‘rg‘oshindek og‘ir
his qilgancha u osmonga qarab yotardi, osmon esa rangini o‘zgartirib, kech bo‘lganidan darak
bermoqda edi.
Uning ismi Benjamin Driskol edi, yoshi o‘ttiz birda. Uning niyati bitta — qanday qilib bo‘lmasin,
Mars yam-yashil libosga burkansa, qalin bargli baland daraxtlarga qoplansa, iloji boricha ko‘proq havo
paydo bo‘lsa, kerak bo‘lsa yilning to‘rt faslida ham gurkirab tursa, diqqinafas yozda shaharlarning
havosini yangilasa, qishning izg‘irinli shamollarini to‘sib tursa. Daraxt nimalarga qodir emas... U
tabiatga rang beradi, soya tashlaydi, yerni mevalari bilan ma’mur qiladi. Yoki bolalar o‘yinlarining
saltanatiga aylanadi — sirpanish, o‘yinlar o‘ynash, qo‘lda osilib turish mumkin bo‘lgan butun bir
osmoniy olam desangiz-chi... U rizq va sevinch eltuvchi bahaybat inshoot; mana daraxtning qudrati!
Ammo eng avvalo daraxt — bu o‘pka uchun hayotbaxsh muzdek havo va yoqimli shitirlash manbai, u
tunda seni allalab, sehrli allalar aytadi, sen esa, qordek oppoq toza to‘shakda yotgancha miriqib
tinglaysan.
U yotar va quyoshni, hali-hamon darak bo‘lmagan yomg‘irlarni kutgancha bazo‘r bir joyga
to‘planayotgan qop-qora tuproqqa quloq solar edi... Qulog‘ini yerga qo‘yib u kelajak yillar guldurosini
eshitar va bugun qadalgan urug‘lar yashil kurtak chiqarib, nish urganini, osmonga o‘rlab
borayotganini, qator shoxlar yoyayotganini va butun Mars quyoshli o‘rmonga, chappor urgan boqqa
aylanayotganini yaqqol ko‘rib turardi.
Erta tongda mo‘‘jazgina bo‘zargan quyosh qator qirlar ortidan endi-endi suzib chiqqanda u o‘rnidan
turadi, bug‘i ko‘tarilib turgan nonushtani tez-tez tushiradi, o‘choqdagi qo‘rlarni tepib o‘chiradi, yuk
xaltasini ortmoqlaydi va yana joy tanlash, kavlash, urug‘ yoki ko‘chat qadash, avaylabgina yerni
bosib-bosib qo‘yish, sug‘orish va hushtak chalib ochiq osmonga qaragancha yana odimlab ketish
uchun yo‘lga tushadi, osmon esa... tush paytiga kelib osmon butunlay yorishib, tobora yorishib va
qizib boradi...
— Senga havo kerak, — dedi u gulxanga. Gulxan — barmog‘ini hazillashib tishlab oladigan yuzi
qizil jonli o‘rtog‘ing, salqin tunlarda esa, do‘stona iliqlik bilan uyquli pushti ko‘zlarini qisib qaragancha
yonginangda mudroq bosib yotadi... — hammamizga havo kerak. Bu yerda, Marsda havo tansiq. Sal
narsaga charchaysan. Xuddi janubiy Amerikadagi And tog‘laridagidek. Havoni yutasan-u, hech nima
sezmaysan, sira havoga to‘ymaysan.
U ko‘krak qafasini turtib qo‘ydi. O’ttiz kunda rosa kengayib ketibdi-ku! Ha, bu yerda ko‘proq havo
yutish uchun o‘pkani chiniqtirish kerak. Yoki ko‘proq daraxt ekish kerak.
— Nima uchun bu yerdaligimni anglagandirsan? — dedi u. Olov tilini cho‘zib qo‘ydi. — Maktabda
bizga Jonni Olma Urug‘i haqida hikoya qilib bergandi. U Amerika bo‘ylab yurib, olma daraxti ekar
ekan. Mening ishim esa undan ko‘ra muhimroq. Men dublar, qayrag‘ochlar va klyonlar ekaman, yana
terak, kashtan va kedrlar ham. Men faqat oshqozon uchun meva qilmayman, balki o‘pka uchun havo
yasayman. O’zing o‘ylab ko‘r-a, bu daraxtlar oxiri o‘sib-o‘sib, ularda qancha qislorod ishlab
chiqarilmaydi deysan!
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |