www.ziyouz.com
kutubxonasi
9
ENG OG‘IR GUNOH
Kuz kirganini qishloq bolasining qo‘lidan bilsa bo‘ladi. Yong‘oq hali «paqqa» bo‘lib
ajralmasdan turib, daraxtga tarmashib ketamiz. Xom yong‘oqning po‘stini tozalash oson
emas. G‘adir-g‘udir g‘isht topib, ishqalayverasiz, ishqalayverasiz. Oxiri sap-sariq yong‘oq
ajralib chiqadi. Ammo qo‘lingiz ham xina qo‘ygandek sarg‘ayib ketadi. Loy bilan ming
marta ishqalab yuvsangiz ham foydasi yo‘q. Pishmagan yong‘oqning bitta yaxshi tomoni
bor: og‘ir bo‘ladi. Uchi bilan dum tomonini yaxshilab ishqalab yog‘lasangiz, zoldirdek sip-
silliq soqqaga aylanadi. Ana undan keyin «soqqa quvar» o‘ynayverasiz. Soqqa qancha
kichkina bo‘lsa, shuncha yaxshi. Manaman degan yong‘oqqa qars etib uriladi-yu, o‘ziga
uncha-muncha yong‘oq tegmaydi. Tuproq orasiga yashirinib yotaveradi. O‘yin-ku o‘z
yo‘liga. Yong‘oqning yana bitta fazilati bor: qorinni to‘q tutadi. To‘rttasini yeb olsangiz,
yarim kun kekirib yurasiz.
... Endi o‘ylab qarasam, o‘sha — urush endi tugab, og‘irchilikning zahri ketmagan
yillarda yaxshiyam meva-cheva bo‘lgan ekan. Odamlarning joniga shu ora kirgan ekan-
da. Erta ko‘klamda sumalak, ketidan ismaloq, keyin qarabsizki, tut pishadi. Ermon buva-
ning tuti! Mayiz deysizmi, shinni deysizmi, hammasi tutdan bo‘ladi. Bundan keyin olma,
uzum, kuzda yong‘oq. Ham ovqat, ham o‘yin.
Bir kuni Xo‘ja, Toy, Vali to‘rtovlashib rosa soqqa quvar o‘ynadik. Jimitdekkina soqqam
bilan bir do‘ppi yong‘oqni yutib oldim. O‘yinga jo‘raboshimiz ham aralashgan edi, uyam
bir cho‘ntak yong‘og‘idan ayrildi.
Kechqurun og‘zim qulog‘imga yetgudek bo‘lib bir do‘ppi yong‘oq ko‘tarib keldim.
Qarasam, oshxona tomondan gup-gup etgan tovush kelyapti — oyim o‘g‘irda tolqon
qilyapti.
Nima uchundir onam tez-tez tolqon qilardi. Sababini keyin tushunganman. Non ko‘pligi
uchun emas, kamligi uchun tolqon qilisharkan. Tolqon to‘yimli bo‘ladi. Ikki qoshiq yeb,
ustidan olma choy ichsangiz, darrov nafsingiz qonadi.
Yong‘oqni ko‘tarib oshxonaga kirdimu do‘ppini uzatdim.
— Qayoqdan olding? — dedi oyim ko‘zimga tikilib.
— Yutdim. Mang, tolqonga soling.
Bilaman, yong‘oqli tolqonning ta’mi boshqacha bo‘ladi. Yog‘ mazasi kelib turadi.
Onam do‘ppi to‘la yong‘oqni qo‘limdan olib, yelkamga qoqdi:
— Bor, sabr qilib turgin, hozir yong‘oq tolqon qilib beraman.
Supadagi xontaxta oldiga borib o‘tirdim. Dasturxonda to‘nkarib qo‘yilgan ikkita piyola
bilan choynakdan bo‘lak narsa yo‘q edi. Zum o‘tmay oyim boyagi tovoqda tolqon ko‘tarib
keldi. Bir qoshiq tolqon yeyishim bilan to‘satdan soqqam esimga tushib qoldi. U
cho‘ntagimni qarayman — yo‘q, bu cho‘ntagimni qarayman — yo‘q.
— Nima bo‘ldi? — dedi oyim tipirchilayotganimni ko‘rib.
— Soqqam qani?
— Qanaqa soqqa?
— Yutadigan soqqam!
Birdan ko‘nglimga g‘ulg‘u tushdi. Oyim soqqamniyam qo‘shib chaqib qo‘ygan bo‘lsa-ya!
Og‘zimda tolqon bilan oshxonaga yugurdim. Bir chekkada yarimta g‘isht, yonida tesha
yotibdi. Po‘choqlar orasini titkilab, yutadigan soqqamning yaltiroq po‘chog‘ini topdim.
Alamimdan chinqirib yubordim:
— Soqqamni nima qilib qo‘ydingiz?
Supa tomondan onamning ovozi keldi:
— Nima bo‘pti?
— Nima qildingiz? — dedim alam bilan. — Soqqamni nima qilib qo‘ydingiz?!
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |