Jamila (qissa). Chingiz Aytmatov
www.ziyouz.com kutubxonasi
1
Chingiz Aytmatov
JAMILA
Qissa
G’afur G’ulom nomidagi
nashriyot-matbaa ijodiy uyi
2005
Har gal safarga chiqishim oldidan kichkina yog’och ramkaga solingan surat oldida turish menga
odat bo’lib qolgandi. Ertaga ovulga jo’nashim kerak. Mana, hozir ham o’sha suratga tikilib, go’yo
undan oq yo’l tilayotgandek ko’zimni uzolmay, uzoq termilib qoldim.
Suratni hali biron marta ham ko’rgazmaga qo’yganim yo’q. Ovuldan qavm-qarindoshlarim
kelishganida ko’rib qolishmasin, deb yashirib qo’yaman. Demak, suratda biror nojo’ya narsa
tasvirlangan ekan, deb o’ylamang tag’in, uning iymanadigan, shuningdek, bu bir nodir asar, «ko’z
tegadi» deydigan hech joyi ham yo’q, shunchaki o’rgamchikka chizilgan bir surat. Unda oddiy dala
manzarasining aynan tasviri berilgan, xolos.
Suratning orqa planida so’lg’in kuz osmonining chekkalari oqarib ko’rinadi. Shamol parqu
bulutlarni uzoq-uzoqlarga, qorayib ko’ringan tog’ cho’qqilari sari haydab borardi. Suratning old
qismida sarg’ish libos kiygan bepoyon dala, keng daryo tasvirlangan. Yog’in-sochindan keyin
po’rsillab yotgan, chekkalaridagi qamishlar bir-biriga ayqashib ketgan yo’lda ikki yo’lovchining oyoq
izlari ko’zga tashlanadi. Yo’lovchilar uzoqlashgan sayin, oyoq izlari xiralasha boradi, go’yo yana bir-
ikki qadam yurishsa ramkadan chiqib ketadigandek tuyulardi. Ha, aytmoqchi, yo’lovchilardan biri...
Keling, bir boshdan gapirib bera qolay.
Bu voqea bolaligimda yuz bergan edi. Ikkinchi jahon urushi uchinchi yilga qadam qo’ygan,
ayniqsa Kursk bilan Oryol ostonalarida dahshatli janglar borardi. O’shanda biz bir gala o’spirin bolalar
xo’jalikda ekin sug’orib, arava haydab, o’t o’rib yurar edik, xullas, urushga ketgan erkaklarning og’ir
mehnati bizning zimmamizga tushgan edi.
Ayniqsa, hosil yig’im-terimida haftalab uy betini ko’rmasdik, kechayu kunduz xirmonda bo’lardik
yoki stansiyaga g’alla tashirdik.
Stansiyaga qatnab yurib, ko’pdan beri uydagilarni ko’rmaganim uchun o’roqning ayni qizigan,
saraton kunlarining birida yo’l-yo’lakay uyga kirib o’tay, deb bo’sh aravamni yo’ldan burdim.
Biz azaldan ko’chaning boshidagi yonma-yon tushgan ikki uyda turardik. Ularning balandligi uch
metrcha keladigan. devorlari juda pishiq qurilgan bo’lib, daryo tomoni daraxtlar bilan o’ralgan hovli
bizniki edi. Men katta uyning o’g’li edim. Akalarim urushga ketgan, ulardan xat-xabar yo’q edi.
Ikkalasi ham balog’atga yetib, ayni uylanadigan vaqtda ketishgan. Keksa otam — duradgor-usta. Tong
saharda namozini o’qirdi-da, ustaxonaga jo’nardi, shu ketganicha qosh qorayganda kelardi.
Xo’jalikdagi barcha aravalar uning qo’lidan o’tardi. Uyda onam bilan singilcham qolardi, xolos.
Berigi kichik uyda esa yaqin qarindoshlarimiz turishardi. Qarindoshimiz deyishimning boisi,
oradan ikki-uch avlod o’tib ketgan bo’lsa ham, ular bilan azaldan mol-jonimiz bir edi. Ota-bobolarimiz
birga ko’chib, birga qo’nib, juda ahil yashagan ekan, bu odatni muqaddas bilib, biz ham oraga sovuqlik
tushirmay, apoq-chapoq bo’lib kelardik. Jamoa xo’jaligi tuzilganda otalarimiz bir joyda
o’troqlashganlar. Bugina emas, ikki suv o’rtasidagi Orol ko’chada turuvchiarning hammasi bir otaning
farzandlari edi.