HUDHUDNING UNGA JAVOBI
Hudhud dedi:
- Ey, suratga hayron bo‘lgan kishi, subhi safo nuri dilingdan g‘oyib bo‘libdir. Kecha-
kunduz sen ko‘rlikda qolgansan, chumoliga o‘xshab suratga bog‘langansan. Ma’ni kishisi
bo‘l, suratga o‘ralma, ma’ni nima, bilasanmi? Ma’ni - asl, surat esa - hech narsa. Zar
(oltin) surati chiroyli toshdir, sen go‘dak bolalarday rangu suratga o‘chsan. Oltin seni
mashg‘ul qilib, Parvardigordan ajratibdi. U -butdir, tuproqqa tashla uni. Oltin agar kerak
bo‘lsa, xachirning farji (orqasi)ga qulf urish uchun kerakdir. Sening oltinlaringdan birov
bahra olmaydi, o‘zing ham undan bahramand emassan. Agar mabodo sen bir darveshga
bir arpa miqdori oltin bersang, goh uning, goh o‘zingning qoningni ichishga hozir
bo‘lasan. Darveshlarni qo‘y, hatto pirlar sultoni Junayd Bag‘dodiy bo‘lsa ham bir arpa
doni miqdoridagi oltinga olmaysan. Sen oltinga tayanib, xalq bilan muomala qilasan,
do‘st tutinasan, sening dardu yaralaring malhami ham oltindir. Yangi oydan ham do‘kon
haqini talab qilasan, oltin bilan xazina to‘ldirasan, yana kon qidirasan. Do‘koningdan bir
qora pul chiqsa, azizjoning chiqqanday bo‘ladi. Ey hamma narsangni hech narsaga
bergan odam, bunday holda qanday qilib endi ko‘nglingni Hammaga bera olasan?
«Ammo qiyomatgacha sabrim bor», deysan, biroq turmush oyog‘ing ostidan narvonni
olib qo‘ysa, nima qilasan? Dunyoga g‘arq bo‘lganingdan keyin dining ham dunyoga
ko‘milgan bo‘ladi. Bunday holda, ey azizim, dinu dunyo baravar qo‘lga kirmaydi. Sen
kasb-korda farog‘at izlaysan, ammo boshingga qiyomat g‘avgosi tushsa, bu farog‘atni
topolasanmi? Nimaki qo‘lingda bo‘lsa, to‘rt tomonga nafaqa qilib, tarqatib yubor.
Nimaiki bo‘lsa, uni tark etish joiz, zero kerak bo‘lsa, jonni ham tark etish lozim
bo‘ladi. Sening qo‘lingda joning qolmagach, molu mulk, u yoki bu narsani saklashning
nima keragi bor? Agar yotish uchun ostingda palos — to‘shaging bo‘lsa, u ham yo‘lingda
g‘ovdir. Bu yumshoq, chiroyli to‘shakni yondir, ey Haqshunos, tokaygacha Haq yo‘lida
nayrang qilasan? Agar bu yerda ul palosni qo‘rqib yondirmasang, tongla Iloh gilami
ustidan joy ololmaysan. Kimki o‘z orzulari oviga otlansa, uning ahvoliga voy, u boshdan
oyoq «voy» ichra yo‘qolib ketadi!
Voydagi harflar afsus - nadomat belgilaridir: Bundagi «vov» ham «alif» ham qon va
tuproq (xoku xun) ichida ko‘ramiz. Vov qon ichida, alif esa tuproq ichida xoru zordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |