www.ziyouz.com kutubxonasi
9
toshlarni yumalatib, sokin tun jimligini buzib, go’yo yer qa'ridan qaynab chiqayotgandek dahshat bilan
sharillab oqardi. Shunday kechalarda men doim Doniyorni eslardim. «Darvoqe, Doniyor qayerda qoldi
ekan,» deb so’rardim o’zimdan o’zim. U doim yakka o’zi suv bo’yidagi pichan g’aramlari ustiga borib
yotardi. «Nima balo, u kechasi qo’rqmaydimi, suvning sharillashidan qulog’i bitmaydimi?» — degan
fikr xayolimdan o’tardi. «U hozir ham uxlayotganmikin yoki uyg’oqmikin? Tavba, yolg’iz suv bo’yiga
borib yotishning nima hojati bor ekan? Buning nima halovati bor? Qiziq, sira odamlarga qo’shilmaydi-
ya. U hozir qayerda ekan?» — deb atrofga nazar tashlab, quloq solaman, hammayoq jimjit.
Qirg’oq bo’ylab qiya tepalik chozilib ketgan tog etaklariga qorong’ilik cho’kmoqda, osmonning u
yer-bu yerida yulduzlar miltillab ko’rinmoqda.
Ovulga kelganiga bir necha kun bolsa ham, o’zini chetga tortib, hech kimga qo’shilmay yurgan
Doniyor oshna-og’ayni orttira olmadi. Birovga yondashmas, janjallashish, tortishish nimaligini bilmas,
birovga yaxshi ham gapirmas, yomon ham gapirmas edi. Ovulga yaxshilik ham qilib, yomonlik ham
qilib, yig’ilishlarda so’zlab, to’y va ma'rakalarda qariyalar bilan yonma-yon o’tirib, elning issiq-
sovug’iga aralashib yurgan o’ktam yigitlar qadr-qimmatli bo’lib, darrov og’izga tushadigan, xotin-
qizlarning nazariga ilinadiganlar ham shular bo’lardi.
Doniyorga o’xshab ertadan kechgacha ter to’kib ishlaydigan, lekin o’zini boshqalardan chetga olib
yuradigan, o’zi bilan o’zi bo’lib, birovga zarari ham, foydasi ham tegmaydigan kishilar to’g’risida:
«Bir amallab kun ko’rib yurgan bechora-ku», deyishardi. Bizlarga o’xshagan o’zi bilarmon,
mahmadona bolalar esa haligidek chinakam asil yigitlardek bolishni havas qilib, Doniyorning yuz-
ko’zi oldida bo’lmasa ham, orqasidan mazax qilardik. Uning ko’ylagini o’zi yuvganiga ham kular edik.
U harbiydan bitta ko’ylak bilan kelganligi uchun ham uni qurir-qurimas kiyib olardi. Biroq, qizig’i
shundaki, Doniyor mo’min-qobil bo’lsa ham, biz u bilan bemalol, botinib gapirisha olmasdik. Gap
uning kattaligida emas edi, albatta. Chunki u, juda nari borsa, akalarim bilan teng kelardi. Shuning
uchun ham biz u bilan sansirab gaplashar edik. Nima, o’zimizni pastga urarmidik. Garchi Doniyor
ulug’sifat bir odam bolmasa-da, uning shunday hech kim bilan gapirishmay, vazmin yurishida
qandaydir bir xosiyat bordek, sho’x, shayton bolalar undan hayiqib turishardi.
Bunga qisman o’zim ham sababchi bo’ldimmi deymanda. Chunki men odamlardan, ayniqsa
frontga borib kelganlardan ko’rgan-bilganlarini ipidan-ignasigacha gapirib berishni iltimos qilib, ularni
hol-joniga qo’ymasdim, savollarni yog’dirib yuborardim. Shuning uchun ham men «Seit xira» degan
laqab orttirganman.
Doniyor kelgan dastlabki kunlarda, men undan urush to’g’risida ko’p narsalarni so’rab bilib
olaman deb yurdim. Bir kun ishdan so’ng gulxan atrofida ovqat ichib dam olib o’tirganimizda
Doniyordan so’rab qoldim.
— Doniyor aka, urushda ko’rgan-kechirganlaringdan bir gapirib bermaysanmi?
Doniyor hadeganda gapira qolmadi. Chamamda, mening bu gapim unga yoqmadi shekilli.
— Urush deysanmi? — dedi u va xuddi o’ziga javob berayotgandek past ovoz bilan qo’shib
qo’ydi: — Urushning nomi o’chsin, uni bilmaganlaring yaxshi!
Doniyor narida yotgan xashakdan katta bir tutam olib gulxanga tashladi va olovni tez-tez puflab
yondirdi-da, hech kimga qaramay qo’llarini o’tga toblay boshladi. U alangalanib yonayotgan olovga
tikilgancha uzoq jim qoldi.
Doniyorning nega bunday qilganini kim bilsin, lekin uning o’sha ikki og’iz gapidan ham urushni
ertakdek ermak qilib gapirib bo’lmasligi, u odamning yurak-yuragiga singib ketishi, u haqda gapirish
nihoyatda og’ir ekanligi shunday sezilib turardi. Uyalganimdan boshimni yerdan ko’tara olmadim.
Shu-shu Doniyordan urush haqida so’ramaydigan bo’ldim. Bolalar ham unga tegajaklik qilmaydigan
bo’lishdi.
Biroq, ko’rinishi tund, odamga aralashmaydigan Doniyor o’zicha yakka-yolg’iz yuravergani uchun
uning harbiydan kelganligining qizig’i ham qolmadi. Qay bir kishilar: «Shunchaki bir odam-da»
degandek qilib uni nazariga ilmas, boshqa birovlar esa undan ro’yirost kulib, ko’pchilik esa rahmi
Jamila (qissa). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |