www.ziyouz.com
kutubxonasi
80
— Odamlarni ahmoq qilaman de! — deb qichkirdi prokurator va zahrasi uchib o‘rnidan turib
ketdi.— Ana endi ishondim. Seni haqiqatan taxtaga tortish kerak ekan. Seni faqat o‘lim tinchitadi!
— Sen yanglishasan, shonli hukmdor, o‘lim ruh oldida ojiz,— qat’iyat bilan dona-dona qilib dedi
Iso.
— Nima? Nima deding? — o‘ziga ishonmay hayratlandi Pontiy Pilat Isoga yaqinlashib borarkan,
uning g‘azab va hayratdan o‘zgarib ketgan yuzi qizg‘imtir qora dog‘lar bilan qoplandi.
— So‘zlarimni eshiting, hukmdor.
Pontiy Pilat nimadir demoqchi bo‘lib, o‘pkasini to‘ldirib nafas oldi, qo‘llarini siltab yuqori
ko‘tardi, lekin shu payt shahsuvorning gursillagan qadam tovushi eshitildi.
— Nima deysan? — qovog‘ini solib so‘radi prokurator uning qoshiga qandaydir o‘rog‘lik qog‘oz
ko‘tarib kelayotgan qurolli saroy askaridan.
— Sizga yubordilar,— deb qisqa javob berdi askar va shu zahoti ko‘zdan yo‘qoldi.
Pontiy Pilatga xotini xat yo‘llagan edi: «Hukmdorim, sizdan o‘tinib so‘raymanki, o‘sha sargardon
yo‘lovchiga og‘ir azob bermang. Odamlarning aytishlariga qaraganda, uni Xristos der emishlar.
Hamma uni beziyon, taqvodor odam deydi. Har turli mayib-mashriqlar, kasal bechoralarni tuzatar
emish, mo‘‘jizakor emish. Uni Xudoning o‘g‘li, Masih, Yahudoning sultoni desalar, quloq solmang,
balki tuhmat qilishayotgandir. Yana bilmadim, bunga mening aqlim yetmaydi. Yahudolar qanday
janjalkash, serg‘alva xalq ekanliginy o‘zingiz bilasiz. Mish-mishlar rost chiqsa-chi, unda nima bo‘ladi?
Qora xalqning og‘zida yurgan gap keyin ko‘pincha to‘g‘ri chiqadi-ku. Mabodo, bu safar ham, rost
bo‘lsa, unda sizni tavqi la’nat qiladilar. Eshitishimcha, bu yerdagi sinagoglarning kishilari va shahar
oqsoqollari Isoga xalq ergashganini ko‘rib, qo‘rqib ketganmishlar, undan o‘ch olish payiga
tushganmishlar. Ruhoniylar Isoni qo‘rolmay, johil olomonni unga qarshi bo‘hton qilib tezlagan
emishlar. Kecha uning etagida ibodat qilganlar, bugun uni toshbo‘ronga tutibdilar. Ojiz aqlim bilan bir
nima deyolmayman-u, lekin azizim Pilat, zavjayi muhtaramim, agar siz bugun bu savdoyini qatl
etishga muhr cheksangiz, keyinchalik faqat sizni yomonotliq qiladilar. Axir, biz o‘la-o‘lguncha bu
yerda qolib ketmasmiz-ku. Men sizni Rimga oliy unvonlar va izzat-hurmatlar bilan qaytishingizni
istayman. Aslo bunga yo‘l qo‘ymang, azizim Pilat. Boya soqchilar olib o‘tishayotganda, unga ko‘zim
tushdi, xuddi yosh iloh kabi ko‘rkam yigit ekan. Bilasizmi, kecha bir tush ko‘ribman. Keyin o‘zingizga
so‘ylab beraman. Juda muhim. O’zingiz va nasllaringiz boshini malomatga qo‘ymang!»
— Yo Xudo, Xudo! Ne gunoh qildim senga? — deb ingrab yubordi Pontiy Pilat. Va yana
nechanchi marotaba bu devonasor, majzub, yolg‘on payg‘ambarni darhol, hech qanday ortiqcha gap-
so‘zsiz qo‘riqchilar bilan shahar tashqarisiga, G’ulqof qatlgohiga jo‘natib yubormaganligi uchun afsus-
nadomat chekdi. Axir Quddus hakamu hukamolari shuni talab qilishmayaptimi. Mana endi, hokimlik
idorasiga bosh ko‘shmagan bir xotini qolgan edi. Bunda ham u Iso tarafdorlarining yashirin qo‘llarini
ko‘rganday bo‘lar, yo‘q deganda, bularning barini osmon kuchlarining bu ishga qilayotgan qarshiligiga
yo‘yardi. Biroq dunyoning ishlari ma’budlarni unchalar qiziqtirmaydi. Xotini esa, noqis aqli bilan
siyosatni tushunarmidi. Qaysarlarni behurmat qilib yurgan shubhali daydi Isoni deb, Rumoning sodiq
fuqarolari bo‘lmish ruhoniylar Kayafa hamda Baytulmuqaddas a’yon-ashroflari bilan orasini buzsinmi,
ularni o‘ziga dushman qilib qo‘ysinmi? Buning unga nima keragi bor? Ajabo, bu nusxaning nimasi
chiroyli? Yosh iloh kabi emish! Yosh bo‘lsa bordir. Shunga shunchami. Unchalar maqtaydigan joyi
yo‘q. Ana turibdi, olomon kaltaklagan itday. Xotinining ko‘ziga nechuk ko‘rindi ekan? Hukmdor xatni
mulohaza qilib, o‘ychan kezindi. So‘ng og‘ir xo‘rsinib, yana joyiga o‘tirdi. Ilgari ham shu fikr necha
bor kallasiga kelgandi: bunday qarasang, odamlar juda pastga o‘xshaydilar — bavl qiladilar,
ho‘llaydilar, qo‘shiladilar, tug‘iladilar, o‘lib-qiriladilar, tag‘in tug‘iladilar va o‘ladilar, qanchadan-
qancha yovuzliklar hamda tubanliklarni ortmoqlab yuradilar, mana shunday qabohat va battarinliklar
ichida yana qayoqlardandir — bashorat, karomat, rasullar, ruhiyat e’jozlari ham paydo bo‘ladi.
Manavini aytmaysizmi endi — u o‘z qadriga shunchalar ishonadiki, xuddi osmonda uchib yurganday,
tush ko‘rayotganday. Lekin, bas. Uning hushini joyiga keltirib qo‘yish kerak! Yetar endi!
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |