www.ziyouz.com kutubxonasi
172
Mollett kaftini yuqoriga qilib, ikkala qo‘lini oldinga cho‘zdi.
— Buning uchun menga haq to‘laydilar.
— Lekin menga buning uchun haq to‘lashmaydi-da, — eslatdi Palmer. — Bir qancha shunday
masalalar bo‘yicha norasmiy gaplashib olganimizda mendan baxtli odam bo‘lmasdi. Ammo matbuot
uchun men sizga aytmoqchi bo‘lgan gaplardan bir abzats narsa chiqsa ham katta gap.
— Keling, shundan boshlay qolaylik.
Palmer biroz viski ichib oldi.
— Biz qo‘limizdan kelgancha tez va g‘ayrat bilan odamlar ongiga shuni yetkazmoqchimizki, milliy
iqtisodiyotimizning hozirgi bosqichida omonat banklari pullarning boshi berk ko‘chasi bo‘lib qolgan;
shaxsiy omonatlar — yaxshi narsa, ammo bunday omonatlar ko‘payib ketaversa, albatta, yaxshi
bo‘lishi shart bo‘lmay qoladi; omonatlarning muntazam o‘sishi aslida iqtisodiyotning tabiiy
rivojlanishini qiyinlashtiradi; shunday qilib, omonat banklarining bosqinchilik talablari jamiyat
manfaatiga ziddir.
Mollett biroz o‘ylanib qoldi, so‘ng stakanni ko‘tardi.
— Men siltab tashlamoqchi emasman, — dedi u muzli viskiga qarab, — ammo siz aytgan gaplardan
birontasini shov-shuvli yangilik deb atay olmasdim.
— Bilaman, — unga qo‘shildi Palmer, — biroq matbuot uchun boshqa hech narsa aytolmayman.
Mollett xo‘rsindi.
— Unda, keling, norasmiy gaplashaylik. Agar men arziydigan bir narsa ko‘ra olsam, biz buni
boshqatdan yozib chiqamiz-da, rasmiy tus beramiz. Maylimi?
— Har holda, bir sinab ko‘rsak yomon bo‘lmasdi.
Mollett bosh irg‘adi-da, Virjiniyaga qaradi:
— Bankir uchun yomon emas. — O’sha-o‘sha shirin jilmaygancha u yana Palmer tomonga o‘girildi.
— Matbuot uchun emas. Hozirgina bayon etgan bo‘lmag‘ur gaplaringizdan hech bo‘lmasa bittasiga
o‘zingiz ishonasizmi?
Palmer kinoyali jilmaydi:
— Matbuot uchun emas, “bo‘lmag‘ur” — bu topib aytilgan so‘z emas. Bu yerda “zaharlash” so‘zi
ko‘proq mos keladi. Biroq — hamon matbuot uchun emas — men aytgan narsalar iqtisodiy siyosat
yasaladigan Vashingtonda va boshqa oliy doiralarda muqaddas haqiqat sanaladi.
— Bankir bo‘lishingiz o‘laroq siz shaxsiy kreditni cheksiz ravishda kengaytirishga qanday qaraysiz?
— Uni inkor etish uchun bankir bo‘lmoq mutlaqo shart emas, — javob berdi Palmer. — O’z
mamlakatining farovonligini qadrlovchi har qanday odam buning telbalik ekanini biladi. Boshqa
tomondan, bu odam shuni ham biladiki, — qo‘shimcha qildi u, — kreditni qisib qo‘yib, biz shunday
iqtisodiy iskanja ichiga kirib qolamizki, buning oldida 1929 yilgi bo‘hron sekin chalinuvchi valsga
o‘xshab qoladi. Juda-juda kech bo‘ladi. Yo‘lbarsni dumidan tutdingmi, endi uni qo‘yib yuborib
bo‘lmaydi.
— Juda yaxshi, — dedi Mollett. — Iqtibos keltirsam maylimi?
— Arzimaydi.
— Yo‘lbarsning dumi borasidagi ta’rifni har kim har xil tushunishi mumkin, — davom etdi reportyor.
— Masalan, Tammani yo‘lbarsi1 oldida raqs tushadigan bankka nisbatan. Hatto vositachi sifatidagi
Mak Bernsga ega bo‘lib turib ham.
Palmer qoshini chimirdi:
— “Raqs tushadigan” iborasini aniqroq izohlab bera olmaysizmi?
— Uni qaytib oldim. Keling, boshqacha aytaylik — Tammani ta’siridan o‘z iqtisodiy maqsadlarida
foydalanadigan bank.
— Bu haqda mister Berkxardtdan so‘rashingizga to‘g‘ri kelmasmikan deb qo‘rqaman. Mak Berns
mening sahnada paydo bo‘lishimdan ancha oldin yollab olingan.
— Agar men Berkxardtdan iltimos qilgudek bo‘lsam, — e’tiroz bildirdi Mollett, — u menga o‘shqirib
berishi tayin. Men sizdan so‘rayotganim sababi shundaki, siz sog‘lom fikrli odamga o‘xshayapsiz. Siz
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |