www.ziyouz.com kutubxonasi
14
Ammo Hazrati Umar (r.a.) ham osonlikcha mag‘lub bo‘ladiganlardan emasdi:
– To‘g‘ri, sizlar ustun keldinglar. Ammo baribir teng emasmiz. Bizning o‘liklarimiz
jannatda, sizlarniki esa jahannamdadir!
Abu Sufyon bu gapga chidolmay, ovozining boricha baqirdi:
– Ey Umar, Alloh uchun to‘g‘ri gapir! Biz Muhammadni o‘ldirdikmi yoki yo‘qmi?
– Vallohi, o‘ldirmadinglar! Hozir Rasuli akram sening bu gaplaringni eshitib o‘tiribdilar.
Hazrati Umar (r.a.) bilan Abu Sufyonning bu dahanaki jangidan so‘ng mushriklar o‘z
qo‘shinlarini jang maydonidan olib ketishdi. Ular bu jangda ustun kelgan bo‘lsa-da, biroq
zafar sharobini icholmadilar, batamom mudofaasiz Madinani istilo qilolmadilar. Birorta
musulmonni ham asir ololmay, Makkaga qo‘rquv va alam bilan qaytishdi. Ana shu
jangdan so‘ng hazrati Umar (r.a.) Payg‘ambar alayhissalomga yanada qattiqroq
bog‘lanib qolganini his etdi.
Tarixda musulmonlarning birinchi bor imzolagan sulh shartnomalari bo‘lmish
Hudaybiya sulhi shartlariga ko‘ra, musulmonlar va mushriklar o‘n yilgacha bir-biri bilan
urushmaslikka, o‘sha yili musulmonlarning Ka’ba ziyoratiga kelmasligiga, Ka’ba
ziyoratiga qo‘shilgan musulmonlar Makkada uch kundan ortiq qolmasligiga, ular Ka’bani
ziyorat qilayotganida qurayshiylarning Makkadan tashqariga chiqib turishiga kelishib
olindi. Yana sulh shartlariga ko‘ra, qurayshiylardan birortasi musulmonlar tomoniga
o‘tmoqchi bo‘lib, valiysining ruxsatisiz Madinaga kelsa, musulmon bo‘lsa ham, u odam
qabul qilinmaydi, qaytarib yuboriladi, ammo biror madinalik musulmon Quraysh tarafiga
o‘tib, Makkaga kiradigan bo‘lsa, qaytarib berilmaydi, deya kelishib olingandi. Xuddi shu
masalada hazrati Umar (r.a.) Rasuli akramni (s.a.v.) tushunmay, xiyla ozor berib
qo‘yganlarini muarrixlarimiz yozib qoldirishgan.
Pushaymonlik
Tarixdan ma’lumki, Hudaybiya sulhiga imzo chekib bo‘lingach, u yerga Suhayl o‘g‘li
Abu Jandal kelib qoldi. U avval Makkada musulmonlikni qabul qilgani uchun otasi
tomonidan zanjirband qilinib, qamab qo‘yilgandi. U ming mashaqqat bilan qamoqdan
qutilib chiqib, zanjirini sudraganicha sulh tuzilgan joyga kelgan va musulmonlardan
panoh so‘ramoqchi bo‘lgandi. Shunda Abu Jandalning otasi Suhayl: «Sulh shartlariga
muvofiq sizdan birinchi bo‘lib so‘raydigan narsam shuki, o‘g‘limni qaytarib bersangiz,
agar berilmasa, sulh buziladi», deb oyoq tirab turib oldi.
Rasuli akram (s.a.v.) Abu Jandalni sulh hukmidan istisno etilishini xohlagan edi. Biroq
qurayshiylar rahnamosi Suhayl qaysarlik qilib turib oldi. Valiysining istagiga yon bosib,
Abu Jandalni topshirishga rozi bo‘ladilar. Bechora Abu Jandal vaziyatning bunday tus olib
ketganidan xafa bo‘lib, qovoq-tumshug‘i osilib ketgandi. U musulmonlarga qarata
shunday dedi:
– Men musulmonlikni qabul qilganim uchun bu azob-uqubatlarga giriftor bo‘lib, zulm
va xo‘rlik ko‘rgandim. Meni yana o‘sha mushriklarning qo‘liga topshirmoqchimisizlar?
Axir manavi yaralarim hali bitib ulgurgani ham yo‘q-ku! – deya o‘zining nochorlikda va
iztirobda qolganini bildirib, birodarlaridan marhamat va najot kutardi.
Uning ahvolini ko‘rib, janobi Rasululloh (s.a.v.) tasalli berdilar:
– Ey Suhaylning o‘g‘li! Sabr qil, Allohdan umidingni uzma! Biz musulmonlar mag‘lub
bo‘lmaymiz! Alloh taolo yaqinda senga va sen kabilarga najot yo‘lini ko‘rsatadi, berishga
majburmiz, uning hukmlarini buzish esa bizga to‘g‘ri kelmaydi.
Abu Jandal yana kishanlangan holda Makkaga qaytarildi. Bu holat, bu muomala
hammaning asabini tarang, o‘zini garang qilib qo‘ygandi. Musulmonlar g‘alayonga
Haq hamisha g’olib (Umar al-Foruq). Ahmad Muhammad
Do'stlaringiz bilan baham: |