www.ziyouz.com
kutubxonasi
77
II
O’shanda Quddusda havo ertalabdan qizib, kun issiq bo‘lishidan darak berardi. Irod saroyining Ark
ayvonida marmar ustunlar tagida prokurator Pontiy Pilat o‘ziga kursi qo‘yishni buyurdi. Bu yerda
pastdan esayotgan yelvizak uning sandal kiygan oyoqlarini bilinar-bilinmas yelpib o‘tardi. Katta
bog‘dagi adl teraklarning uchlari shabadada erinchoqlik bilan qimirlar, ularning yaproqlari bu yil
barvaqt sarg‘aya boshlagandi.
Saroyning Ark ayvoni joylashgan shu tosh tepalikdan shahar kaftdek ko‘rinib turar, hozir havo
tobora qizib borarkan, shahar manzaralari oq harir parda ichra jimirlab ko‘zga chalinar,— hatto
Quddusning doim ravshan ko‘rinadigan tevarak-atroflarini ham oqarib yotgan sahro sarhadlarida arang
payqash mumkin edi.
O’sha kuni ertalab xuddi ko‘zga ko‘rinmas iplar bilan osmonga osib qo‘yilganday qanotlarini keng
yozib yolg‘iz bir qush sas chikarmay suzib yurar, ma’lum vaqt orasida hech kanda qilmay katta bog‘
ustidan uchib o‘tardi. Burgutmikin, kalxatmikin, shu ikkisidan bo‘lak hech qanday qushning bunday
issiq kunda uzoq hamda zerikarli uchishga qurbi yetmaydi. Og‘irligini u oyog‘idan bu oyog‘iga solib
turgan nazarlik Isoning ko‘kda aylanib yurgan qushga bexos ko‘z qirini tashlaganligini payqab
prokurator birdan og‘rindi va tutoqib ketdi. U zahar sochib dedi:
— Sen qayoqqa qarayapsan, Yahudoning podshosi? Boshingda ajal qushi aylanyapti!
— U hammamizning boshimizdan aylanyapti,— ohista, xuddi o‘zi bilan o‘zi so‘zlashayotganday
javob berdi Iso va qorayib momataloq bo‘lib ketgan ko‘zini kafti bilan paypaslab qo‘ydi: sinedrionda
sud qilish uchun eltayotganlarida bozor oldida ruhoniy va oqsoqollar gij-gijlagan olomon uni
urto‘qmoq qilgan edi. Ayrimlar rahmsiz kaltaklagan, boshqalari basharasiga tupurgan o‘sha damlarda
ruhoniylar ruhoniysi Kayafaning odamlari o‘zini nechog‘lik qattiq yomon ko‘rishlarini tushundi, ha
quddusliklarning sudidan hech kanday rahm-shafqat kutib bo‘lmaydi, shundayku-ya, lekin uni
olomonning aynimachoqligi va jaholatga minib quturishi taajjubga solib qo‘ydi, go‘yo shu paytgacha
ular ichidan hech kim uning darodiligini bilmaganday, go‘yo shu paytgacha ular ibodatgohlar va
maydonlarda nafaslarini ichlariga yutgancha qimir etmay uning va’zlarini eshitmaganday, go‘yo ular
xo‘tigini ergashtirgan ko‘k eshakka minib shahar darvozalaridan kirib kelganida shodu xurram qarshi
olmaganday, go‘yo ular umid-omol bila: «Sallamno bani Dovudga! Sallamno va akram!» — deb
qichqirishib, eshagi oyog‘i ostiga gullar otmaganday.
Mana endi, u yirtilib dalva-dalva bo‘lib ketgan ust-boshda parishon va faromush alfozda
taqdirimda yana nimalar bor ekan deganday Pontiy Pilat qoshida mustar turibdi.
Prokuratorning esa shu tobda asabi g‘oyatda buzilgan va qizig‘i shundaki, hammadan burun
o‘zidan — o‘zining sustligi, birovga tushuntirib bo‘lmaydigan jur’atsizligidan xafa edi. Na Rim
qo‘shinlarida xizmat qilib yurganlarida va na mana hozir prokuratorlik chog‘larida u hech qachon
bunday holga tushmagandi. Rostdan ham kulgili emasmi, axir! — sinedrionning hukmini shartta
tasdiqlash va ortiqcha boshog‘riqdan qutulish o‘rniga u tergovga kuchi hamda vaqtini sarf qilib
o‘tiribdi. Holbuki, Baytulmuqaddas ruhoniylar ruhoniysi va mushriklari uning farmoyishiga ilhaq,
ularni darhol chaqirib, mana, olinglar, gunohkor sizlarniki, nima qilsalaringiz, o‘z ixtiyorlaringiz, desa
bo‘ladi-ku, axir. Shunga qaramasdan, Pontiy Pilatga shunday osongina yo‘l tutishga nimadir xalaqit
bermoqda edi. Buning ustiga manovi masxaravoz shuncha ovora bo‘lishga arzirmikin?..
Lekin bu tentakni ham ko‘ring-da axir! Qarangkim, u Yahudoning podshosi, muhibbi Rabboniy
emish, Ilohning odil saltanatini tuzmoq uchun Xudo tomonidan yahudolarga tortiq qilinganmish,
Uning odil saltanatida qaysaru qaysarchalarga, ularning noyiblariga va yaloqi sinagoglarga o‘rin
yo‘qmish, jami odamlar endilikda to oxiratga qadar bir-birlariga tengu birodar bo‘lar emishlar. Necha-
necha kishilar davlat qushini boshlariga qo‘ndirishga harakat qilmaganlar, lekin bunaqa aqlli, ayyor va
bunaqa g‘addorini hali hech kim ko‘rmagan edi. Bunaqalar saltanat tepasiga kelsin-chi, avval qanday
bo‘lsa, xuddi shunday hukm yuritaveradi, zotan, dunyoga hayotning boshqacha yo‘rig‘i yo‘q va
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |