Kim aybdor?
Achchiq haqiqat shundaki, global isishga eng katta hissa qo‘shayotgan davlatlar bu
rivojlangan sanoat mamlakatlaridir. Yer, suv va havo ifloslanishida eng katta ulushga
ega bo‘lgan o‘lkalar ham ayni shu mamlakatlardir. Lekin ular yaratayotgan muammo
uchun issiqxona gazlarini deyarli chiqarmaydigan Afrika kabi qashshoq hudud
mamlakatlari jabr ko‘rishiga to‘g‘ri kelyapti.
Afrika qit'asining global isishdan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan hudud ekani bugun hech
kim uchun yangilik emas. Iqlim o‘zgarishi bu yerdagi shundoq ham jazirama bo‘lgan
havoni yanada isitib, oziq-ovqat manbalari bo‘lgan ekin maydonlarini nobud qilmoqda.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Afrika bugungi ahvolidan qutilishi uchun iqlim
o‘zgarishining qanchalar jiddiy muammo ekanini, avvalo, o‘z xalqiga tushuntirishi
kerak. Bundan tashqari, muammo keltirib chiqarayotgan jiddiy asoratlarning oldini
olish uchun katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Shu bois ularni inqirozdan olib chiqish uchun
boy mamlakatlar yordam qo‘lini cho‘zishi kerak. Bu borada rivojlangan davlatlarning
aksariyati sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa-da, lekin ular orasida yordam qo‘lini
cho‘zayotganlar ham yo‘q emas. Masalan, Norvegiya Tanzaniyaga so‘nggi besh yilda
iqlim o‘zgarishi va o‘rmonlarning yo‘qolib borishi muammolarining oldini olish uchun
100 million dollar taqdim etdi. Negaki, Tanzaniya o‘rmonlari yo‘qolib, cho‘llashish
darajasining yuqoriligi bo‘yicha Afrikada birinchi o‘rinda turadi. Iqlim o‘zgarishi va
global isishga qarshi kurashda cho‘llashishning oldini olish esa juda muhim.
Norvegiya Bosh vaziri Jens Stoltenberg aytganidek, "Cho‘llashish global miqdorda
issiqxona gazlari chiqishining 20 foizini tashkil qiladi" va bu miqdor shak-shubhasiz
dahshatli oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Norvegiya iqlim o‘zgarishining jiddiy muammo ekanini o‘z vaqtida anglab yetgan
ko‘rinadi. U o‘z hududini 2030 yilgacha karbon gazlaridan mutlaqo xoli hududga
aylantirishni rejalashtirmoqda. Agar barcha mamlakatlar (hech bo‘lmaganda, AQSh,
Xitoy, Hindiston kabi yirik sanoat davlatlari) bu borada shu kabi amaliy ishlarga
kirishsa, iqlim o‘zgarishi olib kelishi kutilayotgan salbiy oqibatlarning oldi olingan
bo‘lardi. Xulosa qilib aytganda, global isishning yanada jiddiyroq zararlarini butun
dunyo hududi birday tatib ko‘rmasdan oldin hozirdan global hamkorlik chora-
tadbirlarini amalga oshirmoq lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |