www.ziyouz.com kutubxonasi
216
zamonda ular ham otashparast bo‘lganlar. Aytmoqchimenki, bugun mana bu muqaddas
olov guvohligida bizga kuyov bo‘layotganingiz tasodif emasdir. Ehtimol, taqdir taqozosi
shunday bo‘lgandirki, ming yillar oldin bir-birlaridan ajrashib, turli mamlakatlarga urug‘
kabi sochilib ketgan avlodlar endi sizlarning timsolingizda yana topishmoqdadirlar. Men
o‘z qizimni sizga in’om qilurmen. Bilursizki, in’om qaytib olinmaydi. Qizim bu dargohga
endi faqat mehmon bo‘lib kelmog‘i mumkin!
Akbar kaftiga tafti urib turgan nafis qo‘lchani mehr va tashnalik bilan qisib qo‘ydi.
Kelinni taxtiravonga o‘tqazib, karnay-surnay sadosi ostida qarorgohga olib qaytganlarida
tun yarmidan oshgan, lekin hamma uyg‘oq, mash’ala va gulxanlar yoqilgan edi. Ularning
yorug‘ida kelin-kuyovni Hamida begim va boshqa yaqinlari kutib olib, ulkan saroparda
ichiga boshlab kirdilar.
Humoyun joriy qilgan an’ana bo‘yicha, kelin-kuyov avval «Davlat uyi» deb ataladigan
birinchi xonaga kirdilar. Bu yerda ularni vazir-u amirlar ta’zim bilan qarshi olib,
muborakbod qildilar va qimmatbaho sovg‘alarini topshirdilar. Saroparda ichidagi ikkinchi
muhtasham chodir «Saodat uyi» deb atalar edi. Bu uyda kuyov-kelinni yangi malla to‘n
kiygan, oq salla o‘ragan Salim ota kutib oldi va ikkovlarini qarshisiga o‘tqazib tilak aytdi.
— Ilohim baxtli bo‘linglar, oqibatli farzandlar ko‘ringlar, el-yurtning olqishini olib, uzoq
yashanglar!
Musulmoncha nikoh ham o‘qilgandan so‘ng kelin-kuyov saroparda to‘ridagi ikki oshiyonli
«murod uyiga» yo‘l oldilar. Akbar bu uyda qiz bilan yakkama-yakka qoladigan damlarni
toliqib kutmoqda edi. Lekin odatga binoan, bu uyning birinchi qavatiga dasturxon
yozilgan, yangalar kelin-kuyov uchun eng nodir taomlar tayyorlashgan edi.
Jodha Bay Akbar bilan bir dasturxondan ovqat yeyishga jur’at etmay, o‘zini chetga
tortdi. Hind odobiga binoan, kelin-kuyovni o‘zidan beqiyos darajada yuqori qo‘yadi, xotin
ham erni ilohiy bir yuksaklikda ko‘radi. Shuning uchun kuyov bilan bir dasturxondan
ovqat yeyish — kelinchak uchun odobsizlik sanaladi. Jodha Bay ham Akbar ovqat yeb
bo‘lguncha dasturxonga yaqin kelmoqchi emas, bir chetda odob saqlab turmoqchi edi.
Akbar avval ham eshitgan bu odatlar erkak zotining obro‘sini afsonaviy bir yuksaklikka
ko‘tarishini, kelin o‘z kuyovini Xudo o‘rnida ko‘rishini Jodha Bayning hozirgi odobida
yurakdan his qildi-yu, qallig‘iga mehri toblanib shivirladi:
— Men sizning xonadoningizda hindcha odatlarga rioya qildim-ku. Endi siz bu yerda
turkiy odat bo‘yicha men bilan birga taom yeyishingiz kerak. Qani, oling.
Akbar bedana kabob solingan oltin laganni qallig‘iga yaqin surdi. Ammo Jodha Bay
bolalikdan ongiga singgan odatni buza olmadi. Akbarning oldida ovqat chaynashdan
uyaldi. Yangalar kelin-kuyovga asal qo‘shilgan choy keltirdilar. Akbar o‘zi ichgan asal
choydan Jodha Bayga ham ozgina ichirdi.
Qiz ota-onasi bilan xayrlashganda qattiq yig‘lagan, hozir ham xomush ko‘rinardi. Akbar
hazil bilan uning ko‘nglini yozmoqchi bo‘ldi:
— Rani Jodha Bay, saroyda shaxmat o‘ynaganimiz yodingizdami?
— Ha.
— O‘shanda siz mening farzinimni... yutib olgan edingiz-a?
Jodha Bay endi jilmaydi:
— Bekor qilgan ekanmen.
— Nechun?
— Qasos qaytdi. Mana, farzininiz o‘rniga siz meni yutib oldingiz.
Qizning shirin javobi Akbardagi baxt tuyg‘usini yanada oshirib toshirganday bo‘ldi. U
birdan qaynotasi aytgan so‘zlarni esladi: barcha bani bashar bitta Odam ato va Momo
Havodan tarqagan bo‘lsa, ming yillar avval, otashparastlik davrlarida, Jodha Bayning
ariy bobolari bilan boburiylarning uzoq ajdodlari qo‘ni-qo‘shni, quda-anda bo‘lib
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |