www.ziyouz.com
kutubxonasi
118
ustida maxsus maslahatchi qilib oldi va uni tutib kelish yuzasidan ko‘rgan tadbirlarini
Zirg‘omga aytib berdi.
Zirg‘om Afshinga:
— Mening xodimim Vardon armanistonlik. Ota-bobosi ham, o‘zi ham armanlardan. U
o‘sha yerlarni juda yaxshi biladi. Bu ishda undan foydalansangiz bo‘ladi. Istasangiz uni
hozir oldirib kelaman, — dedi.
— Yaxshi bo‘lardi, — dedi Afshin. Zirg‘om bir g‘ulomni chaqirib, Vardonni aytib kelishni
burdi. Vardon kirib, tik turganicha salom berdi. Afshin undan:
— Sen Armanistonning ko‘cha va yo‘llarini bilasanmi? — deb so‘radi.
— Ha, bilaman, — dedi Vardon.
— Xurramiy Bobak qaerga yashirinadi va kimning panohiga boradi deb o‘ylaysan?
— U Armanistonning biror shahariga bora olmaydi, chunki armanilar uni yomon
ko‘rishadi. Qo‘lga tushsa, o‘ldirmay qo‘yishmaydi. U biror o‘rmon yoki vodiy ichida
yashirinishi mumkin. U to‘qayzor deb ataladigan katta vodiyda yashirinsa kerak. Bu
vodiy Ozarbayjon bilan Armaniston orasidagi sero‘t, serdaraxt bir joy. Daraxtlarining
zichligidan unga ot-ulov kirib bora olmaydi, ichida yashiringan kishini topib ham
bo‘lmaydi.
Vardonning bu ma’lumotlaridan foydalanib, Afshin o‘sha to‘qayzorga ayg‘oqchilarini
yubordi. Ular borib, Bobakning o‘sha yerda yashiringanini aniq bilib kelishdi.
Afshin: «Bobak va uning yaqin kishilariga tegmaslik va omonlik berish to‘g‘risida bir
vasiqa yuborsangiz», deb Mu’tasimga kishi yuborgan edi, vasiqa kelgach, omonlik
berilgan kishilardan ba’zilarini chaqirib, «sizlarga omonlik berildi. Endi hech kim sizlarga
tega olmaydi», deb tushuntirdan va shu vasiqani olib, «Bobakning o‘g‘li bilan birga uning
oldiga boringlar», deb buyurdi. Lekin Bobakdan qo‘rqib, uning oldiga borishga hech
kimning yuragi dov bermadi. Afshin:
— Xalifa tomonidan berilgan bu omonlik haqidagi xushxabarni olib borsanglar, u albatta
xursand bo‘ladi, — dedi.
Lekin ular:
— Bobakning kimligini biz yaxshiroq bilamiz, — deyishdi.
Ularning orasidan ikki kishi o‘rnidan turib:
— Mabodo, bizga biror shikast yetsa, bola-chaqalaringni boqaman deb va’da bersangiz,
biz boramiz, — deyishdi.
Afshin o‘z bo‘yniga bu kafolatni olgandan keyin, ular vasiqani olib, jo‘nab ketishdi. Ular
Bobakning oldiga borib, nima maqsadda kelishganini aytgandi, Bobak ulardan birini
o‘ldirib, ikkinchisini: «Bu vasiqasini o‘ziga olib borib ber», deb Afshinning oldiga qaytarib
yubordi, Bobakning o‘g‘li o‘sha kishilarning biridan otasiga xat yozib yuborgandi. Bobak
unga: «U haromi mening farzandim bo‘lganda, orqamdan yetib kelgan bo‘lardi. Mening
unday o‘g‘lim yo‘q. Qirq yil qul bo‘lib, xor-zor yashaganingdan, bir kun boshliq bo‘lib
yashaganing yaxshiroq. Shu gapim senga omanat, unga borib, aytasan», — dedi. Bobak
o‘sha to‘qayzordan jilmay, oziq-ovqatlari tugaguncha yashadi. Ovqati tamom bo‘lgandan
keyin ba’zi odamlarini olib, to‘qayzordan chiqdi. O‘zini qamal qilish uchun yuborilgan
Afshin askarlaridan bittasini ham ko‘rmagandan keyin: «Meni poylab-poylab, qo‘lga
tushirishdan umidlari uzilib, jo‘nab qolishibdi», deb o‘ylagan Bobak akasi Abdullohni,
onasini va boshqa bir xotinni olib, Armanistonga borish niyatida yo‘lga chiqdi. Afshinning
soqchilaridan biri ularni kuzatib turish tayin qilingan askarga xabar qildi. Kuzatuvchilar
boshlig‘i Abussoj degan kishi Bobak ketidan ot qo‘ydi. Ular bir soy yoniga o‘tirib
ovqatlanishayotgandi. Bobak kuzatuvchi askarlarni ilgariroq payqadi-da hamrohlari bilan
qochib qutuldi. Abussoj esa, Bobakning onasi va yonidagi ayolni qo‘lga tushirib Afshinga
yubordi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |