www.ziyouz.com kutubxonasi
223
ishonaman, men... aqldan ozib borayapman... Balki mast bo‘lib qolgandirman? Ta’na qilayapman.
Endi gapirmayman. — U qo‘llarini qovushtirib, yonboshdagi oynaga suyandi.
Muvozanatdan chiqib ketgan Palmer boshqa yo‘lga tushib qoldi va ko‘p o‘tmay Oltmishinchi
ko‘chada, mashinani ijaraga olgan bekat tomonda yurganini angladi. U Leksington-avenyuda chapga
burildi, yana chapga burilib, jigarrang toshlardan qurilgan va huvillab yotgan eski uylar oralab keta
boshladi; goh u, goh bu yerda ancha baland hashamatli yangi binolar ham ko‘rinib qolardi. Ikkinchi
avenyudagi svetofor chirog‘ida to‘xtagan paytida mashina orqasida tez yurib kelayotgan qadam
tovushlarini eshitdi. YOnboshdagi oynaga qarab, uzun oqish palto kiygan yoshgina ayolning ko‘cha
bo‘ylab chopib kelayotganini ko‘rdi, orqasidan kuchuk yetaklagan kichkina bola xarsillab yugurar edi.
— Nima bo‘ldi ekan, jin ursin? — ularni durustroq ko‘rish uchun mashinani burdi. Virjiniya ham
nima gapligini bilay, deb o‘girilib qaradi.
Sovuq shamolda paltosining oldi ochilib ketgan ayol mashina oldigacha chopib keldi va oynani
taqillatdi. Kuchukcha shodon vovulladi, uni tutib turgan bola xarsillab nafas olardi. Palmer oynani
tushirdi.
— Menga qarashib yuborolmaysizmi? — Og‘ir nafas olib so‘radi ayol.
— Menmi? Hm, bu yengil mashina-ku.
— Meniki “folksvagen”. Shafqat qiling. O’ylaymanki, siz yordam berolasiz... — Ovozi sekinlashdi va
og‘ir nafas olib jim bo‘ldi. It orqa oyoqlarida turib, oldingisini palto etagiga qo‘ydi.
— Yarim kvartalgina narida. Ana, ko‘ryapsizmi?
Palmer burilib qaradi va yo‘lka orqasidagi ikkinchi qatorda turgan kichkina mashinani ko‘rdi.
— Mayli, — rozi bo‘ldi u va tezlikni pasaytirib, mashinani orqasi bilan haydadi. YOsh ayol, kuchuk
va bola, chamasi yetti yoshlardagi qizaloq, “korvet” orqasidan ergashdilar. Ayol xuddi mashinani
yetaklab ketayotgandek, qanot tomonini ushlab olgan edi.
— Hech kim to‘xtashni xohlamadi, — gapirdi u. — Siz katta iltifot ko‘rsatdingiz.
— Mashinangizga nima bo‘ldi? — so‘radi Palmer o‘zini eshitmaganga solib, aslida ham uni deb
to‘xtagani yo‘q edi.
— Akkumulyator.
— Nima qilishni bilasizmi? Ikkinchi tezlikka solib, o‘t oldirasiz va uzatgichni ishga solasiz.
— O, buni bilaman.
— Men tezlikni olganimdan keyin, siz uzatgichni sekin bosing, — davom etdi u. — Sekin.
— Bilaman. Akkumulyator butunlay ishdan chiqqan.
Palmer “folksvagen” atrofini aylanib chiqdi. Ayol hamon izidan qolmas edi.
— Mashinaga o‘tiringlar, ikkalangiz ham, — ayol bolasiga buyurdi. — Sizga ko‘p rahmat, —
murojaat etdi Palmerga u.
— Bu akkumulyatorni nima qilish kerakligini bilasizmi?
— Shu atrofda tungi garajlar bor. U yerda bir yoki ikki dollarga zaryadlab berishadi. Boshqa iloji
yo‘qmi?
— Generatordan o‘t oldirish uchun ko‘p yurishga to‘g‘ri keladi. Bu foyda bermasligiyam mumkin.
Qisqa to‘qnashuv chiqishi xavfi ham bor. Garajga murojaat qilganingiz ma’qul.
— Juda qimmat. Imkonim yo‘q. Haftaning oxirigacha 30 tsent pulim qolgan.
U jilmayib, bosh silkib qo‘ydi. So‘ng mashinaga o‘tirdi. Palmer “korvet”ning burnini “folksvagen”ga
taqab, kichik tezlikni ishga soldi. U asta-sekin tezlikni oshira borib, mashinani oldiga jildirdi.
Amortizatorlar ohista g‘irchilladi va “folksvagen” joyidan qo‘zg‘aldi. Ayol zudlik bilan to‘rt marta signal
berdi va qizil chiroqda Ikkinchi avenyuning muyulishiga burildi. Palmer burchakka yetib borganda
“folksvagen” g‘oyib bo‘lgan edi.
— Eshitdingmi? — so‘radi u.
Virjiniya bosh silkidi.
— Agar to‘xtash joyidan o‘rin topilsa, u bolasi bilan mashinada uxlasa kerak.
— Hozir sovuq-ku.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |