www.ziyouz.com kutubxonasi
58
Besh daqiqacha o‘tgach, Tomasning qulog‘iga qandaydir tovush chalindi. Qadimgi tosh yo‘l
muyulishida ko‘zdan yo‘qolgan huv tepalikda u allaqanday harakatni payqadi, xiragina yog‘du ko‘rindi,
so‘ng zaif tarillagan ovoz eshitildi. Tomas finjonni qo‘lida ushlagancha orqasiga o‘girildi. Tog‘dan
g‘alati bir narsa tushib kelardi. Bu sarg‘ish-yashil hasharotga, xonqiziga o‘xshagan mashina edi, u
sonsiz yashil billurdek jimirlagancha, yoqut ko‘zlarini chaqnatib muzdek havoda ravon yurib kelar edi.
Mashinaning oltita oyog‘i qadimgi tosh yo‘lda shivalayotgan yomg‘irdek mayin aylanardi. Mashina
orqasidan esa Tomasga eritilgan oltin tusli ko‘zlari bilan bir marslik qarab turardi.
Tomas qo‘lini ko‘tardi va xayolan: “Salom!” deb qichqirdi, biroq lablari qimirlamadi. Chunki bu
marslik edi. Biroq Tomas qirg‘oqlarida notanish odamlar yurgan moviy daryolarda, Yerda suzar, yot
uylarda yot odamlar bilan ovqatlanar va har doim uning eng yaxshi ko‘rgan quroli tabassum bo‘lar
edi. U yonida to‘pponcha olib yurmasdi. Hozir ham Tomas garchand yuragining bir chetida vahima
yashirinib turgan bo‘lsa-da, bunga hojat sezmayotgan edi.
Marslikning ham qo‘lida hech narsa yo‘q edi. Muzdek havo orasidan ular bir-biriga bir soniyacha
qarab turishdi.
Birinchi bo‘lib Tomas so‘z qotdi.
— Salom! — dedi u.
— Salom! — dedi marslik o‘zining tilida.
Ular bir-birini tushunishmadi.
— Siz “Salom” dedingizmi? — ikkalasi baravariga so‘radi.
— Nima dedingiz? — davom etishdi ular har qaysi o‘zining tilida.
Ikkalasi ham qovog‘ini uyib oldi.
— Siz kimsiz? — so‘radi Tomas inglizchalab.
— Siz bu yerda nima qilayapsiz? — anovining lablari marslikcha qimirlab dedi.
— Qayoqqa ketayapsiz? — so‘radi har ikkalasi jiddiy tarzda.
— Mening ismim Tomas Gomes.
— Mening ismim Myu Ka.
Ulardan birontasi ham narigisini tushungani yo‘q, biroq har biri barmog‘i bilan o‘zining ko‘ksiga
nuqidi va ikkalasining ham gapi bir-biriga tushunarli bo‘ldi.
Birdan marslik kulib yubordi.
— Shoshmang!
Tomas, garchand unga hech kim tegmagan bo‘lsa-da, boshiga nimadir tekkandek bo‘ldi.
— Mana shunaqa! — dedi marslik inglizchalab. — Endi ishlar jo‘nashib ketadi.
— Siz mening tilimni shuncha tez o‘rganib oldingizmi?
— Sizni qarang-u!
Ikkalasi ham nima deyishini bilmay, Tomasning qo‘lidagi qaynoq qahvali finjonga qarashdi.
— Biron yangi gap bormi? — so‘radi marslik unga va finjonga qaragancha, aftidan, u uni ham, buni
ham o‘zicha tasavvur qilib.
— Bir finjon qahva ichasizmi? — taklif qildi Tomas.
— Katta rahmat.
Marslik o‘z mashinasidan sirg‘alib chiqdi.
Ikkinchi finjonga to‘ldirib qaynoq qahva quyildi. Tomas uni marslikka uzatdi.
Ularning qo‘llari to‘qnashdi va xuddi tuman orasidan o‘tgandek birining qo‘li ikkinchisining ichiga
kirdi.
— Yo Iso Masih! — deb yubordi Tomas va finjon qo‘lidan tushib ketdi.
— Osmon kuchlari! — dedi marslik o‘zining tilida.
— Nimalar bo‘lganini ko‘rgandirsiz? — shivirlab deyishdi ular.
Ikkalasining ham qo‘rquvdan badanidan muzdek ter chiqib ketdi.
Marslik finjonga egildi, biroq uni hech ololmasdi.
— Yo tavba! — oh tortib yubordi Tomas.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |