www.ziyouz.com
кутубхонаси
31
Hudhud qavmga shunday javob berdi:
— U bir olijanob shahanshohdir. Uning butyn olam go'zalligini o'zida saqlovchi zoti
avval maxfiy bir xazina edi. Ammo uning bu go'zalligini namoyon qiluvchi ko'zgu yo'q
edi. U o'z ko'rinmog'ini orzu qilib, asta-sekin jilvalana boshladi. Bu jilvalanish jarayonida
quyosh kabi yuz tuman ming soya oshkor etdi. Soyalar qanchalik pokiza jilvagar bo'lsa,
ularga shunchalik ko'p e'tibor berdi. Olamdagi barcha qushlarning shakli, bilgilki, uning
hikmatga to'la soyasidan iboratdir.
Sen bu hikmatdan voqif bo'lding. Sen bilan Simurg' o'rtasidagi nisbat ana shudir. Sen
buning ma'nosini yaxshi tushunsang, ey nozikfahm jondosh, uni o'zgalarga oshkor etib,
fosh qilma. Bu sir kimga kashf o'lsa, u xayolga cho'madi va o'zining haq ekanligiga
ishonchi komil bolib, hayratdan "Alloh saqlasin!" deydi. Chunki haqqa cho'mib, u bilan
bir butunlikni tashkil qilganini haqdan bo'lak yana nima deyish mumkin? Ya'ni uni haqqa
qorishib ketgan deb aytish kerak!
Sen o'zingning kimga soya ekanligingni va o'zingning tub negizingga yaqin
ekanligingni fahmlab olding. Agar Simurg' o'z soyasini istab, jilva etmaganda, soya egasi
bo'lmas edi. Bordi-yu Simurg' o'zini yashirin tutishni xohlasa, uning soyasi hech qachon
ayon bo'lmasdi. Zeroki, soyaning oshkor bo'lmog'i soya beruvchining vujudi haqida dalil
bo'la oladi. Sening ko'zlaring Simurg'ni ko'ra oluvchi bo'lmaganida edi, ko'ngling
ko'zgudek munavvar bo’lmas edi. Bunday ko'zga ega bo'lmasdan turib, uning yuzini
ko'rish mumkin emas, bundan boshqacha bo'lmaydi. U o'z husniga oshiq bo'lishlarini
istab quyosh kabi bir ko'zgu paydo qildi. Toki bu ko'zguda o'zi jilva va noz aylab
namoyon bo’lsayu husniga oshiq bo'lganlarni bilsa. Ey dil ahli, bu ko'zgu ko'ngul bo'lib,
haq unda muttasil jilva qiladi. U o'z husnining jilvasini namoyon etdi, sen esa unga o'z
ko'ngluhg bilan oyinadursan, ya'ni ko'ngling orqali uni bila olasan.
LXXVI
Husnini namoyish qilishga ko'zguni vosita qilgan shoh hikoyati
Jamoli osmondagi to'lin oy kabi bir shoh bor edi. Dunyodagi barcha mohpaykar
go'zallar unga sipoh erdilar. U esa ularning shohi edi. Uning qomatidan sarv ham hijolat
tortar, orazidan quyosh ham sharmanda bo'lar edi. Olamni uning go'zal yuzi ovozasi
tutgan edi. Hamma o'sha halok qiluvchi husnni ko'rishga oshiqardi. Uning husnining
g'avg'osi olamni tutib, ishqining yag'mosi jon ichra tutashgan edi. Jahonga shunchalik
chiroy baxsh etuvchi bu husn egasi bundan yuz ming marta ortiqroq nozu istig'noga
ham ega edi. U goho maydonga ot o'ynatib chiqib qolgudek bo'lsa bormi, oldiga kelgan
kishi uning husnini ko'rgan zahotiyoq jon taslim etardi. Shu tarzda u javlongohdan sayr
etib chiqquncha yo'li halok bo'lgan el bilan tirband bo'lib ketar edi. Xususan, husnidan
bu olamda g'avg'o, zulmidan jon mulkiga talon-toroj ko'p tushgan edi.
Xalq uning qatlidan behad qirildi va u o'z jamolini elga ko'rgazmoqni xayol qildi. Uning
hukmi bilan bir ko'zgu yasab, taxti oldida o'rnatdilar. Qasr yonida esa ko'zgu aksi
tushadigan yulduzday charaqlovchi bir manzar yasatdi. U oyinaga qarab, o'z husniga
nazar solar va el ham o'sha manzar vositasida undan bahra olar edi. Toki bunday
ko'zguni yasamagunlaricha, unga ko'z tashlagan kishi uning husnidan bahramand
bo'lmadi. Shunday qilib, ham uning o'zi o'z husnidan bahra topdi, ham unga qaragan
kishilar bahra oldi.
Sen bu ko'zguni ko'ngil deb xayol qilgin, unda o'sha jamol o'z aksini ko'rsatdi. Qasrni
inson tanasi, undagi ko'zguni ko'ngil deb bil va bu ko'zgudagi shoh husniga nazar tashla.
Avval ko'zguga jilo berilmasdan turib, shoh unga o'z aksini solmaydi. Uning husni aksini
ko'zguda aks etmoqda deb anglagin va o'zingni uning qarshisida tomosha qilib turgan
Lisonut-tayr. Alisher Navoiy
Do'stlaringiz bilan baham: |