www.ziyouz.com кутубхонаси
13
ko‘rdi. Sen buni oson deb o‘ylama, ozgina narsa ham kishini jondan ayirishi mumkin,
axir. Nima deyin, boshqa so‘zim qolmadi. Shoxidan uziladigan gulim ham qolmadi. Bir
yo‘la hasrat qurboniga aylandim, menda bechoralikdan o‘zga chora qolmadi.
Ey Rabbim, yo‘lingda aql — sut emadigan go‘dakday, aql Seni izlab-izlab yo‘qoldi
(toliqdi). Oyoqlari qabargan menday odam bunday zotga qanday yetadi, yetganimda
ham Ul poklikka qachon yetaman? Sen (Alloh) ilmga ham, bayonga ham sig‘maysan.
Sen daromadu chiqimlar, ziyonu foydadan tashqarisan, Musodan Senga foyda va
Fir’avndan ham ziyon (yomon so‘z) Senga yetmaydi. Ey chegarasiz Alloh, Sendan o‘zga
kim bor, Senki haddu g‘oyatdan buyuksan, sendan o‘zga kim bor? Hech narsa
chegarasizlik va gumonu shubhadan tashqarida bo‘lishlikda Senga barobar emas, Sening
birliging — Sening barchani kamroving va borliging-dadir. Jahon xalqi hayron qolibdir.
Sen esa parda ostida yashirinsan. Axir, ey Do‘st, pardani ko‘targin, jonimni o‘rtama,
bundan boshqa pardada yashirin yondirma. Hayrat dengizida birdan yo‘qoldim, bu
sarsonlikdan yana O’zing qutqargil! Osmon dengizining o‘rtasida sarson qolibman, parda
ichida emas, tashqarida qolibman*.
Bandangni bu nomahram dengiz (dunyo)dan chiqar. Sen meni shu joyga (dunyoga)
keltirgansan. Sen o‘zing undan chiqar. Mening nafsim butun vujudimni egalladi, agar
meni Sen qo‘llamasang, voy mening holimga! Jonim behuda ishlar, narsalar bilan
bulg‘angan, men bulg‘anishlarga toqat qilolmayman. Yo bu bulg‘anishdan pok et, yana
qonimga bo‘yab, tuproq ayla meni, yo marhamating eshigini ochib, g‘aybingga
yetkazgin. Odamlar Sendan qo‘rqadilar, men esa o‘zimdan qo‘rqaman, chunki Sendan
yaxshilik, o‘zimdan yomonlik ko‘rganman. O’lgandirman, tuproqqa borurman, jonimni
yana qaytar, ey jon bag‘ishlovchi Egam. Agar istamasang buni, bu ovoralik bo‘lur, agar
Dargohingdan quvsang — bu yuz o‘girishing bo‘lur.
Ey podshohim, men yuragi qonga belangan odamman, falak kabi butun vujudim
aylanishda (sargardon)dir. Xuddi shunday, bir-birimizga hamsoya (qo‘shni)miz. Sen —
quyoshsan, biz esa soyamiz, yoding bilan kecha-kunduz birgaman. (Qur’onda) bir lahza
talabdan to‘xtamang, degansan. Ne bo‘lardiki, bechoralarga marhamat yuzasidan boqib,
qo‘shnichilik haqiga rioya qilsang.
Dardli dil va afsuslangan jon bilan Sening ishtiyoqingda (shavqingda) bulutday ko‘z
yoshi to‘kaman. O’z dardimdan Senga so‘zlasam, yo‘qolib ketaman (yodingda),
qachongacha Seni izlayin. Gumrohdirman, yo‘lboshchim bo‘l, kechikib (bevaqt) kelgan
bo‘lsam ham, davlat ato et menga. Kimki sening ko‘yingda davlatli bo‘lgan bo‘lsa, Senda
yo‘qolib, o‘zidan bezor bo‘ldi. Noumid emasman va ishonaman, chunki Sening
marhamating cheksiz, yuz ming sham’ingning biri mening qalbimda yongay!
Do'stlaringiz bilan baham: |