www.ziyouz.com kutubxonasi
51
ko‘kragini ko‘rsatib turgan oraliqqa oldi.
G’azabdan o‘kirgancha Parkxill oldinga otilib chiqdi.
— Yo‘q, Parkxill, — dedi kapitan. — Sizning bunday qilishingizga men yo‘l qo‘yolmayman, boshqa
birovga ham. Ichingizdan hech biringizga. Men o‘zim.
U to‘pponchasini ko‘tarib nishonga ola boshladi.
“Bundan keyin mening vijdonim sof bo‘larmikan? — so‘radi o‘zidan kapitan. — Buni o‘z zimmamga
olib, to‘g‘ri qilayapmanmi? Ha, to‘g‘ri. Bilaman. Nima qilayotganimni va nima uchun qilayotganimni
bilaman. Nima qilsam, hammasi to‘g‘ri, axir buni men qilishim kerakligiga imonim komil-ku. Bu
qarorimni bir umr oqlab o‘tishimga umid ham qilaman va ishonaman”.
U Spenderga boshini irg‘ab qo‘ydi.
— Ketdik! — qichqirdi u shivirlab; tabiiyki buni o‘zidan boshqa hech kim eshitmadi. — Yana o‘ttiz
soniya muhlat beraman senga, o‘ttiz soniya.
Bilagidagi soat chiq-chiq qilar edi. Kapitan milning yugurishini kuzatdi. Uning odamlari chopib
oldinga harakat qilishdi. Spender joyidan qimir etmas edi. Soat uzoq va juda qattiq, to‘g‘ri
kapitanning qulog‘iga chiqillar edi.
— Ket, Spender, tezroq ket!
O’ttiz soniya o‘tib ketdi.
To‘pponcha hamon nishonda edi. Kapitan chuqur xo‘rsindi.
— Spender, — dedi u uf tortib.
U tepkini bosdi.
Quyosh nurida tosh uzra ixchamgina chang bulutchasi paydo bo‘ldi — bor-yo‘g‘i shu! O’q ovozi aks
sado berib yangradi-yu, darrov tindi.
Kapitan o‘rnidan turdi-da, odamlarga qarab qichqirdi:
— U o‘ldi.
Ular ishonishmadi. Ular turgan joyidan xarsanglar o‘rtasidagi ochiq tirqish ko‘rinmasdi. Ular
kapitanning yonbag‘irdan yuqoriga qarab bir o‘zi chopib borayotganini ko‘rib turishardi va u yo juda
botir, yoki aqldan ozgan degan qarorga kelishdi.
Bir necha daqiqa o‘tgandan keyingina ular kapitanning ketidan chopishdi. Ular jasad atrofiga
to‘planishdi, shunda kimdir so‘radi:
— Yuragidan otibdimi?
Kapitan ko‘zini yerga oldi.
— Yuragidan, — dedi u. U Spenderning jasadi ostidagi tosh rangi o‘zgarayotganini payqadi. — U
nega kutib turganini bilmoqchiman. U o‘zi o‘ylagandek nima uchun ketmaganini bilmoqchiman. U
nega uni o‘ldirishlarini kutib turganini bilmoqchiman.
— Kim biladi? — dedi kimdir.
Spender esa ularning oldida yotardi, uning bir qo‘li to‘pponchani qisib olgan, ikkinchi qo‘lida esa
quyoshda charaqlab turgan kumush kitob bor edi.
“Balki bularning barchasi men tufaylidir? — so‘radi kapitan. — Ularga qo‘shilishni rad etgani
uchundir? Balki meni o‘ldirishga Spenderning qo‘li bormagandir? Kim bilsin, men ulardan nimam
bilandir farq qilaman. Balki, hamma gap shundadir. U, ehtimol, menga ishonsa bo‘ladi, deb
o‘ylagandir. Yoki boshqa javob ham bormi?”
Boshqa javob yo‘q edi. U jasad oldida cho‘nqayib o‘tirib oldi.
“Men buni o‘zimning hayotim bilan oqlashim kerak. Endi men uni alday olmayman. Bordi-yu, u
men nimam bilandir unga o‘xshaganim uchun meni o‘ldirmagan bo‘lsa, unda men juda ko‘p ishlar
qilishim kerak bo‘ladi! Ha, ha, albatta, shunday bo‘ladi. Men — o‘sha Spenderman, u mening
vujudimda yashab qoladi, o‘q uzishdan oldin faqat men o‘ylayman. Men umuman o‘q uzmayman,
o‘ldirmayman. Men odamlarni boshqaraman. U meni o‘zidan, faqat boshqa sharoitlarda ko‘rgani
uchungina meni o‘ldira olmas edi.”
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |