Meva daraxtlarini o‘tqazish qalinligi. Meva daraxtlari shunday qalinlikda o‘tqazilishi kerakki, bunda ularning maksimal darajada yuqori hosil berishi, mevalarning sifati yaxshi bo‘lishi, shuningdek shamolga, garmselga va sovuq hamda qora sovuqlarga chidamli bo‘lishi, tuproqni ishlash va daraxtlarni parvarish qilish ishlarini mexanizatsiyalashtirish imkonini berishi lozim.
Erni ko‘chat o‘tqazishga tayyorlash. Boqqa o‘tqazilgan ko‘chatlarning tutishi, yosh daraxtlarning o‘sishi, hosilga kirish vaqti, hosildorligi, uzoq yashashi muhit sharoitiga bog’liq bo‘ladi. Bog’ barpo qilishdan oldin yer ko‘chat o‘tqazishga sifatli tayyorlangandagina o‘simliklar sog’lom va baquvvat rivojlanishi mumkin. Yerni ekishga tayyorlash uni tekislash, haydash, o‘g’itlash va boshqalardan iborat. Bog’ barpo qilishdan oldin ekilgan ekinlarning ham ahamiyati katta.
Maydonlar sug’orilgandan keyin plantajli plugda ag’darib haydaladi. Haydash oldindan gektariga 30-40 t go‘ng, 120-150 kg hisobida fosforli o‘g’it solinadi. Agarda, beda ekilgan yer bo‘lsa, bedapoyalarni haydab yuborishdan oldin yerga faqat fosforli o‘g’itlar solinadi.
Plantajli plug bilan butun yil davomida haydash mumkin, ammo bu ish ko‘chat o‘tqazishga kamida 1,5-2,0 oy, yaxshisi 3-4 oy qolganda tamomlanishi kerak. CHunki, yumshatilgan tuproq o‘tirishib, uning kapillyarligi tiklanishi lozim. Tuprog’i o‘tirishmagan joyga ko‘chat o‘tqazilsa birinchi marta suv berilgandan keyin tuproq cho‘kib, ularning ildizi ochilib qoladi. Bog’ barpo qilinadigan maydon kuzda haydab qo‘yiladi, bahorda esa disklanadi yoki boronlanadi. Plantaj pluglar yetishmaganda 25-30 sm chuqurlikda hayday oladigan oddiy pluglardan ham foydalanish mumkin. Kuchsiz va kam ishlangan yerlarga bog’ barpo qilishdan 1-2 yil oldin dukkakli ekinlar, kartoshka, sabzavot va sideratlar ekish yaxshi samara beradi. SHo‘r yerlarda esa haydashdan va ko‘chat o‘tqazishdan oldin tuproq sho‘ri yuviladi.
Bog’ maydonini rejalash. Katta maydonlarda bog’ barpo qilishda ayrim kvartallarning katta-kichikligi, ularning qanday joylashishi, tegishli binolarning o‘rni va ularga boradigan yo‘llar belgilab qo‘yiladi. Maydon magistral va kvartallararo yo‘llar hamda ihota daraxtzorlar ajratilgach maxsus asbob bilan rejalanadi.
Har bir kvatral burchaklariga karta nomi yozilgan ustunlar ko‘miladi. Daraxt qatorlari suv yaxshi yuradigan eng qulay nishab bo‘ylab olinadi. Qator iloji boricha sharqdan g’arbga qarab, doimiy shamollar bo‘lib turadigan hududlarda daraxtlar shamol esadigan tomonga qaratib olingani mahqul. Ihota daraxtlar esa shamolga perpendikulyar o‘tqazilishi kerak. Bog’ maydoni asosiy ariqqa yoki magistral yo‘lga qaratib rejalanadi. Rejalash uchun: yer o‘lchaydigan lenta yoki ruletka, kamida 110 sm uzunlikda 2 ta tross, uzunligi 3 m gacha, diametri 5-8 sm li 15-20 ta yog’och qoziqlar, trosni tortish uchun uzunligi 1 m gacha, diametri 2-3 sm keladigan 2 ta temir qoziq, har 5-10 gektar yerga ko‘chat o‘tqazish hisobidan uzunligi 1 m keladigan 400 ta qoziqcha va uzunligi 24 metrli 2 ta chizimcha zarur. Kvartallar yoki kichik uchastkalarni rejalashda Ekker asbobi yoki chizimcha, yer o‘lchaydigan lenta yordamida to‘g’ri burchaklar hosil qilinadi. Ekish usuli va sxemasiga qarab bog’ maydoni taqsimlanib, ko‘chatlar o‘tqaziladigan joylar aniqlanib chiqiladi. Ko‘chatlar o‘tqaziladigan joylarni belgilashning chizimcha tortib, ko‘z bilan chamalab va konturli rejalash usullari mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |