www.ziyouz.com
kutubxonasi
11
Taka yiqildi, keyin qochib borib ikki xarsang o‘rtasidagi bir chuqurlikka burildi. Takaning
yiqilganini ko‘rgan Jahon sevinganidan: «Ana yiqildi. Marjon, yugur, uni olib kel», deb
baqirdi. Marjon, hamrohi va otboqar uchalasi taka tomon chopib ketishdi. Jahon
sevinganidan yuragi yorilguday bo‘ldi. Hayzuron kulib, uning yoniga keldi:
— Bu takani qulatganingdan juda xursand bo‘ldim. O‘qing unga tekkani uchungina
emas, yo‘q. Sen uni nishonga olayotganingda men, «agar Jahon shunga tekkiza olsa,
albatta Zirg‘omga ham yetishadi», deb xayolimdan o‘tkazgan edim. Endi, qizim, albatta
maqsadingga yetishasan. Xursandligim mana shundan.
Jahon jilmayib dedi:
— Men ham xuddi shuni ko‘nglimga keltirgan edim. Endi «Zirg‘om sening munosibing»,
deb ayta olasizmi?
— Men g‘o‘r mulohazalarimni senga aytgan edim. Hozir esa Zirg‘omga muhabbatim juda
ham oshib ketdi.
Ular shu qabilda hazillashib kulishdi. Hayzuron o‘z fikrini ochiq aytib, Jahonning ko‘ngliga
chiroq yoqqandek bo‘ldi.
Tog‘ takasini sudrab kelayotganlarning hayqiriq ovozini eshitgan Jahon ular tomon
yugurdi. Taka o‘lgan edi. Uning bir o‘q bilan o‘lganidan Jahon ajablandi. Uning o‘qi
hamon takaning biqinida sanchig‘liq turardi. U yana boshqa bir o‘q takaning bo‘g‘zida
sanchilib yotganini ko‘rib qoldi-da, «Hoy, bunda ikkita o‘q bor, men faqat bitta otgan
edim-ku, mana bu ikkinchi o‘qni qaranglar, bu qaerdan kelib tegdi? Marjon, bu o‘qni
darrov chiqarib ol!» deb, xizmatkorga buyurdi. Marjon juda qiyinchilik bilan o‘qni tortib
oldi va «taka shu o‘q bilan o‘lgan», deb uni Jahonga uzatdi. Jahon o‘qni oldi-da,
barmoqlari bilan u yoq-bu yog‘ini ag‘darib ko‘zdan kechirdi. O‘qning patida arab tilida
yozilgan bir xatga ko‘zi tushdi. Jahon arabcha xatni o‘qishni bilardi. U xatning harflarini
hijjalab, turib, birdan «Zirg‘om» deb baqirib yubordi-da: — Mana bu o‘qda Zirg‘omning
ismi yozilgan ekan, — dedi. Marjon ham arab harfi bilan bitilgan yozuvlarni bilgani
uchun, uni o‘qib ko‘rdi-da: «Ha, to‘g‘ri, bunda Zirg‘omning ismi bor», — dedi.
Bu tasodifdan hang-mang bo‘lib qolgan Jahon Hayzuronga qaradi. Esankirab qolganini
ikki erkakdan yashirmoq uchun u o‘zini bazo‘r qo‘lga oldi. Keyin ularga qarab: «Takani
biror yerga olib borib so‘yinglar-da, nima qilsangiz, ixtiyor o‘zlaringizda», — dedi. Ular
uzoqlashgach, Hayzuronga qarab:
— Bu hodisaga nima deysiz? — dedi.
— Meningcha, — dedi Hayzuron, — Zirg‘om shu o‘rtada bo‘lishi kerak. Bu o‘q bilan
takani otgan ham muqarrar o‘shaning o‘zi. Lekin taka jarohatlanganicha uzoq yerlarni
bosib kelganga o‘xshaydi, chunki tog‘ takalari bu yerdan uzoq bo‘lgan Toshkent
daryosining* qirg‘oqlarida yoyilib yuradi.
Jahon «bu tushimmi yo o‘ngimmi» deb xayolga cho‘mdi va boshini quyi solib:
— Bu juda g‘alati tasodif, ammo hali ham men yanglishdimmikan degan xavotirdaman.
Lekin ko‘nglim buni rost deb aytyapti. Xo‘p, mayli, gumonimiz to‘g‘ri chiqsa, uni siz hozir
qaerda deb o‘ylaysiz? — dedi.
— U Farg‘onaga kirishdan avval dam olish uchun biror soy atrofiga tushgan bo‘lsa kerak.
Lekin men bu tomonlarda Toshkent daryosidan bo‘lak suv borligini bilmayman, ehtimol,
u daryoning sharqiy qirg‘og‘iga tushgan bo‘lsa,— dedi Hayzuron.
Jahon so‘radi:
— Siz aytayotgan qirg‘oq bu yerdan uzoqmi?
— Bir-ikki farsah* keladi, o‘sha tomonga borging kelayotganga o‘xshaydi-a?
Xijolat aralash tabassum qilgan Jahon, nega bunday savol berayotganini aniq bilish
uchun Hayzuronning ko‘ziga tikildi. O‘zining fikriga qo‘shilayotganini sezib, Hayzuronga:
«Ha, biz uni izlab borsak, qanday bo‘larkin deysizda», — dedi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |