www.ziyouz.com
kutubxonasi
128
Ertalab Zirg‘om bilan Hammod xalifaning chodiri tomon yo‘l olishdi. Zirg‘om Hammodni
tashqarida qoldirib, ruxsat so‘rab xalifa oldiga kirdi. Xalifa uni yaxshi qarshi olib, yoniga
o‘tqazdi. Ammo Zirg‘om uning qovog‘i osilganini ko‘rib tashvish ichida indamay turgan
edi, xalifa:
— Nima uchun chaqirganimni bilasanmi? — deb so‘radi.
Zirg‘om:
— Menda karomat yo‘q, taqsir, bir narsani oldindan bila olmayman, — dedi.
Mu’tasim bir xo‘rsinib qo‘ydi-da: «Men Somurroda qozi Ahmadni o‘zimga mahram bilib,
unga sirlarimni aytar edim. Halol va pokdilligingni bilganim uchun hozir sening
maslahatingga tayanishim kerak, deb o‘ylayman», — dedi.
— Men janoblarining ixlosmand qullariman.
— Afshin ustida ishtibohdaman deb, aytganim esingda bormi?
— Ha, esimda, janob xalifa.
— Men ilgari uning tamagirligini ko‘rib hayron bo‘lib yurardim, lekin hozir bu
lashkargohda qilayotgan yashirin fitnalarini ko‘rib, avvalgi ishlari buning oldida holva
ekan, deb qo‘ydim. Uning qilayotgan ishlaridan hech xabaring bo‘ldimi?
Zirg‘om tushunib turgan bo‘lsa ham, o‘zini go‘llikka solib:
— Janoblarining maqsadlarini tushunmadim, — dedi.
— Eshitishimcha, ba’zilar akamning o‘g‘li Abbosga bay’at qilishga va meni o‘ldirishga
qaror qilishgan emish, — dedi g‘azabdan ko‘zlari o‘tdek yonib.
Xalifaga tasalli bermoq uchun Zirg‘om:
— Bunday gaplarning bo‘lishini aqlan ehtimol tutsam ham, bo‘lganini bilganim yo‘q,
chunki o‘tmish xalifalar davridan buyon xalifalik tamagirlarning ko‘z tikkan yerlari bo‘lib
kelgan. Farazan, ba’zi kishilar shu fikrga kelgan bo‘lsa ham, lekin qo‘llaridan hech narsa
kelmaydi, kutgan natijalariga erisha olmaydilar. Atrofimizdagi dushmanlar ustidan
g‘alaba qilish uchun hozir hammamiz bir yoqadan bosh chiqarmog‘imiz kerak. Men
janoblarining fikrlariga bir qo‘shimcha kiritsam, ajab emas, shu bilan ko‘ngillari taskin
topsa, — dedi.
Mu’tasimning chehrasi ochilib:
— Qani, ayt-chi, nima gap topib kelding? — dedi.
— Men janoblariga shu oqshom Ammuriyyaning o‘zidan kelgan bir odamni boshlab
keldim, u kishi shaharning hamma kirish-chiqish joylaridan xabardor. Uni huzuringizga
keltiraymi?
— Ha, mayli, kirsin!
Zirg‘om irg‘ib turib Hammodni chaqirdi. Hammod kirib tik turgancha, xalifaga salom
berdi. Xalifa uni ko‘rishi bilan tanidi-da, qovog‘ini soldi-yu, lekin «o‘tir», deb joy
ko‘rsatdi. U cho‘nqayib o‘tirdi. Mu’tasim Zirg‘omga qarab:
— Buni men arab bolasi Hammodga o‘xshatyapman, o‘sha emasmi? — dedi.
— Ha, xuddi shunday, o‘zlarining qulvachchalari. Ilgari bundan xatolik o‘tgan, lekin
o‘zlarining afv-karamlari ulug‘, bu o‘shandan umidvor.
— Nima vajdan bizga keldi ekan?
Hammod:
— Shu shaharga kirish peshanamda bor ekan, bundan bir necha hafta ilgari kirdim,
uning istehkomlari bilan tanishdim. Kecha janoblarining askarlarini ko‘rdimu, harakat
qilib qochdim va shu yerga keldim, — dedi.
— Bizga qanday xizmat ko‘rsatish qo‘lingdan keladi?
— Janoblariga shaharning shikastlarini ko‘rsataman, uni bilgandan keyin fath qilishlari
oson bo‘ladi. Bu shaharning mustahkam qo‘rg‘oni bor. Bir vaqtda sel kelib, bir qismini
yuvib ketgan. Podsho uni qaytadan bino qilishni buyurib, omiliga xat yozgan, lekin omil
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |