www.ziyouz.com
kutubxonasi
73
olishdi. Hali oftob ufqqa botmagan, hammayoq yop-yorug‘ bo‘lsa-da, Lyonka vagonning bir
chekkasida uyquga ketgan, boshqalar ham uxlamoqchi bo‘lib turardilar. Qandaydir arzimagan
narsalarni gaplashib, chekib o‘tirgan choparlar birdan jim bo‘lib qolishdi, so‘ng Grishan tomonga
qarab ko‘ya-qo‘ya allanarsani shivirlasha boshlashdi.
— Quloq sol, Grishan,— deya unga qarata murojaat qildi Maxach,— biz bu yerda o‘tirib, umumiy
majlis qilib qaror chiqardik. Bir oz kayf qilsak-chi, a? Vaqt hali bor, kayf qilamizmi? Menda, aziz
tamada, shunaqangi bir olqindisi borki, voh-voh, bunaqasini faqat Bag‘dodning o‘g‘risi chekkan!
Grishan Avdiyga: xo‘sh, qalay, deganday tezgina qarab oldi. Keyin birpas jim turdi-da, vaqt
o‘tkazib, dedi:
— Olaveringlar!
Hammalariga jon kirib, Maxachni o‘rab olishdi. Maxach kurtkasining qaysi bir yeridan o‘sha
Bag‘dod o‘g‘risi chakadigan olqindisini chiqardi. Uzunchok va katta papiros o‘radi, o‘zi birinchi bo‘lib
tortdi, keyin yonidagilarga uzatdi. Har biri nasha tutunini ichiga huzur qilib tortib, so‘ng papirosni
sherigiga cho‘zardi. Navbat Petruxaga yetganda, u tutunni ichiga yutoqib ko‘zlarini yumib, chuqur
tortdi-da, so‘ng Avdiyga uzatdi:
— Qani, Avdyas, sen ham bir tort! Sening qaering kam? Ma, chek! E, muncha o‘zingni
opqochasan, qiz bolamisan, nima balo?
— Yo‘q, Pyotr, men chekmayman, ovora bo‘lma! — Petruxaning ko‘lini qat’iy qaytardi Avdiy.
Petruxa darrov ranjidi:
— Hech popliging qolmadi-da! Qoyilman-e senga, pop-sop! Senga yaxshilik qilmoqchi bo‘lsak,
sen bizdan irganasan!
— Men irganayotganim yo‘q, Pyotr, to‘g‘rimas bu gaping!
— Bor-e, senga gap uqdirib bo‘larmidi! — qo‘lini siltadi Petruxa va yana bir karra ichiga chuqur
tortib, parirosni Maxachga berdi, u esa kavkazcha chaqqonlik bilan uni Grishanga uzatdi.
— Endi, aziz tamada, sening navbating! So‘z senga! Grishan indamay uning qo‘lini nari surdi.
— Mayli, o‘zing bilasan, o‘zing — xon, ko‘lankang — maydon! — achingan bo‘lib, boshini
chayqadi Maxach, papiros yana davra aylana boshladi. Lyonka so‘rib-so‘rib chekdi, undan keyin malla
Kolya, keyin Petruxa va yana Maxach. Ko‘p o‘tmay chekuvchilarning kayfiyatlari o‘zgara boshladi,
ularning ko‘zlari goh tuman bilan qoplanar, goh yilt-yilt etib ketar, og‘izlarini qiyshaytirishib sababsiz
iljayishar, o‘zlarini g‘oyatda baxtiyor sezishar, faqat Petruxagina haliyam ginasini unutmagan, ora-sira
Avdiy tomonga norozi nazar tashlar, poplar o‘zi hammasi to‘ng‘iz bo‘ladi, deb to‘ng‘illardi.
Grishan bir chekkada kursichasida chekuvchilarga bamaylixotir qarab o‘tirar, lablaridan ko‘pni
ko‘rgan odamlarday kinoyali, takabbur, yanib qo‘yguvchi tabassum arimasdi. U vagonning ochiq
eshigi oldida turgan Avdiyga dam-badam o‘qrayib o‘g‘rincha nigoh tashlar, qarashidan bo‘layotgan
ishdan mamnunligi sezilar, shak-shubhasiz bularning bari pokdomon Avdiyga qanday ta’sir
qilayotganligini fahmlab turardi. Avdiy Grishan choparlarga nasha chekishga ijozat berib, o‘ziga bir
tomosha ko‘rsatmoqchi bo‘lganligini anglardi. Ko‘rib qo‘y, qanday bo‘larkin? Mening kuchim nimada
ekanligini bildingmi? Sening yuksak intilishlaring bu battarinlik oldida qanchalar ojiz ekanligini endi
tushundingmi?
Garchi Avdiy o‘zini ularning qilg‘iliklari bilan ishim yo‘q deganday ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da,
lekin ichida Grishanga hech narsani qarshi qo‘yolmayotganidan, ojizligidan qat’iy o‘kindi. Choparlarni
Grishanning ta’siridan qutqarish uchun amalda nima qilsa bo‘ladi, axir. Ana shunda Avdiy chiday
olmadi. U g‘azabini yashirib, jilovlolmay qoldi. Petruxa papirosning oxirini chekish uchun yana unga
tutganda, u o‘zini tutolmadi, nihoyat, yorildi. Papirosning qoldig‘i ham so‘rilavergandan xunugi chiqib
ketgan, sarg‘ish-zaqqum tusga kirgandi.
— Ol, Avdyas, muncha aftingni burasan, voy popni bolasi-ey! Men chin ko‘ngildan aytyapman.
Hamma mazasi oxirida bo‘ladi, miyang qaymoqday oqib ketadi! — tiqilinch qilib qo‘ymasdi xira
Petruxa.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |