www.ziyouz.com
kutubxonasi
126
qo‘ydim. Mu’tasim Horisning qo‘lidan Yoqutani olib qo‘yib, senga hadya qilgani uchun
undan o‘ch olish niyatida yurganini bilardim. Xalifalikni egallab olgani uchun Abbosnnig
Mu’tasimga: «Hap sanimi, qarab tur», deb yurgani ham senga sir bo‘lmasa kerak.
Qo‘mondonlardan ba’zilari xalifalikni Abbos olishi kerak deb yurardi. Lekin u bay’atni*
o‘ziga talab qilishga yuragi dov bermagach, taxt Mu’tasimga o‘tgan edi. Men Somurroda
turgan vaqtimda Horis as-Samarqandiy Mu’tasimni qoldirib o‘rniga Abbosga bay’at qilish
kerak, deb yurganlardan bittasi deb eshitgan edim. Lekin ular askarlardan qo‘rqib, bu
ishni amalga oshira olmay yurishgan. Bugun Horis Abbosning chodiridan chiqib
kelayotganini ko‘rib, ikkalasining o‘rtasida muhim bir ish bo‘lsa kerak, degan fikr
ko‘nglimga keldi.
Tepaning ustiga o‘rnatilgan chodirga yetib borishguncha Vardon yo‘lga past ovoz bilan
shu sirni hikoya qilib bordi. Kechasi qorong‘i edi. Zirg‘om chodir yonida ho‘kizga o‘xshab
xurrak otib yotgan bir kishini ko‘rdi. Og‘zidan sharob hidi burqsib turardi.
— Bu kim? Undan sharob hidi kelyapti-ku? — dedi Zirg‘om.
— Menga sirni aytim bergan odam shu. Bu kishi Horisning qullaridan. Men u bilan
Somurroda tanishganman. Uni aldab olib kelib, ichirdim. Kayf bo‘lib qolgach, menga
qiziq bir gapni aytib berdi. Uni senga shu yerda aytaveraymi yoki chodirga kirganingdan
keyinmi? Ochig‘ini aytganda, shu qorong‘ida bayroqni tikib poylab o‘tirishning hech
keragi yo‘q. Uni o‘n gaz naridan ham ko‘rib bo‘lmayapti-yu, Ammuriyyadan turib qanday
ko‘rinsin?
— Gaplaring to‘g‘ri, — dedi Zirg‘om, — bayroqni Hammod kechasi ko‘radi, degan fikrda
emasman. Lekin uni kun botayotgan paytida ko‘rgan bo‘lsa-yu, bir ilojini qilib, kelib
topib olsa, yoki ertaga tongotar vaqtida ko‘rib, izlab kelib seni topsa, degan xayol bilan
«uni osib qo‘yish kerak», deyapman. Qani, anovi quldan eshitgan gapingni aytib berchi.
Vardon tepadan bir necha gaz nariroqda yotgan katta bir xarsang tomonga yurdi.
Ikkalasi tosh ustiga o‘tirishgandan keyin Vardon hikoyasini boshladi:
— U qulning aytishicha, xo‘jayini Horis hamma qo‘mondonlarga elchi bo‘lib borib,
ulardan Abbos uchun bay’at olishga til biriktirgan emish. Qo‘mondonlarning ba’zisi
Afshinning qo‘li ostida, ba’zisi Ashnos qo‘lida va qay birlari esa Mu’tasimning askari
ichida. Shunday bo‘lgach, Horis uchchala lashkargohni aylanib chiqqan. Qo‘mondonlar,
undan tashqari, Mu’tasimning xos kishilaridan bir necha odam u orqali Abbosga bay’at
qilishgan emish. Yana Horis bay’at qilgan qo‘mondonlarga:
— Biz shu hodisani e’lon qilganimizdan keyin har qaysingiz o‘z bosh qo‘mondoningizni
o‘ldirishingiz kerak. Masalan, Mu’tasimning xoslari Mu’tasimni, Afshinning xoslari
Afshinni va Ashnosning xoslari Ashnosni o‘ldirsin, — degan emish.
Vardonning gapini tinglab, lol qolib o‘tirgan Zirg‘om:
— Obbo, yuzi qora-ey. Subutsiz, badbaxt xotin-ey, — deb qo‘ydi.
Vardon so‘zini davom ettirdi.
— Meningcha, Abbos ularning hammasidan aqlliroqqa o‘xshaydi. Qulning gapiga
qaraganda, u Ammuriyyani fath qilish ishini tag‘in qo‘ldan boy berib qo‘ymaylik, deb bu
yomon niyatni amalga oshirishga qarshi chiqqan emish. Bu gaplarni senga bugun
aytishdan maqsadim shuki, ertaga xalifa oldiga borganingda, istasang uni ham xabardor
qilarsan.
— Yo‘q, Vardon, bu ishni xalifa bilmasliklari kerak. Bilib qolsalar, biz musulmonlar
orasida fitna chiqargan bo‘lamiz. Ular bu shum niyatning ijrosini keyinga siltashgani
uchun, yashirib turaylik. Xalifaning muborak hayotlarini omon saqlash uchun atroflarida
parvona bo‘lib tursak kifoya.
Vardon Zirg‘omning fidoiligiga qoyil qolib:
— Ofarin senga, qahramon! Bu fikring juda to‘g‘ri, — dedi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |