www.ziyouz.com kutubxonasi
102
Asil Manxetten havosidan olib qoling! Narxi ko‘ngildagidek!
Palmer binoga diqqat bilan razm sola boshladi. U dahshatli ko‘rinardi. Tikka bukilgan mudhish
balkonlar dev qo‘lidagi ulkan cho‘qmorga o‘xshaydi. Qiziq, o‘yladi u, bu havo qasrida qanaqa odamlar
yasharkin-a?
Bu yerda ijaraga olingan yoki muddatli to‘lovga sotib olingan kvartira qanchaga tushishini u
xayolan bemalol xomcho‘t qila olar edi. YuBTXda mana shunaqa turdagi binolarga ko‘plab bay pullari
qo‘yilgan. Har bir ijara haqi kam deganda yiliga ming dollar turadi. Shunday qilib, besh xonasi,
derazalari qo‘shni uyga tiralib turuvchi odmigina kvartira ijaradorga kam deganda atigi to‘rt yuz
dollarga tushsa kerak. Biroq ko‘pchilik kvartiralarning balkonlari ham bo‘lganidan ularning narxi ancha
oshar edi.
Palmer darvozaga olib boruvchi yo‘lakdan asta yurib ketdi, o‘zicha avtomashinalarning tosh yo‘ldan
to‘g‘ri oynavand bostirma ostidagi keng markaziy eshikka kelib turishini hisobga oldi. To‘rt yuz dollarli
ijaradorlar bu hashamli eshikdan kirib-chiqishda foydalanishlari mumkinmikan? — o‘yladi Palmer. —
Darvoqe, bu mahallalarda yashovchi bechorahollarning taksida yurishlariga yo‘l bo‘lsin.
Ko‘chadan oynavand devor bilan ajratib qo‘yilgan vestibyul ichkarisida ikki shveytsar pashsha qo‘rib
o‘tirardi. Bittasi harbiycha shinel va furajkada. Ikkinchisi — livrelda. Ular liboslarining sarg‘ish-qizil
rangli frantsuz chet el legioni polkovnigi mundirini eslatardi. Shinel va furajkadagi shveytsar
Palmerning yaqinlashib kelayotganini ma’yus va diqqat bilan kuzatib turardi. Livreldagi uning
hamkasbi telefon kommutatori qopqog‘iga erinib yonboshlagancha Palmer tomonga loaqal qiya boqib
ham qo‘ymadi.
Eshigini ochish uchun Palmerning o‘zi qo‘lini cho‘zgandagina shineldagi shveytsar oshkora norozilik
bilan uni lang ochdi.
— Xayrli kech, — dedi u savol bergan ohangda, go‘yo ob-havoga qiziqqanday.
— Kimga keldingiz? — dag‘algina g‘udrandi livreldagi shveytsar.
— Ya’ni, sizga kim kerak edi, demoqchisiz-da? — to‘g‘riladi uni Palmer.
Shveytsar yalt etib unga qaradi-da, keyin gavdasini to‘g‘rilab turib oldi:
— Meni ma’zur tutgaysiz.
— Durust, — javob berdi Palmer.
— Men so‘ramoqchi edimki, kelganingizdan kimni voqif etaylik?
— Mister Bernsni.
Shveytsarlarning ko‘zlari katta-katta ochildi. Palmer peshtaxta oldida g‘oz turib oldi.
— Eh, mister Bernsmi? Bir daqiqa, ser. — U shartta o‘girildi-da, kommutator shnuridan tutdi.
Azbaroyi chiranganidan lablari uchib, u bir necha lahza kerakli raqamlarni terdi, so‘ng kuch bilan
poynakni uyachaga tiqdi.
— Uzr, ser. Siz xususingizda nima deb aytay?
— Vudi, — dedi Palmer yengil tabassum bilan.
— Ha, ser Vudi. Bir daqiqa, ser, hozir aytaman. — U telefon go‘shagini qulog‘iga qattiq tirab
javobni kuta boshladi. — Mister Berns? Bu sizmisiz, ser? Ser, sizni mister Vudi ko‘rmoq istaydir. — U
peshonasini tirishtirib quloq soldi. — Lekin u kishi mister Vudi dedilar, ser... — Keyin shveytsarning
yuzi tabassumdan yorishib ketdi va u shodon boshini saraklatdi. —Ha-ha, ser, albatta, mister Berns,
ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, hoziroq bajo bo‘ladi, ser. — U Palmerga burildi: — Marhamat, mister Vudi,
marhamat, ser, mana bu yerga marhamat qiling.
Shveytsarga ergashib lift tomon borar ekan, Palmer shunday mulohaza qilardi: bu toifadagi
qulchilik birgina “bayram” munosabati bilan mo‘may choychaqa olish istagidan paydo bo‘lmaydi:
rojdestvogacha hali uzoq, buning ustiga bironta ham o‘z qadrini bilgan odam manfaat yuzasidangina
adovatli nafratdan oshkora tarzda oyoqni o‘pishga tayyor yaltoqlikka o‘tishi mumkin emas. Yo‘q, qat’iy
tusda o‘yladi Palmer. Ko‘rinib turibdiki, gap faqat bu yerda Bernsga nisbatan saxiy va boy ijarador
sifatida munosabatda bo‘lmayotir. Undan qo‘rqishadi. Odamni o‘lguday qo‘rqitib olibgina uni mana
shunday yetti bukilib qulluq qilishga majbur etish mumkin.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |