www.ziyouz.com kutubxonasi
226
ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak? Nahotki bu kitoblar bolalarga pul ishlashni o‘rgata olsa?
Taksi Ikkinchi avenyuni kesib o‘tib, daryo tomonga qarab ketdi.
— Iso hurmati, bulardan voz kechish kerak, — to‘xtovsiz valdirar edi shofyor, — bolalar erkin nafas
olsin. Jin ursin, ular maktabga nega borishlari kerak? Ota sifatida gapirayapman bolalarga yaxshi
ma’lumot olish huquqi berilgan. Ular yana...
— Sekinroq haydang, — gapini bo‘ldi Palmer. U Birinchi avenyu oxiridagi to‘xtash joyida turgan
“folksvagen”ni ko‘rib qolgan edi. — Juda sekin. — U hamyonini chiqarib, yon daftarchasidan bir varaq
yirtib oldi. Yonidagi o‘n dollarliklarni — ular uchta edi, — qog‘ozga yaxshilab o‘rab, kichkina tuguncha
yasadi.
— Endi “folk”ning oldiga haydang, — buyurdi u.
Ayol va qizcha mashinada o‘tirishar edi. Qizcha kuchukchani tizzasida ushlagancha uxlab qolgandi.
Ayol taksiga qaradi. Palmer eshikni ochganda u mashinasidan chiqdi.
— Mana bu narsani tushirib qoldiribsiz, — unga murojaat qildi Palmer.
— Menmi? Yo‘q, yo‘... E, bu “korvet”dagi yigit-ku.
— Menimcha, buni siz tushirib qoldirgansiz, — takrorladi u o‘ralgan qog‘ozni uzatib. Ayol uni oldi.
— Buni men tushirganga o‘x...
Palmer eshikni yopdi. — Ketdik, haydovchi.
Shofyor motorni ishga soldi va yashil chiroq yongach, Birinchi avenyuga qarab haydadi. U shimolga
burilgach, tezlikni kamaytirdi.
— Unga nima berdingiz?
— Meni ... hm, “Plaza”ga olib boring.
— Xo‘p bo‘ladi, — taksi g‘arb tarafga burildi. — Shu yoqda turasizmi, shef?
— Yo‘q.
— Biron narsa ichishni xohlaysizmi?
— Yo‘q.
— Birov bilan uchrashmoqchimisiz?
— Yo‘q. — Palmer negadir otelga yetguncha indamay keldi.
Shofyor ham gap kavlamadi. Haqini berar ekan:
— Bu yerda tunda taksi topish oson, — dedi Palmer.
Qirq yettinchi bob
Old tomoniga betondan soyabon o‘rnatilgan uy qorong‘i edi. Palmer shofyorga pul berib, ichkariga
kirdi.
Qimir etmasdan birpas jim quloq soldi. Allaqaerda to‘rda gaz isitgich ikki marta shirqilladi va uning
ovozi kuchli bo‘g‘ib qo‘yilgan parragi eshitilar-eshitilmas vizillab aylana ketdi. Palmer egildi-da, tuflisi
bog‘ichini bo‘shatdi. Yurgan holda oyoqlarini chiqarib, zinapoya tomonga paypoqda odimlab ketdi,
xayolidan chiroqsiz chiqishga tavakkal qilayotganim chakki bo‘lmadimikan, degan o‘y o‘tdi.
Mehmonxona eshigi yonidan o‘tayotib, u bosiq qarsillashni eshitdi. U shartta o‘girildi va qorong‘ilik
ichidan yovuzlarcha yonib turgan bir juft katta-katta qizil ko‘zga tikilib qoldi. Yuragi ko‘ksini teshgudek
qattiq urdi. Xuddi tanasidan ayrilishga urinayotgandek, bo‘yin va yelka terisi har tomonga qarab
o‘rmalay ketdi. Tag‘in nimadir qarsilladi va bitta ko‘z sinib, ikki qizil bo‘lakka ajradi. Palmer yengil
nafas oldi, vujudidagi keskinlik yo‘qoldi. U ovozsiz kamin oldiga yurib bordi, paypaslab otashkurakni
topdi va uni qo‘rqitib yuborgan ikki bo‘lak ko‘mir cho‘g‘ini naridan-beri urib, maydalab tashladi.
To‘satdan Palmer to‘xtadi-da, otashkurakni tashlab, kalta va yupqa bir tarashani qo‘liga oldi. U
tarashani ko‘mir ustiga qo‘ydi va cho‘kkalab olib, uni puflay boshladi. Xuddi serajin bashara ishtiyoq
hissidan titraganday, ko‘mirlar sarg‘ish tusga kirdi. Tarasha charsilladi va bu tovush itning uzib-uzib
past hurishiga o‘xshab ketdi. Palmer ehtiyotkorlik bilan puflashda davom etdi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |