www.ziyouz.com
kutubxonasi
62
ku. Savob uchun tushdim bozorga, bor puli shu bo‘lsa, men nima qilay?
— Axir, menam bolamga pufayka obermoqchiman,— dedi onam yig‘lamsirab.
— Savob ham kerak-da odamga, yanga! — Dallol oyimning qo‘lini qo‘yib yubormay
shang‘illadi. — Dunyoga kelib, nima karomat ko‘rsatdik?! Ko‘prik soldikmi, machit
qurdikmi...
— To‘g‘ri-ku, lekin... Bolamga pufayka... Zotli mol...
Endi onamning gapini xaridor bo‘ldi.
— Xudoga shukur deng, singil. Bolangizni boshida otasi bor ekan, siz bor ekansiz. Jayam
yangi bo‘lmasa eskiroq pufayka oberarsiz. Bu bechoraning kimi bor?
Oyim bolaga bir nafas termilib turdiyu arqonni sekin qo‘yib yubordi. Bola hamon lablarini
pichirlatib yong‘oq sanar edi.
— Mang, yanga! Rozi bo‘ling, — dallol pulni sanab oyimga tutqazdi. — Xizmat haqimni
opqoldim. Ammo rozi bo‘ling.
Oyim pul changallab turgan qo‘li bilan tag‘in bolaning do‘ppisi ustidan boshini siladi.
— Xafa bo‘lma, o‘rgilay! Buvingga mendan salom aytgin. Echki sotgan xotin salom aytdi,
degin.
Dallol bir tomonga, echki yetaklagan choponli odam bilan bola ikkinchi tomonga ketib,
zum o‘tmay odamlar orasidan g‘oyib bo‘lishdi. Onam qo‘liga tuflab-tuflab pulni hafsala
bilan sanadi, nimchasining cho‘ntagiga soldi. Ammo ko‘ngli to‘lmadi shekilli, o‘sha zahoti
cho‘ntakdan qaytarib olib ko‘ylagining yoqasi tagiga yashirdi. G‘ussaga cho‘kib xo‘rsindi.
— Xudodanam o‘rgilay! Bandasining boshiga shuncha g‘am solmasa nima qipti-ya!
Ikkalamiz indamay yo‘lga tushdik. Oyim qo‘limdan tutgancha boshini quyi solib borar,
chamasi boyagi bolani ham, hozir uyga borib dadamdan so‘kish eshitishni ham o‘ylar,
o‘ylab o‘yiga yetolmas edi. Yana o‘sha kabobpaz, oshpaz oldidan o‘tdik. Kabob isi
so‘lagimni oqizsa ham indamadim. Bilaman, endi oyim kabob obermaydi.
Bozor darvozasiga yetganda onam to‘satdan to‘xtab qoldi.
— Voy sho‘rim! — dedi rangi o‘chib.
Men onam pulni oldirib qo‘ydi deb qo‘rqib ketdim.
— Echkini arqoni bilan berib yuboribmiz-ku! — U shunday dedi-yu, qo‘limdan mahkam
tutgancha odamlar orasiga sho‘ng‘ib yana orqaga sudrab ketdi.— Irimi yomon bo‘ladi.
Molni arqoni bilan sotib bo‘lmaydi. Voy, meni yer yutsin! Endi nima qildik-a? Bizni kutib
o‘tirarmidi. Ketib bo‘ldi endi! — U shunday derdi-yu, odamlarga urilib, surilib mol
bozoriga shoshilardi. Ana, yana bozorga kirdik. Endi mollar xiyla kamaygan, biroq odam
qalin edi. Boyagi «o‘zimizning» joyga qaytib keldik. Ammo endi bu yerda toychoq
savdosi bo‘layotgan ekan.
— Dallol shu yerning odami-ku. Topilar axir, — derdi oyim menimi, o‘zinimi yupatib.
Odamlar to‘dasida anchagina garangsib yurdik. Bir mahal... bir mahal mo‘jiza
ko‘rgandek taqqa to‘xtab qoldim. Atrofga alang-jalang qarayotgan onam qo‘limdan
siltadi.
— Yursang-chi, anqaymasdan!
— Qoraquloq, — dedim sekin. — Ana, Qoraquloq! O‘zimning echkim.
Men echkimni darrov tanidim. Qulog‘idan tanidim. Yo‘q, o‘zi oq, qulog‘i qora bo‘lgani
uchunmas. Chap qulog‘ining qiyshiqligi uchun. Ertalablari echkini sog‘ishdan oldin oyim
uni iyitish uchun bolasini birpas emizib olardi. Uloq onasining yeliniga bir yopishgandan
keyin ajratish qiyin bo‘ladi. Shunda men uning qulog‘idan ushlab tortaveraman,
tortaveraman. Har kuni tortaverganim uchun bir qulog‘i qiyshayib qolgan.
— Qani? — dedi oyim alanglab. — Qani echki?
— Ana! — qo‘lim bilan o‘n qadamcha narida, bir to‘da odam orasida turgan echkimni
ko‘rsatdim. Boyagi eski choponli kishi echkining arqonidan ushlab turar, telpagining
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |