www.ziyouz.com
kutubxonasi
41
burniniyam artib olmagan jinqarchalar... sovet tuzumi rahbarlari tagini kovlaydi.
Bu jo‘jalar Botir firqani mazkur qiliqlarini bilib qolsa... olamga doston qiladi! Mayna qilib
kuladi. Barmoqlarini chakkalariga nuqib-nuqib kuladi. Anavi... ana shunaqa, deya kuladi.
El-yurt ichida yuruvsiz kuladi.
Yo‘q, do‘xtirga borib bo‘lmaydi. Birovga-da aytib bo‘lmaydi. Ammo kampiriga aytsa
bo‘ladi. Kampiri davosini topadi.
Botir firqa tortina-qimtina dardini aytdi. Keyin, kampiriga ko‘z ostidan qarab-qarab oldi.
Ko‘zlarini pirpiratib-pirpiratib qarab oldi.
Kampiri pinak buzmadi. O’zini sokin tutdi.
— Bilaman, bilaman... — deya ming‘illadi.
— Nimani bilasan, nimani bilasan? — deya bidilladi Botir firqa.
— S privetom... anaqaroq bo‘lib qolganingizni.
— He, enangni... — deya o‘dag‘ayladi Botir firqa.
Kampiri hovliga yugurgilab chiqdi. Hovli o‘rtasida kaftini og‘ziga qo‘yib kuldi. Ko‘zlarini
artib-artib kuldi.
— Rais bova, nima, umr bo‘yi qirchillama yigit
bo‘lib o‘taman, deb edingizmi? — dedi. — Qarilik
qariligini qiladi-da. Starost — ne radost, deydilar. Hammasi yoshdan, rais bova,
umrdan...
Kampiri deraza oynasidan ko‘rib turdi: Botir firqa bolishga yonboshladi.
Ana shundan keyin ichkariladi. Yana qochib chiqish qulay bo‘lsin uchun... eshik
oldirog‘idan joy oldi. Tizzalariga yig‘ilib qolmish etaklarini tortib-tortib tekisladi.
— Siz, o‘zi... kim ekanligingizni bilasizmi, rais bova? — dedi.
Botir firqa teskari o‘girilib yotib oldi. Zarda bilan yotib oldi.
— Bilmayman! — deya to‘ng‘illadi.
— Siz, respublika yaratgan odamsiz, rais bova, siz respublika qurgan odamsiz! Siz
bo‘lmaganingizda... bunday respublika qaerda edi, bunday kunlar qaerda edi?
— Qanday respublika? — tag‘in to‘ng‘illadi. — Qanaqa respublika?
— Qanaqa respublika bo‘lardi — mustaqil O’zbekiston Respublikasi!
Botir firqa o‘ngiga ag‘darildi. Kampiriga qarab yotdi.
— O’zbekiston-a? — dedi. — Mustaqil O’zbekiston-a?
— Albatta-da, rais bova. Siz bo‘lmaganingizda... bu imoratlar qaerda edi, bu yurtlar
qaerda edi?
Botir firqaga... jon kirdi! Qimir-qimir to‘lg‘ondi. Ohista-ohista turdi. Kampiriga qarab
o‘tirdi.
— Ko‘p gapirma-da, achchiq choy damlab kel, — dedi.
Kampiri darrov turdi. Kalishlarini oyokdariga ila-ila yugurgiladi. Choy damlab keldi.
Dasturxon yozdi.
Botir firqa chordana qurib o‘tirdi. Chap qo‘lini tizzasiga tiradi. Baqaloq shishirdi. Tomoq
qirdi. Qi-roat bilan yo‘taldi. Saltanat bilan yo‘taldi.
Amaldorona-amaldorona choy ho‘pladi. Mansabdorona-mansabdorona choy ho‘pladi.
O’ziga-o‘zi haykal qo‘ydi: — Erkak... xudoni yerdagi payg‘ambari! — dedi.
Kampiri dasturxon bir burchida mung‘ayib-mung‘ayib qarab o‘tirdi. Cholini og‘ziga
qaradi. Cholini peshonasiga qaradi. Cholini piyolasiga qaradi.
Kampiri amaldordan pensiya so‘rab kelgan mushtipar misoli... mo‘ltirab-mo‘ltirab qarab
o‘tirdi.
Botir firqa ko‘rsatkich barmog‘ini kampiri tarafga nish etdi.
— Mana, sen! — dedi. — Tiling bor-a?
— Til? Til, bor, ha, til bor!
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |