www.ziyouz.com kutubxonasi
235
Elliginchi bob
Palmer Bernsnikiga kechki 8.15 dan keyin keldi. Kelsa, u hozirgina soqolini qirtishlagan va kiyinib
olgan ekan, dahlizdagi stolchada ikki kostyumlik jomadon ochiq turibdi. — Biron narsa ichamizmi,
Vuds? — Palmerga murojaat qildi Berns, uning ortidan mehmonxona bo‘lmaga borar ekan. —
Mashina yana 15 daqiqadan keyin keladi. Men Vestchestr aerodromiga 9.30 ga borib turishim kerak.
— O’shanaqasi Olbaniga uchib ketasanmi?
— Bu eng mayda aviayo‘llaridan biri, — tushuntirdi Berns yotoq bo‘lmaga kira turib. — Lekin
menga baribir. Yangi turbovintillarga qaraganda mayda samolyotlar ancha xavfsiz.
— Ehtimol. — Palmer viskini qattiq-qattiq chayqadi. — Sen ham ichasanmi? — qichqirdi u yotoq
bo‘lmasiga tomon.
— Jinni bo‘lgunimcha, — javob berdi Berns. — Yo‘lga naq bir shishasini.
Palmer unga achchiq ichimlik tayyorladi va stakanni bar peshtaxtasiga qo‘ydi.
— Meni nega ko‘rging kelib qoldi, Mak?
— Gaplashadigan vaqtimiz kelgan deb o‘ylaysanmi? — so‘radi Berns, xonaga qaytarkan. U bir
dasta qog‘oz ko‘tarib kelib, uni dahlizdagi stolchaga qo‘ydi. — Do‘stona suhbat.
— Qachon desang tayyorman, o‘rtoqjon.
— Menga xuddi shunisi kerak. — Berns qaytib keldi, stakanini qo‘liga oldi va taxtaga o‘tirdi.
— Sog‘ bo‘l!
— Sog‘ bo‘l!
Ular ichishdi-da, sukutga cho‘mishdi. Palmer pastda Ist River shohrohida mashinalarning
guvillashiga quloq solib turishardi. U o‘girildi-da, Kuinsboro ko‘prigiga qaragan derazadan ko‘z soldi.
Iliq gaz tumani orasidan ko‘prik jimirlab ko‘rinardi.
— Biz “Byulleten” muxbirlaridan surishtirib ko‘rdik, — dedi u oxiri.
— Jimmidanmi? — Bernsning ovozida tashvishdan asar yo‘q edi. — Kalavaning uchi topilgandir?
— Topildi. — Palmer ohista xo‘rsinib, o‘girildi va Bernsning ro‘parasidan o‘tirdi. — Manba nomini
topdik.
— Jimmi uni senga berdimi? — Bernsning ko‘zi ajablangandek xotirjam qarardi. — Ha, bildim. U
Jinni Kleriga aytgan.
— Eng kulgilisi shundaki, — davom etdi Palmer, — men bilgan narsa bo‘lib chiqdi.
Berns sapchib turdi-da, Palmerning oldidan yugurib o‘tib deraza oldiga bordi. Xuddi sahnadagiday,
u derazaga orqa qilib san’atkorlarcha o‘girildi. Uning cho‘zinchoq yuzi badtar cho‘zildi.
— Vudi, boshqalar kabi mening ham sabr kosam tubsiz emas. Sen meni boshi berk yo‘llarga
boshlayapsan, va men...
— Seni bundan ham chalkash yo‘lga olib kirish uchun nima qilishim kerak, Mak?
— Birgina o‘ylamasdan qilingan ayblov. — Bernsning pastki labi tarang tortdi.
— Bunaqa ayblovlarim to‘lib yotibdi. Eng to‘g‘risini tanlashimga bir soniya sabr qil. — Palmer
Bernsning odatdagi malla basharasini kuzatdi. Endi uning yonoq va manglayi qanday qizarayotgani
yaqqol ko‘rinib turardi.
— Palmer, — gap boshladi Berns birmuncha ta’sirsiz ohangda. — O’zi avval-boshidanoq sen ham,
anavi sassiq chol bossingiz ham menga hech qachon ishonmay kelyapsizlar, shunday emasmi?
— Shunday emas. Bir necha hafta burun ham men sizga ishonar edim. — Palmer yana viskidan
ho‘pladi. — Ishonganim shunchalikmi, to shu bugungi kungacha o‘zimga ishonmay kelar edim. Siz
ro‘znomada mana bu xabarni bostirganingizdan keyin nega bunday qilganingizga aqlim yetmaguncha
sizga ishonib kelayotgandim.
— Lekin bu sabab bo‘lolmaydi, — tutoqdi Berns, — sizning tusmollaringiz ham, isbotlaringiz ham
xato. Men sizga o‘zimning sababimni aytdim. Nima uchun endi siz bunga ishonmas ekansiz?
— Shunday qilgim kelib qoldi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |