www.ziyouz.com кутубхонаси
11
olasiz, olmasangiz ham olasiz! Qoida shu, majbursiz, bo‘yin tovlab ko‘ring-chi! Bu risolalarning
aksariyati ulug‘ dohiy qalamiga mansub bo‘lib, o‘ris tilida ham chop etilgan (aftidan, bizga
o‘xshaganlarga mo‘ljallab) va «Qo‘shni G’arbiy Buriyo bilan qo‘shiluvning besh (etti yo o‘n) sharti»
deb atalar edi. Ular turli yillarda chiqarilgan, yil sayin qo‘shiluv shartlari ortib borardi. Bir qarashda
olijanob maqsadni ko‘zlab yozilgandek tuyuladigan bu asarlarning turgan-bitgani riyodan iborat edi.
(Musofirxonada zerikib o‘tirganlarimda erinmay o‘qib chiqdim-da!) Barining mazmuni deyarli bir xil.
Boshida sotsializm g‘oyalarining jozibadorligi to‘lib-toshib ta’riflanadi, Marks, Engels, Lenin va Mao
Szedundan iqtiboslar keltiriladi, so‘ngra asosiy maqsadga ko‘chiladi: «Qarang, qandoq ajoyib tuzumda
yashamoqdamiz biz! Sizu biz — bir millatmiz, qondoshu qarindoshmiz, bir jon — bir tanmiz, keling,
eski ginalarni soqit qilib, yangicha asosda birlashaylik! O’shanda siz ham biz kabi ajoyib tuzumda
yashaydigan bo‘lasiz! Buning uchun esa mana bu, mana bu, mana bu shartlarimizga ko‘nmog‘ingiz
lozim. Ammo, bizga ma’lum bo‘lishicha, sizning bu shartlarga qo‘shilmoq niyatingiz yo‘q. Negaki, sizni
yirtqich, yovuz kapitalizm balosi yo‘ldan urib ulgurgan, bedavo dardga yo‘liqib bo‘lgansiz. Shunga
ko‘ra biz siz bilan aslo-aslo birga bo‘lolmaymiz! Afsus, afsus!»
Shuningdek safsatalarga to‘la kitoblardan olam-jahoni yig‘ilib qolgan ekan, qaytar chog‘imiz
bularni nima qilishni bilmay, tovarish Baxtiyor ikkimizning rosa boshimiz qotdi. O’zimizni ko‘tarib
ketsak ketardikki, ularni olib ketolmasdik. Tashlab ketish ham noqulay, boz ustiga xatarli: xonalarimiz
biz yo‘g‘imizda har dam, har daqiqa muntazam tekshirib turilishi tayin — sinab ko‘rganmiz! O’ylay-
o‘ylay oxiri bu «nodir» nashrlarni Toshkentdan patir-matir, yegulik ul-bul solib kelgan karton qutiga
joylab, go‘yo shoshilishda esdan chiqarib qoldirgandek, tovarish Baxtiyorning (mening emas, zinhor-
bazinhor — delegatsiya rahbari-ya!) xonasidagi bir burchakka tiqib qo‘ydik. (Keyin bu la’nati yukni
aeroportda g‘amxo‘r tovarish Yakning qo‘lida ko‘rib, Baxtiyor ikkalamizning aqldan ozib
qolayozganimizni ham aytaymi?!)
Ulug‘ dohiyning ijodi Toshkentga qaytib kelganimdan so‘ng ham tinch qo‘ymagani, meni ta’qib
etganiga nima deysiz!
Buriyoning mamlakatimizdagi muxtor vakili bir kuni mashinasiga bayroqcha tikib, o‘zining ta’biri
bilan aytganda, meni muborakbod etgani bir-ikki mulozimi bilan ishxonamga tashrif buyurdi. Qo‘limni
qattiq qisib ko‘risharkan, yuzimga ajib bir havas va samimiyat bilan boqib, ulug‘ dohiy tovarish Xon
Man Men ila uchrashmoq, salomlashmoq va hatto birga suratga tushmoqdek yuksak sharafga
muyassar bo‘lganimdan bag‘oyat mamnunligini izhor etib, meni qizg‘in va astoydil qutladi. Keyin
«Qimmatli sovg‘amizni qabul etgaysiz!» deya zarqog‘ozga o‘ralgan salmoqligina bir nimani qo‘limga
tutqazdi. Rasmiyatga ko‘ra, uni darhol ochib ko‘rib, ko‘zlarimga ishonmadim. Bu — ulug‘ dohiy
tovarish Xon Man Men qalamiga mansub esdaliklar kitobining o‘ris tilidagi yaltiroq muqovali, benihoya
ko‘rkam, hashamdor nashri edi! Odob yuzasidan kitobni varaqlay turib, bu qadar qimmatli tuhfasi
uchun tovarish muxtor vakildan bag‘oyat minnatdor ekanimni izhor etmoqqa majbur bo‘ldim.
— Ha, ha, chindan ham nodir asar! — derdi sho‘rlik tovarish muxtor vakil gapimga chippa-chin
ishonib, hayajon aralash. — Yaqindagina nashrdan chiqdi!
So‘ng ulug‘ dohiyni ham, nodir asarini ham qo‘yib, boshqa safar taassurotlariga ko‘chdik. Mening
anchayin mehmonnavozlik yo‘liga aytayotgan lutfu lofga qorishiq so‘zlarimni jon qulog‘ini berib
tinglarkan, tovarish muxtor vakil diplomatlik mavqeini ham esidan chiqargandek, zavqini yashirolmay
o‘rnidan qo‘zg‘alib-qo‘zg‘alib qo‘yardi. Shunda men o‘zim ham kutmagan qitmirona bir savol bilan
unga murojaat qilmoqqa jur’at etdim. So‘radimki:
— Xabaringiz bordir, tovarish muxtor vakil, safar chog‘i biz go‘zal poytaxtingizdagi eng ma’lumu
eng mashhur musofirxonada istiqomat qildik. Anjuman tugab hamma ketgach, unda sherigim —
tovarish Baxtiyor ikkimiz hamda orollik o‘n-o‘n besh chog‘liq tovarishlar qoldi, xolos. Ikki qanotdan
iborat, qirq besh qavatli butun bir ulkan binoda! Ayting-chi, bu holning, bunday isrofgarchilikning
sababi nima? Bu ko‘rnamaklarcha berilgan savoldan esankiramadi ham, bir zum bo‘lsin o‘yga ham
tolmadi — javobi tap-tayyor ekan bachchag‘arning:
— Buni biz oldindanoq hisobga olgan edik. Azbaroyi siz aziz mehmonlarning hurmatingiz uchun
Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati (qissa). Erkin A’zam
Do'stlaringiz bilan baham: |