www.ziyouz.com kutubxonasi
159
— Buni hazrat otamdan so‘raylik.
Akbar kiyikni navkarlaridan ikkitasiga ko‘tartirib, otasining huzuriga olib keldi-da, uning
oyog‘i oldiga qo‘ydi:
— Hazratim, o‘g‘lingizning birinchi ovi sizga peshkash!
Humoyun bo‘yi cho‘zilib otasiga tenglashib qolgan Akbarni bag‘riga bosdi.
Kunlar issiq, Akbar ovda terga botib ketganini sezgan Humoyun o‘g‘lini Jamnaning salqin
qirg‘og‘ida langar tashlab turgan kemaga boshlab chiqdi. Bovurchilar kiyik go‘shtidan
og‘izda eridigan qilib kabob tayyorladilar. Kemaning tolorida ota-bola va Bayramxon
uchovlari kabobni yeb bo‘lishgach, Humoyun oftobachi keltirgan suvda qo‘l yuvdi-da,
qog‘oz-qalam so‘radi, u hozir shu dasturxon ustida xayoliga quyulib kelgan satrlarni
masnaviy shaklida tez-tez yozdi:
Xudoyo, tu in gavhari shahvor
Zi osibe badguharon dur dor.
Zi daryoyi donish ba o‘ ob deh
Zi xurshidi binish ba o‘ tob dex*.
Humoyun o‘g‘liga bu satrlarni o‘qib berdi:
— Mening senga tilagim shu! — dedi. — Ol!
Forsiy tilni ham yaxshi biladigan Akbar o‘rnidan turib, otasining she’rini ta’zim bilan oldi-
da, ko‘zlariga surdi:
— Men buni jon o‘rnida asragaymen!
O‘sha kuni kechqurun Akbar o‘zining dastorpechiga buyurib, otasi in’om etgan to‘rt
satrni shohi tumorchaga tikdirdi-da, kiyimlari ichidan bo‘yniga bilintirmay taqib oldi.
Mana, hozir u otasining yonida Dehlining eng baland joyiga qurilgan shiypon ustida
turganda o‘sha tumorchaning shohisi issiqda terlagan badaniga allanechuk salqin
tegayotganini sezdi-da, o‘zicha bir suyunib qo‘ydi.
— Shukurki, ko‘zim tirikligida seni Dehliga olib keldim, — dedi Humoyun. — Bu shahri
azimni men ko‘pdan berli poytaxt qilish niyatida edim. Lekin meni bu niyatga
yetkazadigan yo‘l yer tagidan o‘tganini bilmas ekanmen.
— Qandoq... yer tagidan? — tushunmay so‘radi Akbar.
Humoyun unga Qazvinda Elbrus tog‘i haqida eshitgan rivoyatini aytib berdi.
— Yer tagiga tushib ketgan o‘sha tog‘ mening yelkamdan bosib tushgandek bo‘ldi. o‘n
besh yil davomida shu tog‘ni Sind-u, Qandahor-u, Qazvin-u Kobul orqali ko‘tarib o‘tishga
majbur bo‘ldim, uning og‘irligidan ezilib azob tortdim. Nihoyat, bugun shu tog‘ — otam
tuzib ketgan o‘sha ulkan davlat — yana yer yuzasiga qaytib chiqdi. Men qurishga
ulgurmagan obidalarni endi sening qurmog‘ing uchun imkon bor. Axir ota qismatiga o‘g‘il
sherik! Otamning umri menda davom etgan bo‘lsa, mening umrim senda davom etgay.
Biz xuddi yuz yillab yashaydigan chinorning alohida shoxlari-yu ildizlariday yaxlit bir oi-
lamiz.
Humoyun o‘g‘liga bugun birinchi marta dilini yorib, ko‘nlining tubini ochib ko‘rsatar,
Akbarning kamoli jiddiyat bilan tinglayotganidan hamma gapni ko‘ngliga tugayotgani
bilinib turardi.
— Chinorning dastlabki ellik-oltmish yildagi o‘sishi bir avlod umriga qiyos etgulikdir, —
deb davom etdi Humoyun. — Keyingi ellik-oltmish yillik o‘sishi ikkinchi avlod hisobiga
bo‘lgay. Bu orada chinor avvalgidan ikki barobar baland ko‘tarilgay. Uchinchi avlodning
umri bu chinorni eng baland yuksaklikka ko‘tarib, ulug‘ daraxtga aylantirgay. Lekin
uning shu ulug‘ligida nihol paytida otgan ildizlari-yu o‘rta yasharligida yoygan
shoxlarining hissasi bo‘lgaymi, yo‘qmi?
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |