www.ziyouz.com kutubxonasi
12
RASULULLOH BILAN YONMA-YON
Umarning hijrati
Makka mushriklarining musulmonlarga qarshi zulm va tazyig‘i kun sayin kuchayib
borardi. Ular Islomni qabul qilgan hamshaharlarini haqoratlashar, kaltaklashar, turli
qiynoq-azoblarga solishar, hatto o‘ldirishdan ham toyishmasdi. Qullar va cho‘rilardan
Islomga kirganlar-ku, eng og‘ir tahqir, xo‘rlovlarga mahkum edi. Shunda Rasuli akram
(s.a.v.) musulmonlarni Madina shahriga hijrat qilishlariga amr etdilar. Bir vaqtlar
Habashistonda jon va iymon asrab qolgan musulmonlar uchun endi Madina najot qal’asi,
osoyishtalik maskani bo‘lib qolgandi. Makkalik musulmonlardan birinchi bo‘lib Abu
Salama Abdul Asad o‘g‘li, eng oxirida esa Rasuli akramning (s.a.v.) amakilari Abbos ibn
Abdulmuttalib Madinaga hijrat qildi. Muharram va safar oylari mobaynida hamma
yashirincha berkinib, qochib Madinaga ko‘chib bo‘ldi. Faqat hazrati Umargina bundan
mustasno edi.
Uning Yasrib (Madina)ga ko‘chishi Rasuli akramning (s.a.v.) hijratlaridan o‘n besh kun
oldin bo‘ldi. U barcha ashobdan farqli o‘laroq ochiq-oydin, yashirinmay hijrat qilishga
qaror qilgandi. Chunki hazrati Umar (r.a.) Islom ne’matidan bahramand bo‘lganidan
keyin avvalgi jasorati yanada kuchlangan, «Haq hamisha g‘olibdir», degan mustahkam
e’tiqodda edi.
Hazrati Umar (r.a.) Madinaga jo‘naydigan kunlari ertalabdanoq yaxshi kiyimlarini
kiydilar, qilichlarini taqdilar. Kamonlarini belga osib, bir necha o‘qlarni o‘qdonga
joyladilar. Keyin qo‘lga asolarini olib, Ka’baga shahdam kirib bordilar. U yerda Quraysh
mushriklari o‘zlaricha majlis qurib o‘tirishgandi. Ular hazrati Umarning (r.a.) Islomga
kirganidan g‘azablari oshib, nafratlari toshib yotgan bo‘lsa-da, u kishining fe’l-atvorlarini
yaxshi bilishgani uchun biror so‘z yoki harakat qilishga botina olishmasdi. Hozir ham
hech narsaga parvo qilmay kirib kelgan Umarning (r.a.) hatti-harakatidagi qat’iyat va
nopisandlikni ko‘rib ularning dami ichiga tushib ketdi. Yer ostidan o‘qrayib
qaraganlaricha, uning har bir ishini kuzata boshlashdi.
Umar (r.a.) ular tomonga hatto qiyo boqmay, Ka’bani yetti bor tavof qildilar. Keyin
Maqomi Ibrohimda turib, bemalol namoz o‘qidilar. Ibodatlarini xotirjam tugatib bo‘lgach,
mashvarat qilib o‘tirgan mushriklarning qarshisiga borib to‘xtadilar. Keyin qilichlarini
shartta sug‘urib, havoda o‘ynatib qo‘ydilar. Bundan cho‘chib ketgan ikki-uch mushrik
hatto o‘rnidan turib ketdi. Hazrati Umar (r.a.) ularga parvo qilmay, mushriklarga
shunday dedilar:
– Hozirgacha musulmonlar sizlarning zulmingizdan qochib, Madinaga yashirincha,
qo‘rqib hijrat qilishdi. Bugun mana men Madinaga ketyapman! Oralaringda onalarini
yig‘latishni, xotinlarini tul, bolalarini yetim qilishni xohlaganlar, jonidan to‘yganlar bo‘lsa,
qani orqamdan tushsin!
Umar ibn Xattob shunday deb, Ka’badan uzoqlashdilar. Birorta ta’qib qiluvchi
ortlaridan ergasha olmadi. Yigirma chog‘li musulmon shu kuni hazrati Umar (r.a.) bilan
Madinaga hijrat qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |