Aprel 2026
UZOQ YILLAR
Shunaqa bo‘lib qoldi: Osmonda shamol esa boshlaganda, u va uning uncha katta bo‘lmagan oilasi
o‘zlarining tosh kulbalarida o‘tirib olar edilar va yonayotgan tarashalarda qo‘llarini isitardilar. Shamol
kanallar yuzini mavjlantirar, sal bo‘lmasa, osmondagi yulduzlarni uchirib yuborardi, mister Xeteuey
esa, bu shinamlikdan mazza qilib o‘tirardi va xotiniga nimalarnidir gapirardi, xotini ham unga javob
berar va u ikkala qizi va o‘g‘liga Yerdagi o‘tgan-ketgan narsalari haqida hikoya qilar edi. Bolalar esa
otalarining so‘zlarini o‘zlaricha tushunar edilar.
Katta urushdan keyin yigirma yil o‘tgandi. Mars ulkan qabristonga o‘xshardi. Yer-chi? Unga nima
bo‘ldi? Uzoq Mars tunlarida Xeteuey va oilasi ko‘pincha shu haqda mulohaza yuritishardi. Bu tunda
quturgan Mars chang-bo‘roni qadimgi shahar ko‘chalaridan uvillagancha va qumga botib ketayotgan
yangi plastik devorlarni uchirgancha Mars qabristonlarining pastqam mozorlari ustidan esib o‘tdi.
Nihoyat, bo‘ron tinib, havo ochildi va Xeteuey shamolli osmondagi yashil olovcha — Yerni ko‘rish
uchun tashqariga chiqdi. G’ira-shira xona shiftidagi yonib turgan lampochkani o‘ziga yaxshiroq burib
olmoqchi bo‘lgandek, u qo‘llarini yuqoriga ko‘tardi. Uzoqlarga o‘lik dengiz tuzlari uzra nigoh soldi.
“Butun sayyorada zog‘ uchmaydi, — o‘yladi u. — Bitta menman. Va ular”. U tosh kulbasi eshigi tomon
burildi.
Hozir Yerda nimalar bo‘layotganiykin-a? O’zining o‘ttiz dyumli teleskopidan shuncha qaramasin,
shu paytgacha biron-bir o‘zgarish payqamadi. “Agar o‘zimni yaxshi saqlay olsam, — o‘yladi u, — yana
yigirma yil yashayman”. Qarabsanki, birontasi paydo bo‘lib qolibdi. Yo o‘lik dengizlar ortidan, yo
koinotdan qizil olov rishtasiga bog‘langan raketada kelib turibdi-da.
— Bir aylanib kelay, — qichqirdi u eshikka.
— Yaxshi, — javob berdi xotini.
U xarobalar oralab, shoshmay pastga tushib ketdi.
— “Nyu-Yorkda yasalgan”, — o‘qidi u bir parcha temirda. — Qadimgi Mars shaharlari Yerdan
kelgan bunday narsalardan hali ko‘pini ko‘radi...
U moviy tog‘lar oralig‘ida yaqin ellik asrdan buyon turgan Mars qishlog‘i tomonga qaradi.
Uolter xilvat Mars qabristoniga keldi: cho‘l shamoli esib turgan tepalikda uncha katta bo‘lmagan olti
qirrali toshlar saf tortgan edi.
Boshini egib, u to‘rtta mozorga, to‘rtta beso‘naqay yog‘och xochga qaradi, ularning har birida nom
yozilgan edi. Uning ko‘zlarida yoshdan asar ham yo‘q. Yoshlari allaqachon qurib bitgandi.
— Qilmishim uchun meni kechirasanmi? — so‘radi u xochlarning biridan. — Men juda, juda yolg‘iz
edim. O’zing tushunasan-ku, shundaymi?
U tosh kulbasiga qaytdi va ichkariga kirishdan oldin peshonasiga kaftini qo‘yib, yana diqqat bilan
osmonni ko‘zdan kechirdi.
— Nuqul kutganing-kutgan, qarashdan boshqa ishing yo‘qdek, — g‘udrandi u. — Ehtimol,
kunlarning birida — tunda...
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |