www.ziyouz.com кутубхонаси
30
— Malades, tovarish Yakjon! — deya bo‘ynidan qucha ketdim.
Tovarish Yak aytgan manzilda bizni kutilmagan bir izzat-ikrom bilan qarshi olishdi. Xorijiya
vazirligidan qo‘ng‘iroq qilib, «Sotsialistik jamiyat tibbiyotining ustunligini bir ko‘rsatib qo‘yinglar bu
xiyonatchilarga!» degan mazmunda qattiq topshiriq berilgan bo‘lsa kerak. Avval odatdagi sharbat
bilan siylashdi, so‘ng to‘rttami-beshta do‘xtir xuddi bir ajoyibotni tomoshaga solgandek meni
qurshovga olib, uni-buni surishtira ketdi. Nihoyat, o‘zaro chuldiray-chuldiray bir qarorga kelishdi
chog‘i, qop-qora sochi o‘rtasidan farq ochib ikki chakkasiga shilshiladek tushib turgan qoqsuyak birovi
— kattalari shu bo‘lsa kerak — tirsagimdan tutib meni qandaydir maxfiyroq xonaga boshlab kirdi.
Yonidan bir shoda kalit chiqarib, shift bo‘ylagan muhrli oynaband shkaflardan birining qatorlashgan
qulflarini birma-bir ochdi. Ichkaridagi qo‘shqulfli rux sandiqchani titkilay-titkilay, penitsillinga o‘xshash
bir shishachani oldi-da, tantanali suratda (yonimdan ajralmas tovarish Yak yordamida, albatta) e’lon
qildi:
— Sizning dardingizga davo — mana! Yaqinda kashf etildi. Bizda. Dunyoning boshqa hech bir
joyidan topolmaysiz. Shu dori bilan o‘n kun muolaja qilinsa, yer ostidagi qumursqaning qimirlaganini
ham eshitadigan bo‘lasiz!
— O’n kun?.. — To‘g‘risi, sarosimada qolgan edim.
— Ha, o‘n kun, — dedi tovarish Yak allaqanday viqor bilan tasdiqlab. — Xohlasangiz, men
vazirligimiz bilan gaplashay, qolasiz. Hamma xarajati bizdan bo‘ladi.
Bu tulki u yog‘ini ham pishirib qo‘ygan ko‘rinadi. Maqsadi — meni olib qolib, azoblamoqmi? Nega?
Kimga kerak bu?
— Yanagi safar kelganimda qilsak-chi shu ishni? — deya vaziyatdan chiqmoqchi bo‘ldim.
— Ixtiyoringiz, — deb odaticha masxaraomuz ishshaydi tovarish Yak. — Men sizning o‘rningizda
bo‘lganimda, bunaqa imkoniyatni qo‘ldan bermasdim.
O’n kun? Yana o‘n kun-a?! Avvalo, bu manmansirashga ishonish qiyin, boz ustiga, bu mamlakatda
o‘n kun tugul tag‘in bir kun turgudek bo‘lsam, kargina emas, telba bo‘lib qolishim ham aniq edi.
Bu yerda yana o‘n kun qolgandan ko‘ra umrbod kar bo‘lib yashagan afzal!
Ammo ertaga jo‘nashimizga, diqqinafas bu musofirxona, bu yurt, bu tartibotlardan butkul
qutulishimizga na men, na Baxtiyor ishonardik. Go‘yoki ketishimiz o‘zi aql bovar qilmas bir tushdek,
shuning tagida ham bir hiyla-nayrang yotgandek tuyulardi.
Sog‘inchdanmi, bezovtalikdanmi, shu kecha allamahalga qadar uyqu kelmadi. Tongga yaqin ko‘zim
ilingandek bo‘ldi-yu, sapchib o‘rnimdan turdim: «Bugun ketamiz-a!» Yuragim toshib, ayvonchaga
chiqdim. Ufqdan bosh ko‘tarayotgan quyosh shahar uzra nurli o‘qlarini ota boshlagan. Ko‘cha-ko‘y
g‘izg‘izon — hamma ishga oshiqyapti. Balanddan qaraganda, asr boshidagi «soqov» filmlarni yodga
soladi: pitir-pitir, pitir-pitir. Beixtiyor ko‘chaning naryog‘idagi chorburchak hovliga ko‘z tashladim.
Hovli o‘rtasidagi bolalar maydonchasida qaqqaygan g‘arib bir qurilma diqqatimni tortdi. Jajjigina bir
qizaloq halinchak uchmoqda. Hoynahoy, ota-onasi ishga ketgan, u esa dunyoning turfa o‘yinlaridan
bexabar, beg‘am, betashvish, bolalik zavqiga berilib havolaydi — tushadi, havolaydi — tushadi.
Nogahon ichimda nimadir shavshab-shavdirab, bir xil bo‘lib ketdim. Mana, bugun men ketaman,
biz ketamiz, bu go‘dak, bu norasida qoladi — shu hovli, shu ko‘y, shu yurtda. Umrbod. Birdan
mashhur shoirimizning mashhur misralari yodimga tushdi:
«Menga alam qilar: tilla baliqcha
Shu ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni».
Ko‘zlarimga duvillab yosh keldi...
Aeroportda xayrlashar chog‘imiz shu o‘tgan o‘n kun mobaynida ko‘nglimda yig‘ilib qolgan bor gap-
so‘zimni, butun zarda-zardobimni tap tortmay tovarish Yakka to‘kib soldim. U nechundir bu gal
masxaraomuz ishshaymadi, bir chetga boqib indamay turib berdi. O’zi so‘nggi vaqtda shunday
o‘ychan, ma’yusroq bo‘lib qolgandek edi. Keyin harqalay shuncha kun bizga hamroh yurib,
qadrdonlashib ketgan bu insonni allanechuk mehrim iyibmi quchoqlab oldim.
— Sen esli yigitsan, birodar, o‘ylab ko‘r!
Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati (qissa). Erkin A’zam
Do'stlaringiz bilan baham: |