www.ziyouz.com
kutubxonasi
17
Bunday «maqtovlar» Shayxni battar jazavaga soladi. Har tepinganda yer zirillab ketadi.
Ba’zan hangomatalab yigitlar Shayxni o‘rtaga olib qolishadi.
— Bu... to‘yni qachon boshlaymiz, Shayx?
Shayx tilini chiqarib iljayib qo‘yadi.
— Senga ham xotin olib beraylik bundoq.
— Xotinmas, qidz...
— A?.. Voy ko‘nglingning ko‘chasidan o‘rgildim! Seni ko‘rgan qiz infarkt bo‘lib «Grudnoy
xirurgiya»ga tushadiku!
Shayx xafa bo‘lmaydi. Umuman, xafa bo‘lishni bilmaydi. Iljayadi.
Onamning yigirmasi bo‘layotgan edi. G‘ira-shira tong otayotganda eshikdan ko‘ylakchan
Shayx lapanglab kirib keldi.
— Iya, ana, Shayx kelib qoldi! — dedi allakim tantana bilan. — Qani, samovarga o‘zing
qaray qol.
Ammo Shayx hovli burchagida turgan samovarlar tomonga yurmadi. Hech kimga
qaramay bir hatlab ayvon zinasidan chiqdi-yu, oyimning xonasiga yo‘naldi.
— Hoy, Shayx o‘lgur, qayoqqa? — ayollardan biri uning yo‘lini to‘sdi. — U yerda
qariyalar o‘tiradi.
— Qoch! — dedi Shayx ko‘zini olaytirib. Keyin onamning xonasiga kirdi-yu, to‘satdan
o‘zini yerga otdi.
— Oyi! — dedi xirillab. — Oyi-i-i!
Yoqasiga chang solib bir tortgan edi, kir ko‘ylagi shir etib yirtildi-da, qop-qora, baquvvat
yelkalari titragancha og‘zidan ko‘pik sachratib hayqirdi:
— Oyi! Oyi!
U har «oyi» deganda boshini yerga urar, yerni mushtlar edi.
Birpasda peshonasi momataloq bo‘lib ketdi.
— Oyi! Qayoqqa ketdidz, oyi!
Umrida yig‘lamagan Shayxning nolasi hammani karaxt qilib qo‘ygan edi. Kimdir
ko‘tarmoqchi bo‘lgan edi, Shayx siltab yubordi.
— Tegmanglar! — dedi allakim pichirlab. — Mayli, yig‘lab olsin.
Anchadan keyin u gandiraklab o‘rnidan turdi. Hech kimga qaramay hovliga tushdi-yu,
indamay chiqib ketdi.
«TOY»
Bultur bahorda eshigimiz oldidagi gullarni sug‘orayotgan edim, yap-yangi «Moskvich»
kelib to‘xtadi. Mashina eshigi ochilib, zabardast gavdali yigit tushib keldi. Taniy olmadim.
— Hormang, dehqonchilik katta-ku! — dedi notanish yigit do‘rillagan ovoz bilan.
Shunda hayratdan baqirib yubordim:
— Iya, Toymisan?
Ha, xuddi o‘sha Toyning o‘zi. Faqat shuncha bo‘y, bunaqa uzun qo‘l-oyoqlarni qayoqdan
oldi ekan! Yaqindagina buloqdek oqib turadigan burnini eplolmay mashaqqat chekadigan
bola edi.
— Poshsha oyimlarni ko‘rgani keldim! — dedi bahaybat qomatiga uncha mos
kelmaydigan alpozda muloyim jilmayib. Uzun oyoqlarini katta-katta bosib hovliga kirdi-
yu, onamga duch keldi.
Qiziq, onam uni darrov tanidi.
— Voy, o‘zimning toychoq o‘g‘limdan aylanay! Voy, o‘zimning o‘g‘lim kelib qolibdi-ku!
Onam peshonasidan o‘payotganda Toy ikki bukilib turdi.
— Mashina teguvdi, — dedi yana iljayib. — Sizdan fotiha olgani keldim. Yuring, bir
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |