Tadqiqotning O‘zbekiston Respublikasi fan va texnologiyalar
taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlariga mosligi. Dissertatsiya fan va
texnologiyalar rivojlanishining quyidagi ustuvor yo‘nalishlariga mos
ravishda bajarilgan: 2.Energetika, energiya va resurs tejamkorligi; 3.Qayta
tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish.
Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha xalqaro ilmiy tadqiqotlar sharhi.
Legirlangan silikat shishaning elektr o‘tkazuvchanligi va u bilan bog‘liq
xossalari (tenzosezgirligi, kimyoviy moddalarga sezgirligi), bu xossalarga
temperaturaning va magnit maydonining ta’siri AQSh, Yaponiya, Germaniya,
Shveysariya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Ukraina, Polsha va boshqa mamlakatlar olimlari tomonidan o‘rganilib, ma’lum yutuqlarga erishildi.
Legirlangan silikat shishadan rezistorlar va rezistiv sxemalarni dunyoning qator kompaniyalari ommaviy tarzda ishlab chiqaradi, bu mahsulotlar uchun pastalarni esa DuPont, Heraeus-Cermalloy Inc, ESL, RCA Corporation, OAJ “NIIEMP” (Penza, Rossiya), MChJ “Elma-Pastы” (Zelenograd, Rossiya) kabi o‘nlab kompaniyalar tayyorlaydi.
“Physical Review B”, “Journal of Applied Physics”, “Thin Solid Films”, “Physica B”, “Physica Status Solidi (b)”, “Journal of Physics D: Applied Physics”, “Advances in Physics Theories and Applications”, “Jurnal texnicheskoy fiziki”, “Pisma v Jurnal texnicheskoy fiziki” va boshqa shu kabi nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chiqqan maqolalar tahlili shuni ko‘rsatdiki, taklif qilingan turli modellar va mexanizmlar legirlangan silikat shishaning tajribada kuzatilayotgan xossalarini, xususan, qarshiligi va termoeyuk koeffitsientining temperatura bo‘ylab o‘zgarishini, shisha tarkibi hamda tayyorlash jarayonining bu xossalarga ta’sirini izchil, qoniqarli darajada tushuntirib bera olmaydi.
Legirlangan shishaning tuzilishi faqat mikromasshtabda (ya’ni xos
o‘lchamlar 1 mkm atrofida) ko‘rilgan va asosiy e’tibor ligatura zarrachalari-
ning qoldiqlariga qaratilgan. Legirlangan silikat shishaning
termoelektrik xossalari deyarli o‘rganilmagan. Bu vaziyatning asosiy sababi
shishaning tarkibi va tuzilishini, undagi elektron jarayonlarni, shu
jumladan, legirlash tufayli kelib chiqadigan jarayonlarni hisobga
olmaslik ekanligi aniqlandi. Tahlil qilingan ilmiy maqolalarda
legirlangan shishaning elektr o‘tkazuvchanligi va termoeyuk hosil bo‘lishi
jarayonini yanada chuqurroq tadqiq qilish va bu xossalarning fizikaviy
mexanizmlarini aniqlashning dolzarbligi va ehtiyoji ta’kidlanadi.
Bundan tashqari, turli tarkibli oksid materiallarning termoelektrik xossalari keyingi yillarda jahon olimlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda, chunki bu materiallar keng tarqalgan, atrof-muhit uchun zararsiz va arzon bo‘lib, qayta tiklanuvchan manbalardan elektr energiyasi olish va energetik chiqindilardan foydalanishda ishlatiladigan termoelektrik o‘zgartgichlar uchun qulay. Bu esa, o‘z navbatida, energetik tanqislikka barham berish va atrof-muhit muhofazasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |