www.ziyouz.com kutubxonasi
169
— Yaxshi. Sen qora yakuniy chiziq tortding, azizim. Omading bor ekan.
— Edis. — Palmer xotinining gavdasi rostlanganini va o‘zini yaqinlashib kelayotgan hujumdan
saqlashga chog‘layotgandek yana ham tarang tortilganini ko‘rdi. — Men senga nimani his
qilayotganimni aytmoqchi edim, xolos.
— Aytding ham.
— Xo‘sh?
— Rahmat, azizim. — Ayol yana yerga tikildi. — Jiddiy aytayapman. Rahmat.
— Sen menga rahmat aytma, men aytishim kerak senga.
Xotini qisqa, keskin kulib qo‘ydi:
— Alfons va Gaston jo‘mardlarcha bir-birini hurmat qilganlaridaymi?
— Tag‘in meni keksaligingni bildirib qo‘yayapsan deysan-a.
Ayoldagi taranglik yo‘qolganday bo‘ldi va u eriga burildi. Palmerga hatto xotini chehrasida
tabassum jilva qilganday tuyuldi.
— Bizlar nimadan iztirob chekishimizni topmoqchi bo‘lgandim, xolos, — dedi Edis. — Nyu-York
kasalligidan ekan. Alomatlari — boshqalar bilan munosabatning mutlaqo yo‘qligi. Sababi esa — qattiq
toliqish.
— Ehtimol, sen haqdirsan.
— Lekin indin, — davom etdi xotini, — yoki hech bo‘lmaganda, haftaning oxirida, batamom
o‘rnashib olganimizdan keyin, men dam olmoqchiman. Shunchaki dam. Sen-chi?
— Hozircha yo‘q. Ma’ruzali kichikroq safarim qarab turibdi.
— Uh!
— Olbanidagi qonun chiqaruvchi yig‘ilish majlislarining tanaffusigacha yana shunaqa safarlar bor.
— Qaysisi qachon bo‘ladi?
— Martmi. Aprelmi. Anig‘ini bilmayman.
— Azizim, bu to‘rt oydan ko‘proqqa cho‘ziladigan ko‘rinadi-ku.
— Iloj qancha...
Ayol jimgina turaverdi, so‘ng qoshini chimirdi, orqaga cho‘zildi-da, muzlatkich eshigini yopdi.
— Uzr, — dedi u shu zahoti. — Balki, yakshanba va bayram kunlari biroz dam olarsan?
— Xudo xohlasa.
— Durust. Ishingni tugat-da, uxlagani kel.
Palmer jilmayishga harakat qildi:
— Bo‘pti, birozdan keyin ko‘rishamiz.
— Judayam hayallama.
Palmer kutubxonaga qaytdi va yana o‘rindiqqa cho‘kdi. Qiziq, xotini ataylab keskinlik yaratdi-da,
keyin o‘zi uni yumshatdi, go‘yo u eriga g‘anim emas, balki uning tarafida — ittifoqdoshday.
Palmer YuBTK aktsionerlari ro‘yxatini varaqlay boshladi va o‘zi qandaydir hisob-kitoblar qilgan
shaldiroq qog‘ozga yetib keldi. Hech bo‘lmaganda, deb o‘yladi Palmer, o‘z minnatdorligimni qayd etib
qo‘ydim-ku. Biroq bu minnatdorlikni qabul qilgan xotinining shamasi uni bir pulga chiqarmoqda edi.
U o‘rindiqqa joylashibroq o‘tirib oldi-da, sahifa raqamlarini ko‘chira boshladi. Ertaga ertalab u
kotibasini YuBTK aktsiyalarining so‘nggi yigirma beshtasi ism-sharifi va manzillarini qayta yozishga
majbur qiladi. Biroq bu ishni unga topshirib qo‘yib, bu haqda Berkxardt voqif bo‘lmasligiga ishonish
mumkinmikan?
Palmer bankdagi biron-bir kishiga, albatta, Virjiniya Kleridan boshqa, ishonib bo‘lmasligini
tushunardi.
U Edisning muzlatkichni yana ochganini eshitdi. Palmer qog‘ozlardan bosh ko‘tardi va kutilmagan
zo‘riqishni his etgan qandaydir noma’lum narsaga shay bo‘lgan holda atrofidagi zulmatga tikildi. Mana
shu keskin muntazirlikda u uzoq o‘tirdi. Ammo nima ekanligidan qat’i nazar, o‘sha narsa kelmadi.
Hozircha.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |