Birinchidan, o’rindosh ishlarning hajmi ish kuni davomida har bir ijrochining ish bilan ta’min etilish darajasi (odatda, ish kunini to’la fotografiya qilish yo’li bilan) sinchiklab o’rganiladi. Bu bilan xodimning asosiy ishdan tashqari qancha bo’sh vaqti qolishi, unga yuklatiladigan qo’shimcha vazifalarning og’ir-engilligi va demak, xodimlarning bu vazifalarni o’z vaqtida to’la bajara olishi mumkinligi aniqlanadi;
Ikkinchidan, kasblar o’rindoshligi sharoitida mo’’tadil ishlash uchun eng qulay ishlab chiqarish sharoiti yaratishga qaratilgan zarur tashkiliy-texnik tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshiriladi (masalan, ish joyini barcha zarur ashyolar bilan uzluksiz ta’minlab turish, qo’shimcha texnik moslamalar qo’llanish va h.k.);
Uchinchidan, xodim kasblar o’rindoshligi sharoitida ishlashga tayyorlanadi. Bu tayyorgarlik xodimning oldindan belgilangan ayrim mehnat funktsiyalarini bajarish tartibini yaxshilab o’rganib, o’zlashtirib olishidan, o’rindosh kasb yuzasidan qo’shimcha mehnat funktsiyalarini bajarish uchun talab qilinadigan bilimlarni o’rganish va malakalarni egallashdan, mehnat haqi to’lash tartiblarini va h.k.larni bilib olishdan iborat.
SHu tariqa kasblar o’rindoshligi sharoitida ishlarni tashkil etishga va ularni boshqarishga har tomonlama va puxta tayyorgarlik ko’rilgan taqdirdagina bu ish samarali bo’lishi mumkin.
Endi xodimlarning ko’p jihozda ishlashini tashkil etishga va uni normalashga kelsak, ishni tashkil etishning bu shakli ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish rivojining hozirgi darajasida mehnat taqsimotini takomillashtirishning eng muhim yo’nalishlaridan biridir. Bu mehnat taqsimotining shunday shaklidirki, unda bir xodim bir necha jihoz (mashina)da ishlaydi yoki agregatni idora qiladi,har bir jihozda zarur operatsiyalarning hammasini bajaradi va ularning ishlash jarayonini diqqat bilan kuzatib turadi. Xizmat ko’rsatish maydonini shu tariqa kengaytirish boshqa jihozlarda qo’l kuchi yoki mashina kuchi bilan bajariladigan ishlarni kamaytirish, uskunalarning mashina - avtomatik ish vaqtidan foydalanish, demakdir. Boshqacha qilib aytganda, ko’p jihozda ishlash (yoki ko’p jihozni idora qilish) usuli ishlab chiqarish yuksak darajada mexanizatsiyalashtirilgan va avtomatlashtirilgan sharoitda, texnologik jarayonda (yoki uning ma’lum qismida), jihozga (agregatga) xodim asosan ta’sir ko’rsatmaydigan, bu jarayonni faol kuzatmaydigan va shu munosabat bilan boshqa jihozlar (agregatlar)ga xizmat ko’rsatish uchun xodimning bo’sh vaqti qoladigan chog’da qo’llaniladi.
Masalan, ishlab chiqarish uchastkasida har birida bittadan operator ishlaydigan uchta bir xil jihozda eng oddiy operatsiya bajariladi: qism tekislanadi. qismni tekislash uchun 5 minut asosiy mashina vaqti (ya’ni, xodim ajralmasdan mashinaning o’zi avtomatik tarzda ish bajaradigan vaqti) va 2 minut qo’l kuchi ishlatiladigan yordamchi vaqt (qismni jihozga o’rnatish, jihozdan olish, bir jihozdan ikkinchisiga o’tish va h.k.lar uchun zarur vaqt) talab etiladi. Bu holda uchta jihozga uchta xodim emas, bitta xodim ham bemalol xizmat qilishi mumkin. chunki bir mashinaning o’zi avtomatik tarzda 5 minut vaqt davomida qismni yo’nib tugatganida, u jihozga ishlovchi xodim shu vaqt ichida yana ikki jihozga qismlarni qo’yadi va qismlar tekislanib bo’lganidan keyin ularni olib ulguradi. Xodim bunga 4 minut vaqt sarflaydigan bo’lsa, 1 minut vaqti bo’sh qoladi. Ma’lumki, agar asosiy mashina vaqti 5 minut bo’lmay, aytaylik, 3 minut bo’lsa, unda xodim ikkita jihozga xizmat qilishi mumkin, agar u uch jihozga xizmat qiladigan bo’lsa, jihozlardan biri vaqti-vaqti bilan 1 minut bekor turib qoladi.
Ko’p jihozlarga xizmat ko’rsatishni tashkil etishdan oldin bunga tayyorgarlik ishlari o’tkaziladi. Bu ishlar quyidagilardan iborat:
Birinchidan, xronometraj orqali kuzatishlar va ish vaqtini fotografiya orqali kuzatish yo’li bilan bir yo’la xizmat qilishga o’tkaziladigan agregatlarda bajariladigan ishlar (operatsiyalar)ning ayrim elementlarini bajarishga sarf bo’ladigan vaqt, bu elementlar tarkibi, navbatlashishi hamda ish kuni davomida xodimlarning ish bilan band bo’lish darajasi mufassal o’rganiladi. SHu tariqa ko’p jihozda ishlashga o’tishning aniq imkoniyatlarini aniqlash, necha jihozda ishlashga o’tish mumkinligini, ya’ni bir xodim (yoki brigada) uzluksiz xizmat qilishi mumkin bo’lgan uskunalar (agregatlar, jihoz, mashina va h.k.lar)ning optimal miqdorini belgilash imkoni tug’iladi.
Ikkinchidan, ko’p jihozda ishlashga o’tish uchun qulay sharoit yaratiladi. Bir vaqtning o’zida xizmat ko’rsatiladigan uskuna va vositalarni, ularda ishlash va ularni boshqarish oson bo’ladigan darajada rejalashtirish va joylashtirish, texnologik jarayonning borishini avtomatik tarzda kuzatib turish uchun qo’shimcha moslamalar va boshqa vositalar qo’llanish, mashina va qo’l kuchi bilan qilinadigan ish vaqtining bir xil operatsiyalarga moslab ixtisoslashtirilgan, ko’p jihozda ishlovchi xodimning uzluksiz ishlashi uchun uni barcha zarur materiallar (asbob-uskunalar, transport vositalari, hujjatlar va h.k.lar) bilan to’la ta’minlab turish maqsadida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, mehnatni muhofaza qilish, texnika xafsizligi tadbirlari va h.k.larni amalga oshirish kabi ishlar ko’p jihozda ishlashga o’tish uchun qulay sharoit yaratish shartlaridir.
Uchinchidan, ko’p jihozda (agregat) ishlovchi xodimlar tayyorlanadi. Buning uchun xodimning bir jihozda ikkinchisiga o’tishida eng qulay marshrut, bir necha jihozga xizmat qilishida ayrim mehnat funktsiyalarini izchillik bilan bajarish usul va uslublari ishlab chiqiladi; xodim bir vaqtning o’zida bir necha jihozda ishlash, xizmat ko’rsatish tartibini oldindan o’rganadi, qo’shimcha bilim va bir necha jihozda aniq va uzluksiz ishlash malakalarini,tajribalarini egallaydi (agar turli texnologik uskunalarda ishlash mo’jallanadigan bo’lsa, yangi ixtisoslarni ham o’rganadi), mehnatga haq to’lashni tashkil etish tartibi bilan tanishadi.
Ko’p jihozda ishlash (xizmat ko’rsatish) samaradorligini oshirish uchun:
a) operatsiyani bajaruvchi xodimni ishga tayyorgarlik ko’rishdan va uni tugallash hamda ish joyiga xizmat ko’rsatish kabi ishlardan ozod qilish;
b) mehnat predmetini ishlab bo’lgandan keyin jihozlarni o’zlari to’xtaydigan va to’xtashi bilan bilan xabar (signal) beradigan qilish;
v) shunday mehnat sharoitini yaratish kerakki, xodim bir jihozdan boshqasiga ko’chib yurishga vaqt sarf qilmasin, sarf qilganda ham ozgina vaqt sarflasin (ko’p jihozda ishlovchining ratsional harakat marshruti tuzilsin).
Nihoyat, shuni ta’kidlash kerakki, ko’p jihoz va agregatda ishlashni tashkil etish xizmat ko’rsatish maydonini kengaytirish kabi samarali tadbirdir.
Mashinasozlik korxonalarining ko’p yillik tajribalari shuni ko’rsatadiki, mehnat unumdorligini ko’p jihoz (agregat)da ishlovchi xodimlar o’rta hisobda 32% dan ziyodroq, qo’shimcha kasblarni egallagan xodimlar esa 21 % oshirishgan. Bundan tashqari, sanoat korxonalarida ko’p jihozda ishlashni tashkil etish uchun sarflangan har bir so’m 5 so’mdan ziyodroq, kasblar o’rindoshligini tashkil etishga sarflangan bir so’m esa undan ham ko’proq – 7 so’mdan ortiq foyda bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |