www.ziyouz.com kutubxonasi
110
to‘qilgan chiroyli matolarni ortib Mozandaronga keldi. Bu yerdan esa ipak va ip
gazlamalar, mayiz, qand, novvot kabi Moskoviyada tansiq bo‘lgan shirinliklar olib
ketmoqchi.
— Moskoviyaga hozir kim podsho? — deb so‘radi undan Humoyun.
— Ivan To‘rtinchi*.
Sizning otangizdan elchi bo‘lib borgan Xo‘ja Husayn uning otasi Vasiliy Uchinchi bilan
uchrashgan edi. U vafot etdi.
— Podsholaring biz tomonlarga elchi yubormoqchi emasmikin?
Matvey Semyonovich bosh chayqadi:
— Podshomiz hali yosh, endi o‘ng to‘rtga kirdi. Hozir mamlakat ichidagi tashvishlar ham
unga yetib ortadi.
— Qanday tashvish?
— Tarqoq viloyatlarni Moskva atrofiga birlashtirish osonmi! Boyarlar hammasi o‘zicha bir
podsho bo‘lgisi kelgay. Lekin Ivan To‘rtinchi yosh bo‘lsa ham qahri yomon deb eshitdim!
Itoat etmaganlarni ayamay qiyratar emish. Boshqalari buni ko‘rib, yosh podshoning
oldida titrab turarmish. Hozir bizning mamlakat Moskoviya emas, ko‘p viloyatlar
birlashib, Rossiya nomini oldi.
— Sizlarda ham ichki parokandaligu viloyatlarni bir markaz atrofiga birlashtirish
muammosi bor ekan-da, — dedi Humoyun taassuf bilan.
— Ammo bizda tamg‘a solig‘i yo‘q, — dedi Matvey. — Lekin bu yerda tamg‘a solig‘i juda
baland ekan.
— Qancha?
— Musulmon bo‘lsangiz sotgan mollaringizning yigirmadan birini olurlar. Bizga o‘xshagan
boshqa dindagilar molining o‘ndan birini tamg‘a solig‘iga to‘lashga majbur. Shoh
Tahmasp sizni juda hurmat qilurlar, deb eshitdim. Bir og‘iz aytsangiz, hazratim, bizni
shu soliqdan ozod etsalar.
Humoyun o‘ylanib qoldi. Matvey Kalitin uning oldiga bir chekkasi shu adolatsiz soliqdan
himoya istab kelgan edi.
— Janob Matvey, bu yerda biz ham siz kabi musofirmiz. Shohning ichki ishlariga
aralasholmasmiz. Agar Hindiston bizga nasib etsa, yana boring, o‘shanda bajonidil...
— Taqdir sizni qo‘llasinu yaxshi niyatingizga tezroq yeting, Mirzo hazratlari. Ammo
Matvey Kalitin Hindistonga qaytib borolmasa kerak.
— Nechun?
— Yosh ketib qoldi. Mana, soch-soqollar oqardi. Ikki oradagi yo‘l azoblariga endi
sog‘lig‘im bardosh berolmagay. Ammo Hindistonda ko‘rgan ajoyibotlarimni, siz bilan
Xo‘ja Husayn qilgan odamgarchiliklarni umrbod unutmasmen. Agar siz bo‘lmasangiz,
johil Said Xalil meni zindonda chiritib yuborgan bo‘lardi. Buning hammasini mana bu
yoshlarga, — deb Matvey Semyonovich o‘g‘li Akimga ishora qildi,— so‘zlab tamom
qilolmasmen. Istaymenki, ikki orada bordi-keldi bo‘lib tursin. Men bo‘lmasam, o‘g‘lim
kelgusida Hindistonga sizni so‘roqlab borgay. Shuning uchun forsiy, turkiy tillarni
o‘rganmoqda.
Humoyun Akimga qiziqib bir ko‘z tashlab oldi. U ichki bozorlarda xaridorlarni aldab boy
bo‘ladigan savdogarlarni yomon ko‘rardi. Ammo karvonlar va kemalarda uzoq yo‘llarning
yuz xil mashaqqatlarini yengib, qit’adan qit’aga nodir buyumlar bilan birga ko‘p
yangiliklarni ham olib boradigan Matvey Kalitinga o‘xshash tijorat kishilarini hurmat
qilardi. Shuning uchun u adolat istab kelgan Matveyga qo‘lidan kelgan yordamni bergisi
keldi. Matvey Agraga sovg‘a qilib eltgan issiq samur po‘stin bultur Qandahor sovuqlarida
Hamidaga juda asqatgani, qorli Elbrus tog‘idan ham begim shu po‘stinga o‘ranib
o‘tganini esladi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |