11.3.6. Bog‘dorchilik va uzumchilik mahsulotlarining tannarxini hisoblash
Meva-sabzavotchilik shirkat xo‘jaliklari tugatilib, ular negizida ixtisoslashgan fermer
xo‘jaliklari tashkil etilishi natijasida bog‘dorchilik va uzumchilik sezilarli darajada rivojlanmoqda.
Ishlab chiqarishni samarali boshqarish, xususan, mahsulotlar tannarxini to‘g‘ri shakllantirish va
uning dinamikasini nazorat qilish, norma va normativlarning haqqoniyligini baholash, tannarxni
pasaytirish imkoniyatlarini aniqlash, mahsulotlarga baho belgilash hamda uni tezkor qayta ko‘rib
chiqish masalalarini ta'minlaydigan tannarx hisoblash uslubini shakllantirish lozim. Bu borada
professor N.Yu.Jo‘raev haqli ta'kidlagan: “Mahsulotlar tannarxini hisoblash uchun har bir
mahsulot turini ishlab chiqarish samaradorligini ishonchli aniqlashga imkon beradigan uslub
zarur”
9
.
Darhaqiqat, har bir muayyan sharoit uchun tannarx hisoblashning maqsadga muvofiq
uslubi zarur. Masalan, hajmi nisbatan kichik meva-sabzavotchilik fermer xo‘jaliklarida bog‘lar
maydoni unchalik katta bo‘lmasdan, asosan bir turdagi meva etishtiriladi. Shuning uchun ushbu
tarmoq xarajatlari bitta –“Bog‘dorchilik” analitik schotida butunligicha hisobga olinishi mumkin.
Ushbu analitik schotda bog‘larni parvarishlash, hosilni yig‘ishtirish va hosil yig‘ishtirilgandan
so‘ng hisobot yili oxirigacha bog‘da bajariladigan ishlar, barcha turdagi daraxtlar va butazorlar
bo‘yicha parvarishlash hamda hosilni yig‘ishtirish xarajatlari aks ettiriladi. Natijada, bunday
fermer xo‘jaliklarida bog‘dorchilik mahsulotlari bir sentnerining tannarxi bir butunligicha
hisoblanadi. Buning uchun barcha xarajatlar kirimga olingan mahsulotlarning umumiy miqdoriga
(ularni turlarga ajratmasdan) bo‘linadi. Masalan, fermer xo‘jaligida hisobot yilida xarajatlar
6510000 so‘mni tashkil etib, 186 sentner mahsulot kirim qilingan. Bunda bog‘dorchilikdan
olingan 1 sentner mahsulotning haqiqiy tannarxi:
6510000:186=35000 so‘m.
Bog‘dorchilik mahsulotlarining har bir turi bo‘yicha alohida tannarx hisoblash zarur
bo‘lganida xarajatlar har bir mahsulot turining bozor bahosi bo‘yicha aniqlangan umumiy
qiymatidagi ulushiga mutanosib taqsimlanishi mumkin. Agar bog‘dorchilik xarajatlari 26354000
so‘m bo‘lib, olingan barcha mahsulotlarning bozor bahosi bo‘yicha qiymati 63540000 so‘mni
tashkil etsa, u holda taqsimlash koeffitsienti quyidagicha aniqlanadi:
26354000:63540000=0,4147
So‘ngra har bir mahsulotning bozor bahosi bo‘yicha qiymatini ushbu koeffitsient
(0,4147)ga ko‘paytirish yo‘li bilan mahsulot turiga tegishli xarajat summasi aniqlanadi.
Aniqlangan summa ushbu ekin turidan olingan mahsulot miqdoriga bo‘linib, har bir mahsulot turi
birligining haqiqiy tannarxi hisoblanadi.
Agar bog‘ning qator oralariga sabzavot ekilgan bo‘lsa, u holda ushbu ekinlar bo‘yicha
barcha xarajatlar alohida “Sabzavotchilik” analitik schotida aks ettirilib, bog‘dorchilik
xarajatlariga qo‘shilmaydi. Voyaga yetmagan va foydalanishga qabul qilinmagan yosh bog‘lardan
meva va rezavor mevalar olinganda, ular sotish mumkin bo‘lgan baholarda qabul qilinishi
mumkin. Ushbu baho summasidan yosh bog‘larni parvarishlash xarajatlari chegirib tashlanadi.
Natijada, yosh bog‘lardan olingan mahsulot tannarxi ularni parvarishlash va hosilni yig‘ishtirish
xarajatlaridan oshib ketmasligi mumkin (11.7-jadval).
Do'stlaringiz bilan baham: |