www.ziyouz.com
kutubxonasi
130
xabardor bo‘lgan Vardon ham Zirg‘om yonida edi. Zirg‘omning fikr-xayoli pop Notis qasri
tomon yo‘llanishda.
Jang qattiq qizib, kechasigacha davom etdi. Poplar ilgari qo‘rg‘on minoralarini bo‘lashib
olishgandi. Keyin ular orasida janjal chiqib qoldi, ba’zilari ertalab kelib, boshqalarining
ziddiga yurish uchun qurollarini tashlab, Mu’tasimning kishilari oldiga tushib, shaharga
kelishdi. Rumliklar mag‘lub bo‘lib, shaharga musulmonlar fotihlar sifatida kirishdi va
unda talash, o‘ldirish va qurollarni olish bilan mashg‘ul bo‘lishdi.
* * *
Zirg‘om o‘z sevgilisini qidirib, to‘g‘ri popning qasri tomon yo‘l oldi. Shahar ko‘chalari
talon-toroj qilish, asir olish uchun kirgan musulmonlar bilan liq to‘lgani uchun Vardon
bilan Hammod ham qasrga ko‘p aziyat chekib, arang yetib bordi. Uch og‘ayni qasrga
kirsa, uning eshiklari lang ochiq, ichida na mol-mulk, na xotinlar qolgan. Ular Jahon
bilan Haylonani izlab, qasrning hamma uylarini aylanib chiqishdi. Ulardan darak
topolmagach, Zirg‘om Hammodning aytgan gaplariga shubhalanib qoldi. Hammod esa
uning shubhalanganligini sezib aytgan gapining to‘g‘riligiga ont ichdi va:
— Menimcha, askarlardan ba’zilari qasrga kirib, uni talagan va odamlarini olib ketgan
bo‘lsa kerak, — dedi.
Zirg‘om bilan Vardon xafa bo‘lib o‘rnidan turishdi. Vardon:
— Ma’raka tugagandan so‘ng ularni asirlar orasidan axtaramiz, — dedi.
Musulmonlar g‘alabaga erishgach, xalifa urushni to‘xtatib, o‘ljalarni shahar atrofiga
to‘plashni buyurdi. Ular sotiladigan bo‘lganidan xaridorlar ko‘paya boshladi. Sotishni
tezlatish uchun har bir mol ustida uch marta: «Kim oshdi?» deyiladi-da, sotib
yuborilaveradi. Asir-qullar ko‘pligidan, ularni bir yo‘la beshta-beshta, o‘nta-o‘ntadan
sotishardi. Mu’tasim esa sotuvchilarni «tez bo‘linglar» deya oshiqtirardi. Xalifa shaharni
vayron qilishga buyurgani uchun, askarlar uni vayron qilishdi, kuydirishdi.
Kishilar oldi-sotdi bilan band bo‘lib turgan paytda Vardon asirlar orasini aylanib chiqdi. U
na xotinidan va na Jahondan darak topmagach, yuragi siqildi va birgalikda maslahat
qilishib olmoq uchun Zirg‘omning oldiga qaytib kelmoqchi bo‘ldi. Yo‘lda u Afshinning
lashkargohidan o‘ta turib, o‘ljalar orasida Jahonning qashqa otiga ko‘zi tushdi. Ot yonida
turgan Somonni ko‘rib, u muqarrar Jahonning oti ekanligiga ishonch hosil qildi. Uni
yomon ko‘rgani uchun qattiq g‘azablandi-yu, lekin Zirg‘omni rioya qilib, unga bir shikast
yetkazishdan o‘zini tiydi, chunki Zirg‘omning xohishi shu edi. Shundan keyin u ko‘rgan
voqeasini yugurib borib Zirg‘omga aytdi. Zirg‘om kelib Jahonning qashqa otini ko‘rdi,
lekin Somon allaqachon ot oldidan ketib qolgandi. Otga qarab, uning peshanasidagi sher
suratini ko‘rdi-yu, u Jahonning oti ekaniga Zirg‘omda shak-shubha qolmadi. Jahon bilan
Haylona Afshin olgan asirlar ichida ekan, degan fikr ko‘ngliga keldi. Darhol kirib, Jahon
bilan Haylonani talab qilmoqchi bo‘ldi, lekin askarlar orasida nizo chiqib ketishidan
qo‘rqib, bu ra’yidan qaytdi, chunki u askarlarning ittifoq bo‘lishini istardi. Keyin u
o‘zicha, Jahon bilan Haylonani qutkazish uchun xalifani o‘rtaga qo‘yishga qaror qildi.
Shunday keyin Zirg‘om xalifani qidirdi. Uning umumiy qabulxonada o‘tirganini, g‘alaba
bilan muborakbod qilish uchun oldiga qo‘mondon va a’yonlar keti uzilmay kirib
turishganini eshitdi. Xalifaning bo‘shashini kutib o‘tirib, kunni allamahal qildi. Axiri
odamlar tovsalgandan keyin ruxsat so‘rab, sekin yoniga kirdi. Xalifa uni yaxshi qabul
qilib, o‘z yoniga o‘tqazdi, unga xushchaqchaqlik bilan muomala qildi. Zirg‘om ham uni
tabriklab, haqqiga duo qilgan bo‘ldi. Zirg‘omning yuzida g‘am ko‘lankasini, tutoqish
alomatlarini ko‘rgan xalifa:
— Senga nima bo‘ldi? Xafa ko‘rinasan? — dedi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |