Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati (qissa). Erkin A’zam
www.ziyouz.com кутубхонаси
15
YO’TALMAY TURIB «TARIXGA KIRGANIM» NAQLI
— Iloji boricha birpas yo‘talingizni tiyib tursangiz, — dedi tovarish Yak meni chetga tortib. — Hozir
hayotingizda eng unutilmas voqea sodir bo‘ladi — ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men bilan
uchrashasiz!
Yo‘g‘-e, tarixga kirarkanmiz-da, baxtiyor bo‘larkanmiz-da! Bunday sharafdan uncha-muncha odam
o‘zini yo‘qotib qo‘ymog‘i, hayajonga tushmog‘i turgan gap, albatta. Men hayajonlanmadim, chunki
tomog‘im qichishib, battar yo‘tal tutdi. Bu balo menga samolyotda ilashib, mana, necha kundirki,
dam-badam xuruj qilib kelayotgani rost edi.
Taraddudlanib qolganimni ko‘rib tovarish Yak muddaosini dangal oshkor qildi:
— U zotga yuqtirib qo‘yishingiz mumkin, ehtiyot bo‘ling!
Obbo, gap bu yoqda deng! Ensam qotganini yashirib o‘tirmadim:
— Xayr bo‘lmasa, tovarish Baxtiyor uchrasha qolsin dohiyingiz bilan! Ana, qarang, u yo‘talmayapti!
Tovarish Yak odaticha pinak buzmay sovuqqina kesib gapirdi:
—
Tovarish Baxtiyor uchrashmaydi, unga mumkin emas!
Xullas, yo‘talmay tursang bas — tarix seniki!
Biz gavjumlashib qolgan qabullar tolorida turardik. Yo‘l bo‘yi necha-necha chig‘iriqdan omon o‘tib,
odatdagidek, roppa-rosa bir yarim yilda bino etilgan bu azim saroyga hozirgina kirib kelganmiz.
So‘nggi chig‘iriqdan ham qutulib ichkariga qadam bosgan kishi dastlab nima qilarini bilmay bir zum
sarosimada qoladi, keyin pastak mizlarga terib qo‘yilgan anvoyi shirinliklaru ichimliklarga unnab,
allanechuk bir o‘ng‘aysizlikni yengmoqqa tirishadi.
Bir mahal zahilbashara, qotma bir odam yonimizga keldi. Tovarish Yak uni menga tanishtirdi:
partiya markazqo‘mi targ‘ibot va tashviqot bo‘limining mudiri tovarish Mayda Xon ekan. Bizda
allaqachon kompartiyaning avra-astari ag‘darib tashlanganigami, bir vaqtlar sirli-vahimali ko‘ringan bu
kabi mansab-lavozimlar menga endi anchayin erish, hatto masxaraomuzdek tuyulardi.
Nimasidir badiiy havaskorlik dastalarining rahbarlariga o‘xshab ketadigan tovarish Mayda Xon meni
xoliroq burchakka yetaklab, qo‘lida bir varaq qog‘oz-chizma, yo‘l-yo‘riq bera boshladi. U ham, o‘z
navbatida, kamina hozir naqadar ulug‘ baxtga musharraf bo‘lajagimni, bu uchrashuvning tarixiy-
siyosiy ahamiyatini qayta-qayta ta’kidladi. Yo‘riqchim o‘ris tilida binoyidekkina gapirar, oltmishinchi
yillari rasmiy vakillar safida tajriba almashgani O’zbekistonga ham kelgan, Toshkentni ko‘rgan ekan.
Buni eshitib ko‘nglimda bu odamga nisbatan allaqanday yaqinlik, xayrixohlik paydo bo‘ldi.
Tovarish Mayda Xon uchrashuv chog‘i o‘zimni qanday tutmog‘im, qaerda, kimning yonida
turmog‘im lozimligini erinmay, hatto ijikilab tushuntirgach, o‘ziga o‘xshash yo‘riqchi orqali o‘sha
zambiyalikmi, zimbabvelikmi zanjini topib ko‘rsatdi, bizni tanishtirdi va tegishli katagiga qizil qalam
bilan belgi qo‘yilgan chizma-qog‘ozni qo‘limga tutqazib, dalda bergandek yelkamga qoqa-qoqa meni
uchrashuv boshlanayotgan muhtasham tolor eshigiga ro‘para qildi.
Biron bir aksilg‘oyaviy buzg‘unchi-qo‘poruvchi yovuz niyatdami yo hazillashibmi granata-pranata
solib qo‘ymadimikan degan xavotirda, har ehtimolga qarshi, yon-verimni paypaslay-paypaslay, eshik
og‘zida sovuq g‘o‘ddayib turgan maxsus soqchilarga yaqinlashdim. Ulardan biri sezgir tayoqchasi bilan
chirillatib tamomi joyimni, butlarimning orasini ham tekshirib chiqib, uchrashuv toloriga yo‘l ochdi.
Yop-yorug‘, shifti baland, bahavo bu uzunchoq tolorning keng sahnini burchak-burchagiga qadar
enlab cho‘g‘dek gilam to‘shalgan, devor tomonda to‘rt zinadan iborat allaqanday temir qurilma
yuksalgan edi. «Tarixga kirish» tolori. Bizni o‘rtadagi to‘rtburchak hoshiya bo‘ylab ma’lum tartib bilan
saf tortishga da’vat etdilar. Men alanglay-alanglay zambiyalikmi, zimbabvelikni topib, yoniga turib
oldim.
Shu zaylda o‘n-o‘n besh daqiqa unsiz qotib turildi. «Tarixga kirish» oldidan o‘lik sukunat. Daf’atan
chapak yangrab, to‘rdagi eshikdan ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men siymosi ko‘rindi. Ortida bir to‘da
a’yonu akobirlari. Qizig‘i shundaki, ular ham chapak chalib kelmoqda edi. Dohiyning o‘zidan boshqa
hamma!