www.ziyouz.com kutubxonasi
162
yerda Gujarat podshosi ularni o‘z himoyasiga oladi.
— Endi dengiz orqali vatanlaringga qaytolmaysizlar, kemalaringizni biz qo‘riqlab
turamiz, quruqlik orqali borib, yangi bir kema karvoni bilan qaytib kelinglar, — deydi
Sulton Ahmad. Seydi Ali Sind va Panjob orqali Turonga, undan Kavkaz orqali Turkiyaga
qaytmoqchi bo‘lib ketayotganda Turdibekning odamlari ularni qo‘lga oladi.
— Afandim, — dedi Humoyun. — Siz Gujarat viloyatini Turkiyaga tobe qilish maqsadida
harbiy kemalar bilan qo‘shin tortib kelmishsiz?
— Hazrati oliylari, Gujarat ilgari sizning mulkingiz bo‘lganidan xabarimiz bor. Axir biz
hammamiz bitta turk otaning farzandlarimiz-ku! Gujarat farangilarga tobe bo‘lguncha,
siz-u bizga mulk bo‘lsa afzal emasmi?
— Bitta otaning farzandlari maslahatlashib ish qilsalar yaxshi bo‘lmasmidi? Uzoq
Istambulda turib Hind ummoni bo‘yidagi Gujaratga egalik qilish mumkin emasligini
sizning boshingizga tushgan savdolar ko‘rsatib turibdir. Undan ko‘ra siz avval bizning
huzurimizga keling edi. Gujaratni Farangilar panjasidan chiqarib olish bizning ham
niyatimizdir. Agar birgalashib harakat qilsak siz shuncha kemalaringizni boy berib, bu
qadar abgor bo‘lmas edingiz.
— Hazratim, men safarga otlanganimda siz hali Kobulda edingiz. Hindiston taxti bu yil
sizga qaytadan muyassar bo‘lgani bizni behad quvontirdi. Menga ruxsat bering, tezroq
Istanbulga qaytay, sizning g‘alabangizga oid xushxabarni Sulton Sulaymon Qonuniy
Hazratlariga yetkazay. Ikki orada ittifoq tuzaylik, Gujarat sohillaridan farangilarni
birgalashib quvaylik!
— Mana bu niyatingiz yaxshi, janob Rais! Ammo hozir uzoq safarga chiqadigan payt
emas. Sherxon avlodlari bilan urush avjida. Yo‘llar xatarli. Men sizga ko‘nglingiz tilagan
vazifani beray. Biror yil bizda xizmat qiling.
— Tashakkur, hazratim, ammo faqir hamon turk sultonining xizmatidamen. Tezroq
qaytishim zarur.
— Siz amiral bahr sifatida falakiyot ilmini, yulduzlar xaritasini yaxshi bilsangiz kerak?
— Mening ota-bobolarim ham amiral bahr bo‘lganlar. Yulduzlar xaritasini bolaligimdan
bilurmen.
— Unday bo‘lsa biz uchun «Doirayi Muaddilunga»* oid risola bilan yulduzlar xaritasidan
bir nusxa tayyorlab beraolurmisiz?
— Bosh ustina, hazati oliylari!
Yulduzlar xaritasi va unga oid risola tayyor bo‘lgandan so‘ng Humoyun Seydi Alini
kutubxonasi joylashgan o‘sha tosh imoratning uchinchi oshiyonida qabul qildi.
Podshoning yonida zar yoqalik yengil havorang to‘n kiygan chiroyli yigitcha ham bor edi.
Seydi Ali uning shahzoda Akbar ekanini fahmlab ota-bolaning har biriga alohida ta’zim
qildi. Seydi Ali Rais risolaga qo‘shib turkcha yozgan bir she’rini ham Humoyunga taqdim
etdi. Humoyun risola uchun minnatdorchilik bildirdi. So‘ng Seyd Alining she’rini Akbar
ham eshitsin uchun ovoz chiqarib o‘qidi:
G‘ofil o‘lma, tushdiging yer — mulki Hindistondir.*
Haq budur — dunyoda jannat mulkati Usmondir.
Dush oyog‘ina* Humoyun podshohing, ruxsat ol.
Doimo dushganlara oning ishi ehsondir.*
— Tushundingizmi amirzoda? — deb Humoyun o‘g‘lidan so‘radi. Akbar tasdiq ma’nosida
bosh irg‘agach, davom etdi: — Janob Rais, «oyog‘ina dushmoq» shart emas, busiz ham
biz ehsona tayyormiz. Faqat bitta savol bor, «Haq budurki, dunyoning jannati —
Turkiyadir» debsiz. Qani buning dalilini haq makoni bo‘lmish osmon-u yulduzlar orqali
ko‘rsata olurmisiz?
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |