www.ziyouz.com
kutubxonasi
78
bo‘lmaydi ham. Ammo badkirdor buni besh qo‘lday yaxshi biladi, lekin bari bir nayrangini qo‘ymaydi!
Sodda odamlarni yangi Saltanat quramiz deb aldaydi. Har bir odam o‘z yuragidagi gumoniga ko‘ra
boshqaning ustidan hukm chiqardi, degan gap haq bo‘lsa, bu yerda ayni shuning o‘zginasi edi:
prokurator yuragining eng yashirin yerlarida orulangan, lekin amalga oshishiga o‘zi ham ishonmagan
hayollarni Isoga taqamoqda edi. Hammasidan ham, xuddi mana shu narsa Pontiy Pilatning g‘ashiga
tegar va shu boisdan mahkumga bir vaqtning o‘zida ham qiziqib qarar, ham nafratlanardi. Prokurator
nazarlik Isoning sirini bilib oldim, deb o‘ylardi: bu daydi bashoratgo‘y yer yuzida g‘alayon
chiqarmoqchi, odamlarga Yangi Saltanat va’da qilib, eskini yiqmoqchi va yangining ustiga
o‘tirmoqchi. Obbo, mug‘ambir! Rumo Saltanatining Kichik Osiyodagi viloyatlari hokimi bo‘la turib,
Pontiy Pilat hayoliga keltirmagan, to‘g‘rirog‘i, hatto orzu qilishga qo‘rqqan narsalarni nahot shu ojiz
va nochor Yahudo ko‘kragida ko‘tarib yurishga jur’at etsa-ya. Daydi karomatgo‘y Isoni boshqacha
yo‘llar bilan tergar va so‘roqqa tutarkan, tajribakor prokurator o‘zini mana shunga ishontirar, shunga
chog‘lar, shunday xulosa chiqarishga hozirlardi: har safar o‘zini mahkumning o‘rniga qo‘yib
ko‘rganda, uning hokimlik da’vo qilayotganidan tepa sochi tik turardi. Shundan Pontiy Pilatning
jig‘ibiyroni chiqar, shubhalar o‘tida qovurilar — dam Baytulmuqaddas Sinedrioni tomonidan Iso
ustidan kuni kecha chiqarilgan o‘lim hukmini tasdiqlab, hokimlik muhrini bosmoqchi, dam buni
orqaga cho‘zib, Rumo davlati uchun Iso fikrlari va xatti-harakatlari nechog‘lik xavfli ekanligini
oxirigacha aniqlamoqchi bo‘lardi...
Uning osmonda uchib yurgan qush haqidagi so‘ziga mahkum daydining javobi to‘g‘ri va ochiqligi,
betakallufligi bilan prokuratorning ensasini qotirdi. Undan ko‘ra indamagani yoki tilyog‘lamalik
qilgani ham tuzuk edi. Qayoqda, qaytaga o‘ziga-o‘zi taskin beryapti: o‘lim go‘yo barchamizning
boshimizda kezib yuradi. «Buni qarang-a, o‘z boshiga o‘zi eran-qaran o‘lim chaqiryapti-ya, rostdanam,
qatldan hech cho‘chimayotganday»,— kufr bo‘lib ketdi Pontiy Pilat.
— Bo‘pti, yana avvalgi gapimizga qaytamiz. Sho‘rlik, bilasanmi, seni nima kutayotganligini? —
so‘radi prokurator tovushi xirillab. U boyadan beri tez-tez yiltiragan basharasi, tepakal boshi va
g‘o‘ladek baquvvat bo‘yinlaridan ro‘molcha bilan terini artardi. Prokurator Isoning javobini kutib,
terlab ketgan barmoqlarini birma-bir qasirlatib qayirib chiqa boshladi. U shunga yomon
odatlangandi.— Sendan so‘rayapman, nima bo‘lishingni bilasanmi?
Iso boshidan nima kechishini o‘ylab, rangi o‘chdi va og‘ir xo‘rsinib, dedi:
— Shunday, Rumo noyibi, meni bugun qatl qilishlarini bilaman,— bazo‘r og‘zidan chiqdi uning.
«... Bilaman!» — masxaraomuz takrorladi prokurator va qarshisida turgan sho‘rlik payg‘ambarga
ham rahmi kelib, xam achchig‘i qistab, miyig‘ida kulgancha boshdan-oyoq nazar solib chiqdi.
Qovushmagan, bo‘yni uzun, o‘siq sochlari patila-patila to‘zigan, liboslari yirtilgan, sandali olomon
talaganda tushib qolgan bo‘lsa kerak, oyoq yalang Iso prokurator qoshida boshini xam qilib turar,—
uning orqasida saroy Arkining to‘siqlari osha olis tepaliklarda shahar uylari elas-elas ko‘zga chalinardi.
Shahar prokurator tergayotgan odamga mushtoq edi. Qabih shahar qurbon istardi. Bugun mana shu
jazirama issiqda shaharga qonli tomosha kerak edi, uning qorong‘u, sim-siyoh istaklari junbushga
tushmoqni xohlardi — xuddi qahrli yo‘lbars Liviya sahrolarida zebrani tilka-pora qilayotganda
chiyabo‘rilar to‘dasi alam bilan akillashib, uvlashganiday olomon ham ko‘chalarda nola-faryod chekib
ko‘ksini tig‘laydi o‘shanda. Pontiy Pilat bunday voqealarni odamlar o‘rtasida ham, jonivorlar ichida
ham ko‘rgan edi. Shuning uchun, chorcho‘pga mixlash qanday bo‘lishini bir zum ko‘z o‘ngiga keltirib,
ich-ichdan eti jimirlashib ketdi. Va yuragi achishganday o‘kinib dedi:
— Bilaman, deysan! «Bilaman» ham gapmi? Seni u yoqqa olib chiqishgandan keyin bilasan...
— Shunday, Rumo noyibi, men buni bilaman, o‘ylasam, etim seskanib ketadi.
— Sen gapimni bo‘lma va narigi dunyoga ko‘pam oshiqaverma, borasan hali,— deb to‘ng‘illadi
prokurator gapi chala qolganidan norozi bo‘lib.
— Afv et, hukmdor, beixtiyor og‘zimdan chiqib ketdi, gapingni bo‘lmoqchi emasdim,— uzrxohlik
qildi Iso.—- Men hech yerga shoshilayotganim yo‘q. Men hali yashasam devdim.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |