www.ziyouz.com kutubxonasi
13
— Bu o’larmonni qaranglar, ko’tarib ketdi-ya! — deb xuddi aybli kishidek iljayib, o’zicha
to’ng’illab qo’ydi. Garchi Jamila hadeb qiqir-qiqir kulsa ham, borgan sari uning kulgisi suniylashib,
o’zini zo’rlab kulayotgandek bo’lib tuyuldi. Doniyor qopni ko’tarib borar ekan, yarador oyog’iga zo’r
kelib, oqsay boshlaganidagina, biz uni qanday azobga qo’yganimizni tushundik.
Doniyorning oyog’i yarador ekanini nega ilgariroq o’ylamadik axir? Eh, bolaligim qursin-a, shu gap
mendan chiqdi-ya!
— Orqangga qayt! — deb qichqirdi Jamila kulgi aralash. Biroq endi buning iloji yo’q edi. Chunki
orqasidan ham qop ko’targan odamlar kelishayotgan edi.
Men esimdan og’ayozib, keyin nima bo’lganini bilmayman. Ko'z o’ngimda o’sha kattakon qora
qopni ko’targan Doniyor. U bukilib, trapdan yer bag’irlab yuqoriga chiqib borardi. Yarador oyog’ini
avaylab bosar, unga zo’r kelmasin deb qanchalik urinmasin, bari bir, har qadam tashlaganda og’riqqa
chidayolmay, tishini tishiga qo’yib, boshini chayqardi. U yuqorilagan sari ustidagi og’ir qop yelkasiga
minib olgan balo-qazodek uni battar bosar, u tobora ko’p chayqalardi. Yangam bilan o’ylamay qilgan
bu qilmishimizga azbaroyi uyalganimdan yer yorilsa-yu, yerga kirib ketgundek bo’ldim,
qo’rqqanimdan yuragim orqamga tortib ketdi. Qop ko’targan Doniyor emasu, go’yo men o’zimdek,
oyoqlarim zirqirab, ko’z o’ngim qorong’ilashib ketdi.
Doniyor yana to’xtab, qopni tishladi-da, ko’zini yumdi. Mening ham boshim aylanib, yer o’pirilib
ketayotgandek bo’ldi. Bir nafas hech narsani bilmay qoldim.
Kimdir bilagimni changallab, sindirib yuborgudek siqib ushladi. Bunday qarasam, Jamila ekan.
Qo’rqqanidan murdadek oqarib ketgan, lablari dir-dir titrab, ko’zlarini katta ochgancha Doniyorga
termilib turardi. Atrofimizni omborchi va boshqalar o’rab olishibdi. Ular ham nima gapligiga
tushunmay, Doniyorga hayron bo’lib qarashardi.
Mana, Doniyor yurib borayotib sirg’alib ketayotgan qopni o’nglab olay deb bir silkidi-yu, lekin
og’irlikka ortiq tob bera olmay cho’kkalay boshladi.
— Tashla! Tashla qopni! — deb qichqirib yubordi Jamila. Doniyor quloq solmadi. Orqada
kelayotganlarga tegib ketmasligi uchun qopni trapning chetidan pastga tashlab yuborsa bo’lardi. Biroq
u o’jarlik qilib qopni ko’targanicha turaverdi. Jamilaning ovozini eshitishi bilan yana oyoqlarini
rostlab, oldinga qarab intildi. Bir-ikki qadam yurib orqaga tisarila boshlaganida, tarozibonning jon-
poni chiqib ketib, ovozining boricha qichqirib yubordi:
— Tashla! Tashlasang-chi, it emgan!
— Tashla! — deb boshqalar ham qichqirishdi. Doniyor bu safar ham o’z bilganini qilib, chayqalib-
surinib ilgari bosdi.
— Yo’q, u qopni tashlaydigan emas. o’z aytgani-ni qiladigan yigitga o’xshaydi, — dedi kimdir
qo’l siltab.
Endi, faqat haligi odamgina emas, balki yonimiz-da turgan boshqa odamlar ham, uning orqasidan
qop ko’tarib borayotgan kishilar ham bunda bir sir borligini sezishib, Doniyor qop bilan birga qulab
tushmaguncha uni tashlamasligiga ishonch hosil qilishdi.
Hamma bir zum jim bo’lib qoldi.
Kopponning orqasida parovoz zir yugurib vagonlarni bir-biriga ulamoqda. Doniyor yuqoriga yuk
tortib chiqib ketayotgan otdek ilgarilab borardi. U chayqalib yiqiladigandek bo’lsa, shartta to’xtab,
kuch to’plar, keyin yana oldinga qarab intilardi. Doniyorning orqasidan kelayotgan odamlar ham noiloj
u to’xtaganda to’xtab, u yurganda yurishardi. Ularning ham tinkasi qurib, qora terga botib ketishgandi.
Biroq ulardan bittasi ham Doniyor bilan sen-menga bormadi. Ular toyg’oq yo’ldan go’yo bir-birlariga
ko’rinmas ip bilan boglangandek tumaqator bo’lib jim borishardi. Bordi-yu, bittasi toyib ketgudek
boisa, boshqalar ham xarob bo’ladigandek tuyulardi. Ularning indamay qadam tashiashlarida, bir xil
chayqalishlarida kuchli g’ayrat va shijoat, hamkorlik sezilib turardi. Doniyorning orqasidan kelayotgan
ayolning oyog’i chalishib, yiqilishiga sal qoldi-yu, shunda ham u o’ziga emas, Doniyorga xudodan
madad so’rayotgandek unga rahmdillik bilan termilib qaraydi. Mana, oz qoldi. Doniyor yana bir zo’r
Jamila (qissa). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |