23-modda. O‘ramlarga qadoqlangan tovarlar miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati O‘ramlarga qadoqlangan tovarlarning ularni maydalab qadoqlash va sotish chog‘idagi miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati davlat metrologiya xizmatining vakolatli organlari tomonidan o‘tkaziladi. O‘ramlarga qadoqlangan tovarlar miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati o‘ram tarkibini o‘ramni ochmasdan yoki deformatsiya qilmasdan o‘zgartirish mumkin bo‘lmagan taqdirda, o‘ramdagi tovar miqdorini ko‘rsatuvchi massa, hajm, uzunlik, maydon yoki boshqa kattaliklar esa o‘ramda belgilangan hollarda amalga oshiriladi. O‘ramlarga qadoqlangan tovarlar miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati suyuq holdagi qadoqlangan tovarlar uchun iste’mol idishi sifatida foydalaniladigan o‘lchamli idishlarga nisbatan ham tatbiq etiladi. O‘ramlardagi qadoqlangan tovarlarning miqdori ustidan davlat metrologiya nazorati tekshiruv xaridi orqali amalga oshirilishi mumkin. 24-modda. O‘lchash vositalarining turlarini tasdiqlash Oldingi tahrirga qarang. O‘lchash vositalarining turlarini tasdiqlash o‘z ichiga davlat sinovlarini o‘tkazish orqali o‘lchash vositalarining metrologik va texnik tavsiflarini aniqlash, o‘lchash vositalarining metrologiya to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiqligini belgilash hamda o‘lchash vositalarining turini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilish bo‘yicha ishlarni oladi. (24-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish yagona nusxalarda ishlab chiqariladigan (yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga import bo‘yicha yagona nusxalarda olib kiriladigan) o‘lchash vositalarining xossalarini tadqiq etish asosida ular qo‘llash uchun yo‘l qo‘yilishini e’tirof etish maqsadida davlat metrologiya xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu Qonunning 20-moddasida ko‘rsatilgan sohalarda foydalaniladigan, ishlab chiqarilishi va import bo‘yicha olib kirilishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalari davlat sinovlaridan va turini tasdiqlashdan yoki metrologik attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak. O‘lchash vositalarining davlat sinovlarini o‘tkazish, turini tasdiqlash va Davlat reyestriga kiritish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi. Tasdiqlangan o‘lchash vositalariga yoki ularning foydalanish hujjatlariga ishlab chiqaruvchi Davlat reyestri belgisini qo‘yishi shart.