www.ziyouz.com
kutubxonasi
138
bo‘ladi, deganing to‘g‘ri. Ammo sen bilan mening muhabbatimiz ziyodalikni qabul
qilmasa kerak, lekin mashaqqat, azob-uqubat bilan yana ham musaffo bo‘ladi, desang,
bu fikringga qo‘shilaman.
Jahon o‘rnidan turib:
— To‘g‘ri aytdingiz, ikkimizning visol damlaridan oladigan lazzatimizning nihoyasi yo‘q,
— dedi.
— «Onangizni ko‘rdingizmi?» — deb so‘radi Jahon. «Yo‘q, hali u kishini ko‘rganim yo‘q»,
— javob berdi Zirg‘om.
Jahon:
— Sizga qanday yaxshi, shunaqa mehribon onangiz bor, u kishi sizni bag‘riga bosib,
bo‘ylaringizni hidlashni juda ham sog‘inganlar, — dedi.
Jahon bilan Zirg‘om hovli tomonga chiqishdi. Hovlida turgan ona ularni sezdi. Zirg‘om
yugurib borib, uning qo‘lini o‘pdi, ona ham bag‘riga bosib o‘pdi, peshonasini siladi. Shu
yerda tikka turgan Yoqutani ko‘rsatib, Jahon Zirg‘omga:
— Men yo‘qlik vaqtimda Yoquta bilan hamsuhbat bo‘lib tursangiz arzimasmidi? — dedi.
Zirg‘om: — U bilan ba’zan suhbatlashib turdik, ammo ko‘p vaqtlari siqilardim ham.
Ikkalangizdagi shu o‘xshashlik seni menga topib berdi. Buni keyin senga gapirib
beraman, — dedi. Oshiq-ma’shuq shunday suhbatlar bilan uyda bir necha soatni
o‘tkazishdi. Keyin ovqat tayyor bo‘lib, uni yeyishga o‘tirishdi. Shu vaqtda Oftob o‘g‘liga
qarab: — Endi to‘yni boshlab yuboradigan vaqting keldi, o‘g‘lim, — dedi.
Zirg‘om javob berdi:
— To‘g‘ri, oyi, xudo xohlasa ertaga boshlaymiz.
Ular hali ovqatni yeb, dasturxon yig‘ishtirilgani ham yo‘q ediki, saroy g‘ulomlaridan biri
kelib, Zirg‘omni xalifa yo‘qlatayotganini aytdi. Zirg‘om o‘rnidan turib, kiyimlarini kiydi-
da, chiqib ketdi. U umumiy qabulxonaga yaqinlashganda, darvoza yonida turgan
ushrusanalik bir qancha yigitlarni ko‘rib, Afshinning shu yerdaligini payqadi. Ichkariga
kirib, majlisning to‘rida, o‘z taxtida o‘tirgan xalifaga, uning yonida kursida o‘tirgan
Afshinga ko‘zi tushdi. Vardon bilan Hammod katta xonning bir chekkasida tikka
turishardi. U salom bergach, xalifa unga «o‘tir» ishoratini qildi. U o‘zini tushunmaganga
solib:
— Oliy hazratlari ruxsat bersalar, bir og‘iz gap gapirsam, — dedi.
Xalifa:
— Mayli, gapir, — dedi.
Zirg‘om Vardonni ko‘rsatib: «Hazrati oliylariga Armanistonning katta poplaridan biri
bo‘lgan Vardonni tanitmoqchiman. Bazz, va Ammuriyya muhorabasida askarlarimiz
safida yaxshi ish ko‘rsatdi», — dedi.
Xalifa ham, Afshin ham uning gapidan hayron bo‘lib qolishdi.
Xalifa:
— Bu sening xodiming Vardon emasmi? — deya so‘radi. Zirg‘om:
— Uning tag-tugini surishtirmay, xodim deb yurgan edim. Keyin bilsam, ulug‘ kishi ekan.
Mening huzurimda bir qancha xizmatlari bo‘ldiki, undan musulmon askarlariga ko‘p
manfaat keldi. Hazrati oliylari ruxsat bersalar, u o‘tirsa, — dedi.
— Lekin uni sud majlisiga, seni guvoh tariqasida chaqirtirganman.
— Hazrati oliylariga itoat etib, shohidlik vazifamni ado etaman — dedi-da o‘tirib gapga
quloq soldi.
Xalifa:
— Bosh sarkardamiz Afshinning gapicha, Vardon bilan Hammod uning askarlariga taaddi
etib, qo‘llaridan ikki asir ayolni tortib olgan emish. «Biz u masalani Somurroga qaytib
borganimizdan keyin hal etamiz», degan buyrug‘imizga ular bo‘ysunishmagan.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |